Uloqni uchirgan quyun

0
48
marta koʻrilgan.

Qulquduq ovulida Tulkiboy cholning hangisiga yetadigani yoʻq. Jonivorning jussasi ancha yirik, salkam otday keladi.

Egasi toʻqimga oʻtirishi hamon, koʻzlagan manzili tomon yoʻrgʻalagani-yoʻrgʻalagan. Negadir oʻsha kuni muysafid dashtga tezroq yetib borish niyatida edi. Uni u yoqda suruv ortidan yurgan nabirasi kutayotgandi. Bolaga atalgan yegulik xurjunning ichida. Ayni tush payti. Havo dimiq. Issiq jonni azobga qoʻyadi. Cholning nigohi dalada chopib yurgan uloqchaga qadaldi. Bechora ayni issiq zabtiga olgan mahali biyday dalada nima qilib yuribdi ekan? Hoynahoy, onasini yoʻqotib, adashgan koʻrinadi.

Shu mahal Sharqdan bostirib kelgan quyun aylana hosil qilganicha gʻaramlarni chirpirak qilib uchirdi. Gʻuvullab allaqanday gʻalati ovoz chiqardi. Azbaroyi qoʻrqib ketgan uloqcha maʼraganicha oldinga qarab yugurdi. Xuddi shuni kutib turgandek quyun uloqchani quvib yetdi. Jonivorni aylantirib oʻradi-da, osmonu falakka koʻtardi. Cholning rangi oqarib ketdi. Bolaligida bobosi nuqul quyun ichida qolgan odam devona boʻlib qoladi, degani yodida. Oʻsha kezlarni eslab ancha paytgacha quyun ortidan qarab qoldi. Soʻng “eh, qudratingdan, shunaqasi ham boʻlar ekan-da”, deya oʻziga-oʻzi pichirlab qoʻydi. Uning soʻzlarini uyasidan chiqqan yumronqoziq toʻgʻri, deya tasdiqlagandek bosh irgʻitdi. Tulkiboy chol tabiatning bu ishidan lolu hayron edi. Ayniqsa, uni quyun uchirgan ojizgina uloqchaning taqdiri koʻproq oʻylantirardi. Meni ham ajina chalib ketishiga bir bahya qoldi, deya Yaratganga shukrona keltirib qoʻydi.

 

Ulugʻbek Jumayev

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.