Suv qayerda issiqroq?

0
217
marta koʻrilgan.

Suv qayerda issiqroq boʻladi – daryodami, dengizdami yoki okenlardami? Suv sirtining harorati havzaning geografik joylashuvi, iqlim sharoiti va havo oqimlariga bogʻliq. Okean va dengiz suvlari haroratiga havza osti relyefi va chuchuk suvlarning quyilishi ham taʼsir etadi. Chuqur joylarga nisbatan sohillar va sayoz joylarda suv issiqroq boʻladi.

Okean va dengizlar suvining harorati Shimoliy yarimsharda balandroq. Suv sirtining nisbatan yuqori harorati Meksika koʻrfazi, Florida boʻgʻozi va Qizil dengizning janubiy qismida kuzatiladi. Bu yerlarda suv harorati avgust oyida 32,8 °S gacha koʻtariladi. Bu oyda Qizil dengiz suvining harorati boshqa joylardagiga qaraganda eng koʻp davr mobaynida saqlanib qoladi.

Kaspiy dengizida eng issiq harorat 37,2 °S boʻlsa, Orol dengizida bu koʻrsatkich 32,4 °S ga yetadi. Azov dengizida suv sirti 32 °S, Qora dengiz va Yapon dengizida 31,2 °S, Oxota dengizida 25,9 °S, Bering dengizida esa 22,2 °S gacha isishi mumkin.

Daryolar, ayniqsa kichik daryolar suvining haroratiga ular oqib oʻtadigan joylarning iqlimi katta taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli daryolar suvining harorati okean va dengizlarnikidan yuqoriroq boʻladi. Amudaryo irmoqlarida suv sathi harorati 45,2 °S ga yetishi mumkin. Eng baland harorat bir kundagina kuzatiladi, biroq yuqori harorat uzoq vaqt saqlanib qoladi. Amudaryo havzasida baland harorat ellik-oltmish kungacha oʻzgarmay turishi mumkin.

Suv sirti va ostidagi haroratning har xilligidan foydalanib, suvlardan issiqlik chiqarish va ularni elektr stansiyalarida elektr energiyasiga aylantirish mumkin. Shu xildagi ilk elektr stansiyasi Afrikada, Kot d’Ivuarning Abidjan shahrida qurilgan. U oʻn toʻrt ming kilovatt quvvat bilan ishlaydi. Stansiya sovuq suvni besh yuz metr chuqurlikdan oladi. Bu yerda sirtqi va ostki suv haroratining farqi 10-15 daraja atrofida.

Ochiq suv havzalarida harorat uncha baland emas, ularda suv pastroq haroratda ham bugʻlanaveradi. Bunday tez qaynaydigan suvni maxsus katta qozonlarda siqib, bugʻlantirish mumkin. Birinchi jahon urushi paytida Shveysariyaga koʻmir olib kelinishi toʻxtatiladi. Shunda mana shu usulda bugʻ hosil qilinib, shahar isitish tizimi ishga tushiriladi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 7-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.