Ruminiya Respublikasi

0
197
marta koʻrilgan.

Maydoni: 238 391 kv.km.

Aholisi: 22 milyonga yaqin. Aholi soni boʻyicha dunyoda 56-oʻrinda turadi.

Poytaxti: Buxarest shahri.

Tuzumi: parlamentar respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 41 ta judes va Buxarest munitsipiyiga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Buxarest, Yassi, Timishoara, Konstansa, Galas.

Pul birligi: ley.

 

Jugʻrofiy oʻrni.Janubi-sharqiy Ovrupada joylashgan. Sharqda Prut daryosi boʻylab Moldaviya bilan, shimolda Dunay daryosi boʻylab Ukraina bilan, gʻarbda Vengriya va Serbiya, janubda esa Bolgariya bilan chegaradosh. Janubi-sharqiy sohillarini Qora dengiz suvlari yuvib turadi.

Iqlimi moʻtadil. Bulutli qish koʻpincha qor va tuman bilan oʻtadi. Yoz esa jala va momaqaldiroqlarga boy kechadi. Qora dengiz sohillarida qish moʻtadil va namchil, yoz uzoq va issiq boʻladi. Buxarestda yozgi yuqori harorat +28 °C ni, qishki eng past harorat esa – 16°Cni tashkil etadi. Yiliga oʻrtacha 750 mm. yogʻin yogʻadi, uning asosiy qismi yozga toʻgʻri keladi.

Mamlakat hududining koʻp qismini togʻlar va tepaliklar egallaydi. Asosiy togʻ tizmasi – Karpat mamlakat hududida katta yoy shaklini hosil qiladi. Eng baland nuqtasi Moldavanu togʻida – 2544 metr. Eng katta daryosi – Dunay. Uning asosiy irmoqlari: Prut, Siret, Olt, Yalomisa.

Mamlakat hududining oʻn uch foizi oʻrmonlardan iborat. Ruminiya oʻrmonlarning tabiiy holatiga zarar yetkazmaslik boʻyicha Ovrupada yetakchilardan. Hayvonot dunyosi xilma-xil. Oʻrmonlarda boʻri, tulki, qoplon, boʻrsiq, quyon, olmaxon; qushlardan boyoʻgʻli, qizilishton, kakku va boshqalar yashaydi. Togʻ echkisi, ayiq, bugʻu; dashtlarda sugʻur, yumronqoziq, dala sichqoni uchraydi. Oʻlkada 33792 turdagi jonivor roʻyxatga olingan.

Foydali qazilmalari asosan neft va koʻpmetalli rudalar.

Tarixi. Mamlakat nomi “Rim”, “Rimga oid” maʼnolaridagi lotincha “romanus” soʻzidan kelib chiqqan.

Olimlar taxminicha, hozirgi Ruminiya hududida 42 ming yil oldin ham odamlar yashagan. Bronza davri – miloddan oldingi 1800–1000 yillarda bu yerga “dak” deb nomlanuvchi frakiya qabilalari kelib oʻrnashgan. Miloddan oldingi VII asrlarda esa Qora dengiz sohillarini yunonlar vatan qilgan. Miloddan oldingi II asr boshlarida Dakiyani rimliklar bosib oldi va rimlashtirish, lotinlashtirish siyosatini yurgizdi. 270-yillarda boʻlgan qoʻzgʻolonlar rimliklarni Dunay ortiga chekinishga majbur etdi. “Xalqlarning buyuk koʻchishi” davrida got, vandal, xun va boshqa qabilalar Dakiyani xarobazorga aylantirdi. VI asrda hozirgi Ruminiya hududiga slavyanlar kelib oʻrnasha boshladi.

Oʻrta asrlarda ruminlarning ajdodlari uchta beklik (knyazlik) – Valaxiya, Moldaviya va Transilvaniya hududlarida yashagan. XI asrdan Transilvaniya Vengriya qirolligi tarkibiga kirgan va XVI asrda ozodlikni qoʻlga kiritib, 1711 yilgacha mustaqillikni saqlab turgan.

1526 yili Moxach shahri yaqinidagi jangda Vengriya qoʻshinlari tor-mor etilgach, Valaxiya, Moldaviya va Transilvaniya Usmonli sultonligi tarkibiga kirdi. Bu uch mamlakat XIX asr oʻrtalarigacha ichki ishlarida mustaqil siyosat yurgizdi. XVIII asr boshlarida Rossiya bilan ittifoq tuzgan Valaxiya va Moldaviya hukumat rahbarlari usmonlilardan ajrab chiqishga harakat qildi, biroq Pyotr I ning Prut yurishi muvaffaqiyatsiz tugadi.

Ruminiya Usmonli sultonligi tarkibidagi vassal davlat sifatida 1859 yili – Moldaviya va Valaxiya bekliklari qoʻshilishidan tashkil topdi. Hozirgi Ruminiyaning yana bir tarixiy hududi – Transilvaniya bu paytda Avstriya-Vengriya qoʻl ostida edi. Rus-turk urushi boshlanishi natijasida 1877 yil 9 mayda Ruminiya mustaqillikni qoʻlga kiritdi. Urushda qatnashib, Dobruja viloyatini ham oʻziniki qilib oldi. 1878–1914 yillari mamlakatda tinchlik-barqarorlik hukm surdi.

Birinchi jahon urushida Ruminiya boshida betaraf boʻlib turdi, 1916 yil 28 avgustda esa Antanta ittifoqi tomonida urushga kirdi. Natijada Transilvaniya va Bessarabiyani oʻz hududiga qoʻshib oldi. Urushdan soʻng mamlakatda parlamentar demokratiya eʼlon qilindi. 1938 yil aprelida parlament tarqatib yuborildi va qirol hokimiyati oʻrnatildi. 1940 yili Molotov-Ribbentrop kelishuviga asosan sovet qoʻshinlari Bessarabiya va Shimoliy Bukavinani zabt etdi. Bu esa Ruminiyaning Olmoniya bilan yaqinlashuviga olib keldi.

Ikkinchi jahon urushida Ruminiya Olmoniya bilan ittifoqdosh boʻldi. Biroq 1944 yil avgustida qirol Mixay I Olmoniyaga qarshi urush eʼlon qildi. Shundan soʻng Buxarestga sovet qoʻshinlari kiritildi va ittifoqchilar oldin Vengriya, soʻng Avstriya hududlarida gitlerchilarga qarshi kurashdi. Urushdan soʻng Ruminiya Sovet Ittifoqi taʼsiriga tushib qoldi, mamlakatda qonunchilik hokimiyatining sovetcha tizimi oʻrnatildi. Lekin mahalliy hokimiyatga saylovlarda demokratik tartib saqlab qolindi.

1947 yili qirol Mixay I taxtdan voz kechdi va Ruminiya Xalq Respublikasi eʼlon qilindi. 1948 yili sotsialistik islohotlar boshlandi, xususiy korxonalar davlat ixtiyoriga oʻtkazilib, qishloq xoʻjaligida jamoa xoʻjaligi tartibi joriy etildi.

1965 yil 21 avgustdan Ruminiya “Sotsialistik Respublika” deb atala boshlandi.

1948–1989 yillari – Ruminiya Kompartiyasi hukmronligi davrida mamlakat Sovet Ittifoqi taʼsirida boʻldi. Ayniqsa, Nikolaye Chaushesku diktatorlik rejimi (1965–1989) davlat rivojiga halokatli taʼsir qildi. 1977–1981 yillarda davlatning tashqi qarzlari 3 milyarddan 10 milyard dollargacha oʻsdi, natijada Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va jahon bankining taʼsiri kuchaydi. Iqtisodiyotdagi qattiqqoʻl siyosat va sobiq Ittifoqdagi qayta qurish oʻlkada norozilik kayfiyatining kuchayishiga olib keldi. Natijada 1989 yili Ruminiya inqilobi yuz berdi va Chaushesku hukumatdan olinib, otildi. Ruminiya Kompartiyasi tugatildi, mamlakat nomi oʻzgartirilib, “Ruminiya” deb atala boshladi. Hukumat Milliy qutqaruv frontiga oʻtdi, vaqtinchalik parlament – Milliy birlik kengashi tuzildi. 1990 yil mayida parlament va prezidentlikka birinchi erkin saylovlar oʻtkazildi.

Ruminiya 1955 yil 14 dekabrdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. 2004 yil 29 martda NATOga qoʻshildi, 2007 yil 1 yanvarda esa Ovrupa Ittifoqiga kirdi. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991 yil 20 dekabrda tan olgan va 1995 yil 6 oktyabrda diplomatiya munosabatlarini oʻrnatgan. Milliy bayrami – 1 dekabr – Ruminiya milliy kuni (1918).

Iqtisodi.Neft zaxirasi, sayyohlik tarmogʻi imkoniyatlari va inflyatsiyaning pasayib borishi iqtisodiyotining ustun jihatlari sanaladi. Eksport hajmi ortayotgani sababli 2000 yildan buyon oʻsish kuzatiladi.

Mamlakat neft qazib olish sanoatining asosiy ulushi “Rompetrol” kompaniyasiga tegishli. Bu korxona aksiyalarining nazorat paketi Qozogʻistonning “KazMunayGaz” davlat neft kompaniyasida. Biroq egallangan neft zaxiralari kamligi uchun qazib olish hajmi yildan yilga ozayib boryapti. 2000 yillarning oʻrtalaridan boshlab Ruminiya isteʼmol qilayotgan neft oʻzi ishlab chiqarayotganidan ikki barobar koʻpni tashkil etyapti. Bu nisbat importga ham, eksportga ham tegishli.

Urugʻchilik va oʻsimliklar yetishtirish qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmoqlari sanaladi. Uzumchilik taraqqiy etgan. Chorvachilikda asosiy eʼtibor qoʻychilik va shoxdor mol boqishga qaratilgan.

Sayyohlik sohasi rivojlanyapti. Mamlakatdagi eng yirik dam olish hududi – Qora dengiz sohillari.

Asosan mashinasozlik va metallurgiya sanoati mahsulotlari eksport qilinadi. Import mahsulotlari ichida mashinasozlik buyumlari, xomashyo, neft va gaz, ip-gazlama yetakchi. Ishchi kuchining 30 foizi qishloq xoʻjaligida, 23 foizi sanoatda, 47 foizi xizmat koʻrsatishda band.

Tashqi savdoda asosan Olmoniya, Italiya va Fransiya bilan sherikchilik qiladi.

Aholisi. Aholi soni boʻyicha Ruminiya Ovrupada sakkizinchi oʻrinni egallaydi. Boshqa Sharqiy Ovrupa mamlakatlari singari bu yerda ham aholi sonining kamayishi kuzatilyapti. Oʻlka nufusining koʻpchilik qismini – 90 foizini ruminlar tashkil etadi. Keyingi oʻrinda venger-mojorlar turadi. Ular asosan Xargita va Kovasna judeslarida yashaydi. Mamlakatda, shuningdek, siganlar, ukrainlar, olmonlar, ruslar, turklar, qirim tatarlari, serblar, slovaklar ham yashaydi.

Davlat tili – rumin tili. U 90 foiz aholining ona tilisi sanaladi. Tarqalish boʻyicha venger tili ikkinchi oʻrinda, u 6,8 foiz aholining ona tilisidir. Ruminlarning koʻpchiligi ingliz, fransuz, ispan va italyan tillarini biladi.

Dini. Ruminiyada rasmiy din yoʻq. Aholining koʻpchilik qismi nasroniylikning pravoslaviye yoʻnalishida.

Hozir mamlakat aholisining 0,3 foizi – 68 ming kishi musulmon. Ular orasida rumin turklari va dunay tatarlari koʻpchilikni tashkil etadi. Islom dini mamlakatda rasman tan olingan. Musulmonlarning katta qismi sunniylik yoʻnalishining hanafiylik mazhabida. Mahalliy musulmonlar asosan Dobruja viloyati va Konstansa shahri yaqinidagi qishloq joylarda, Qora dengiz sohillarida yashaydi. Turli sabablar bilan mamlakatga kelib qolgan musulmon muhojirlar poytaxt Buxarest va boshqa katta shaharlarga oʻrnashgan.

Bu tuproqlarda Islom dini yoyila boshlaganiga yetti asrdan oshdi. Ayrim manbalarga koʻra, Islom dini Ruminiya hududlariga Vizantiya qirolligi davridayoq kirib kelgan. Din yoyilishida Qora dengiz sohillaridagi Shimoliy Dobruja viloyatining oʻrni katta. Ushbu hudud besh asr davomida (taxminan 1420–1827 yillar) Usmonli sultonligi qoʻl ostida boʻldi va1878 yili Ruminiya tarkibiga kirdi.

Kommunistlar hukmronligi davri musulmon ruminlar uchun ogʻir kechdi, biroq ular eʼtiqodlarini saqlab qoldilar. 1989 yili bu tuzum barham topgach, odamlarda erkin eʼtiqod imkoniyati yuzaga keldi. Biroq hukumat vakillari orasida Islomni yoqtirmaydigan, unga qarshilik koʻrsatadiganlar koʻp edi. Shu sababli musulmonlarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish, ularga hartomonlama yordam koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi Ruminiya musulmonlari uyushmasi tashkil etildi.

Hozir Ruminiyada saksonta masjid ishlab turibdi. Konstansa shahri islomiy markaz hisoblanadi. Bu yerda Qirol I masjidi va muftiy boshqarmasi joylashgan. Konstansa yaqinidagi Mangaliya shaharchasida 1525 yili qurilgan tarixiy jome bor. Yuqorida tilgan olingan ikki masjid, shuningdek, Harshova, Amzachea, Babadag va Tulcheadagi jomelar davlat tarixiy yodgorliklari deb tan olingan.

Mamlakatda Ruminiya muftiyati, Ruminiya Islom va madaniyat tashkiloti, Ruminiya musulmonlari uyushmasi kabi islomiy idoralar faoliyat yuritadi.

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.