Oʻlik dengiz oʻlikmi?

0
315
marta koʻrilgan.

Oʻlik dengiz Falastin, Iordaniya va Isroil oʻrtasida joylashgan turgʻun shoʻr koʻldir. Uni arablar “Al-Bahr Al-Mayyit” – oʻlik dengiz, “Bahru Lut” – Lut dengizi, yahudiylar “Yam ha Melah” – tuz dengizi, “Yam ha Mavet” – oʻlik dengiz deb ataydi. Shuningdek, bu koʻlning “Asfalt dengizi”, “Saddum dengizi” kabi nomlari ham bor. Garchi dengiz deb atalsa-da, Oʻlik dengiz aslida koʻl, “dengiz” deb atash ham xato emas. Uning suv yuzasi, 2012 yil dekabr holatiga koʻra, dengiz sathidan 427 metr pastda. Suv sathi yiliga bir metrdan pasayib boryapti. Dengiz sohili Yerning quruqlik qismidagi eng quyi hudud hisoblanadi. Oʻlik dengiz sayyoramizdagi eng shoʻr suv havzalaridan biri. Tuzlilik darajasi 340-350 promillega yetadi. Solishtirish uchun maʼlumot: Oʻrtayer dengizida bu koʻrsatkich 40 promille. Dengizning uzunligi 67 km, kengligi eng yoyiq joyida 17 km. Eng chuqur yeri 377 metr. Maydoni 1050 kvadrat kilometr atrofida. Oʻlik dengiz shoʻr koʻllar ichida eng chuquridir. Koʻl dengizga chiqish yoʻliga ega emas.

“Oʻlik dengiz” nomi ilk bor II asrda yashab oʻtgan qadimgi yunon olimi va geografi Pavsaniy asarlarida uchraydi. U ushbu koʻl suvlarini birinchilardan boʻlib tadqiq qilgan. Bu dengiz toʻgʻrisida miloddan oldingi I asr tarixchisi va geografi Strabon ham “Geografiya” nomli asarida soʻz yuritgan va uni “Sirbonid koʻli” deb atagan.

Qurʼoni karimda Lut qavmi qissasi bor. Bu qavm haqida boshqa ilohiy kitoblarda ham soʻz boradi. Rivoyatlarda kelishicha, qavmning umumiy soni toʻrt yuz ming kishi boʻlgan va ular beshta shaharda yashagan. Oʻlik dengiz atrofida olib borilgan qazishma ishlari qadimgi Sodom va Gomorra shaharlari koʻlning janubiy sohilida Siddim vodiysida joylashganini koʻrsatdi. Biroq hozir bu hududlarga kelgan kishi faqat aftoda va gʻarib holdagi qum-tuproq uyumlarinigina koʻradi, xolos. Yoʻqolgan shaharlarni haligacha hech kim topolmagan. Mutaxassislar fikricha, bir zamonlar gullab-yashnagan bu shaharlar kuchli zilzila-ofatlardan soʻng suv ostida qolib ketgan. Chunki bu yerda buzuqlik va axloqiy tanazzul avjiga chiqqan, erkaklar bilan erkaklar jinsiy yaqinlik qilar, majlislarida yalangʻoch yurish targʻib etilar, fahsh ishlari ochiq-oshkora edi. Bundan tashqari, ular Arabiston, Misr va Yaqin Sharqqa boradigan savdo yoʻllari chorrahasida joylashganlari sababli karvonlarga hujum uyushtirar, talon-taroj qilar, yoʻlovchi va savdogarlarni oʻldirar edilar. Lutning (alayhissalom) qavmni toʻgʻri yoʻlga boshlash borasidagi barcha urinishlari besamar ketadi va Alloh taolo qavmga ofat joʻnatadi.

Olmon arxeologi Verner Keller bu yerda juda qattiq zilzila boʻlgani, tabiiy gazlar portlab, chaqmoq tushgani, tevarak-atrof yongʻin ichida qolgani va Siddim vodiysini shaharlari bilan birga yer yutganini taʼkidlaydi. Ilmiy farazlarga koʻra, bu voqealar bundan toʻrt ming yil ilgari, miloddan oldingi 2000 yil boshlarida yuz bergan.

Vayron boʻlgan shaharlar haqida koʻlning sharqiy qismidagi suvosti manzaralari ham darak berib turganga oʻxshaydi. Bu yerda dengiz havzasi ichiga kirib borgan quruqlik bor. Arablar uni “Al-Lison” deb ataydilar. Uning oʻng tarafida suvning chuqurligi 400 metr atrofida boʻlgani holda, chap tomonda bor-yoʻgʻi 15-20 metr atrofida. Koʻlning quyi oqimi boʻylab qayiqda kezilsa, quyosh nurlari mos tushgan paytlari suv ostidagi oʻrmonzorni koʻrish mumkin. Bu daraxatlarni suvdagi intensiv tuzlar qotirib qoʻygan. Taxminlarga koʻra, bu daraxtzor juda qadimiy. Bir zamonlar yam-yashil yaproq chiqarib, gul ochgan bu ogʻochlar ostida balki Lut (alayhissalom) suruvlarini oʻtlatib yurgandir. Har holda, bu manzara oʻta shiddatli tabiiy ofatdan darak beradi.

Oʻlik dengizning ismi jismiga monand. Suv haddan ortiq shoʻr boʻlgani sababli bu yerda hech qanday baliq yoki tirik mavjudot yashamaydi. Iordan daryosi quyilish joyidagina ayrim bakteriyalar borligi aniqlangan, xolos. XX asr soʻngi va XXI asr boshlarida dengizdan yetmishga yaqin oomitset (zamburugʻsimon mitti mavjudotlar) va katta qalpoqli qoʻziqorinlar topilgan. Ular yuqori darajali shoʻrlanishga chidash bera oladi.

Oʻlik dengizga bir necha qurib qoladigan daryochalar va Iordan daryosi quyiladi. Soʻnggi qirq yil mobaynida tushadigan suv oqimi yiliga 1,43 milliard kubometrdan 100 million kubometrga kamaydi.

Oʻlik dengizdagi tuzning minerallar tarkibi boshqa dengizlarnikidan farqli. Tuzda sulfatlar kam, bromid koʻp. Bu esa dengiz suvini shifobaxsh qilgan. Shu sababli dengiz sohilidagi dam olish va davolanish maskanlariga Yer sharining turli burchaklaridan har yili millionlab sayyohlar, davo istagan bemorlar keladi. Kurortlar asosan teri, mushak, nafas yoʻli, asab, jinsiy va nasliy kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan.

Oʻlik dengiz shifobaxsh shoʻr suvidan tashqari sulfidli balchiqlari bilan ham mashhur. Minerallarga boy, brom, yod va garmonsimon moddalarga toʻyingan ushbu balchiq-loy koʻl tubidan qazib olinadi. Atmosferada changlar va allergenlar (allergiya kasalligining sababchisi boʻlgan, tana uchun yot modda) yoʻq. Sohil juda quyida joylashgani va Yer yuzidagi eng qalin ozon qatlami shu yerda boʻlgani tufayli quyoshdan ultrabinafsha nurlari kam tushadi. Oftobda bemalol toblanishingiz mumkin, bu tanaga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, balki foyda beradi. Atmosfera bosimining juda yuqoriligi ham mintaqaning ijobiy xususiyatlaridan. Oʻlik dengiz atmosferasida kislorod miqdori boshqa dengizlardagidan oʻn foiz koʻp.

Suv tuzga yuqori darajada toʻyingani sababli unda bemalol chalqancha yotib gazeta oʻqish mumkin, choʻkib ketmaysiz. Koʻldagi tuz zaxirasi 43 milliard tonna atrofida. Oʻlik dengizning hayratlanarli jihatlaridan yana biri, bu yerda tabiiy asfalt yuzaga keladi. Bunga sabab boʻluvchi bitum moddasidan misrliklar qadimda moʻmiyolash ishlarida foydalanganlar.

Soʻnggi yuz yil davomida Oʻlik dengizdagi tabiiy resurslar juda katta hajmda oʻzlashtirildi. Bu jarayon borgan sari jadallashyapti. Minerallarni qayta ishlash sanoati rivojlangani va dengizga quyiladigan suvlarning sakson foizidan foydalanish sababli koʻldagi suv sathi keskin – 25 metrga pasayib ketdi. Bu esa yerosti boʻshliqlarining yuzaga kelishi va yer choʻkishiga olib keldi. Iordaniya va Isroil hududida 1200 ta yer oʻpirilishi holati qayd etilgan. Jarliklarning chuqurligi baʼzida 25 metrga yetadi. Ayniqsa, yoʻllar va turar joylar yaqinida hosil boʻladigan oʻpirilishlar katta xavf tugʻdiradi.

Soʻnggi yillarda ekologik holat dengiz atrofidagi davlatlar sayyohlik sanoatiga salbiy taʼsir koʻrsata boshladi. Shu sababli tabiiy muhitni tiklashga qaratilgan bir qancha loyihalar taklif qilindi. Hozir Iordaniya va Isroil Qizil dengiz suvini Oʻlik dengizga quyish boʻyicha qoʻshma loyiha ishlab chiqyapti.

Odamning tabiatga ochkoʻzlarcha va masʼuliyatsiz munosabati juda ogʻir natijalarga olib kelishi mumkin. Buni Oʻlik dengiz misolida ham koʻrsa boʻladi. Agar vaqtida kerakli choralar  koʻrilmasa, bebaho va noyob neʼmatlari bilan millionlab odamlarning dardiga malham ulashayotgan ushbu koʻl ham oxir-oqibat oʻz nomiga uyqash shaklda tamoman oʻlik boʻlib qolishi hech gap emas.

 

Orif TOLIB tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 5-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.