Oʻsish nimaga bogʻliq?

0
453
marta koʻrilgan.

Koʻpchilik ota-onalar farzandi oʻsmayotanidan xavotirga tushadi. Lekin koʻp holatlarda bu oʻrinsiz boʻlib chiqadi. Chunki ozgina vaqt oʻtishi bilan bola tezlik bilan oʻsib ketadi.

Oʻsish jarayoni maʼlum qonun-qoidalarga asoslanadi. Eng tez boʻy choʻzilishi hayotning birinchi yilida kuzatiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqning boʻyi oʻrtacha 48 – 50 sm ni tashkil etadi. Bir yil davomida u 25 sm ga oʻsadi. Demak, 75 sm ga yaqin boʻyga ega boʻladi. Yildan yilga uning oʻsishi pasayib boradi. Bola ikkinchi yili 8 – 12 sm ga, uchinchi yili 10 sm ga choʻziladi. Keyingi yillarda oʻsish 4 sm ga tushib qoladi.

Sogʻlom bolalar oʻsish davrida “sakrash” bosqichini bosib oʻtadi. Bu tabiiy holat boʻlib, birinchi sakrash 4-5 yoshlarda kuzatiladi. Ikkinchi sakrash esa balogʻat davriga toʻgʻri keladi. Bu davrda bolalar juda tez, xuddi ikki yoshliklaridagidek yiliga 8 – 10 sm ga oʻsadi. Qizlarda bu 1 – 2 yil oldin sodir boʻladi, lekin oʻgʻil bolalar boʻy borasida keyinchalik qizlarni orqada qoldirib ketadi.

Sakrash paytida bolalar oʻzini yomon his qila boshlaydi. Chunki muskullar, ichki organlar bolaning boʻyiga yarasha ishlay olmaydi. Buning natijasida bolada diskomfort – lanjlik yuzaga keladi. Bu davrda ota-onalardan alohida eʼtibor talab qilinadi. Bolada jiddiy holatlar yuzaga kelganda albatta mutaxassisga koʻrsatish zarur. Boʻlsa boʻlar, boʻlmasa gʻovlab ketar qabilida ish tutish yaramaydi. Vrach ham kelajak avlod masalasini hal qilayotganini anglay bilishi kerak. Notoʻgʻri tashxis yoki maslahat butun bir insonning fojiasiga olib kelishi mumkin.

Bola boʻy borasida kimga tortayotganini qanday aniqlash mumkin? Buning hech bir qiyin joyi yoʻq. Bola birinchi oʻrinda ota-onasiga mos boʻyga ega boʻladi. Odatda, bolalar dadasiga, qizlar onasiga oʻxshaydi. Agar ota-ona novcha boʻlsa bola ham baland boʻyli boʻladi, aks holatda buning teskarisini kuzatish mumkin.

Bola katta boʻlganda qancha boʻyga ega boʻlishi mumkinligini aniqlash formulasi mavjud. Buning uchun ota-onaning boʻy oʻlchamlari qoʻshiladi va ikkiga boʻlinadi. Chiqqan natijaga oʻgʻil bolaning boʻyi va 6,5 qoʻshiladi. Qizlarda esa 6,5 ayriladi. Oxirgi yigʻindi bolaning boʻyini koʻrsatadi. Lekin bu hamma holatlarda ham toʻgʻri chiqavermaydi. Masalan, ogʻir mehnat bolaning oʻsishini sekinlashtirishi mumkin. Lekin mehnat bilan shugʻullanmaslik aqliy va jismoniy rivojlanishga qusur yetkazadi.

Yana bir masala. Oʻn-oʻn besh yilcha oldin ayrim “madaniyatli” olimlar beshik bolaning sogʻligiga zarar ekani toʻgʻrisida “tarbiyaviy soat” oʻtkazgandi. Goʻyo oʻzbeklar asrlardan buyon foydalanib kelgan beshik koni zarar emish. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: axir, oʻzbek xalqining dunyo tan olgan daho farzandlari ham bir paytlar beshikka belangandir?.. Nega bu “dono gap”ni aksioma sifatida qabul qilish kerak? Soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, bola yoshligida yotqizib qoʻyilsa oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki, oʻsish gormonlari uyqu paytida ajralsa bola yaxshi rivojlanadi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.