Nega qorongʻuda rang ajrata olmaymiz?

0
227
marta koʻrilgan.

Birdan chiroq oʻchib qoldi, deylik. Darrov sham qidira boshlaysiz. Lekin topib boʻlmaydi. Asabingiz buziladi. Axiyri fonar yoki telefonni ishlatasiz. Gʻira-shira yorugʻda shamni izlab topasiz. Nega qorongʻuda topolmadingiz? “Qorongʻuda koʻz koʻradimi, kallavaram?” deb savol berishingiz mumkin, savolingiz oʻrinli. Lekin koʻra olmasligimizning sababi nimada? Bugun shu haqda ozgina bosh qotiramiz.

Quyosh yoki boshqa issiqlik manbaidan tarqaladigan yorugʻlik oq deb hisoblanadi. Lekin aslida, Nyuton isbot qilib berganiday, bunday oq rang mavjud emas. Oq – turli ranglarning yigʻindisi.

Yorugʻlik nuri oyna prizmasiga yoki sinigʻiga tushirilganda xuddi kamalakka oʻxshash ranglar jilosi – qizil, sariq, yashil, moviy va binafsha rang hosil boʻladi. Bu narsa spektr deb ataladi.

Yuqorida sanalgan ranglarning hammasi quyosh nurida mavjud. Lekin ular oyna prizmasiga tushmaguncha koʻrinmaydi. Rang hosil qilinganda esa qizil rang kamroq, binafsha rang koʻproq paydo boʻladi. Ranglarning bu shaklda ajralishi fanda dispersiya deyiladi. Disperisiyasiz nur xuddi oqqa oʻxshab koʻrinaveradi.

Rang nur toʻlqinining uzunligini bildiradi. Eng qisqa toʻlqin binafsha rangda, eng uzun toʻlqin esa qizil rangda hosil boʻladi.

Koʻpchilik ranglar rang toʻlqinining koʻrish organlarimizga koʻrsatgan taʼsiri natijasi emas, balki bir necha toʻlqinlarning yigʻindisidir. Lampa nuri qaysidir buyumga tushganda nurning maʼlum bir qismi qaytadi, yaʼni akslanadi, qolgan qismi esa singib ketadi.

Aslida, koʻzimizga bordek koʻrinadigan ranglar mavjud emas. Biz ranglarni nur vositasidagina ajratamiz. Shu sababli ham rang – yorugʻlik nurining bir qismi, xolos.

Demak, qorongʻuda koʻrmasligimiz, rang ajrata olmasligimizning sababi nurning yoʻqligi. Bu hamma biladigan gap, yangilik emas. Xulosamiz boshqa. Buyumga yorugʻlik tushganda unda nurni “yutish” va qaytarish hodisasi hosil boʻladi. Oʻsha qaytgan nur buyumning rangini ifodalaydi. Bugungi bosh qotirishimizdan yuzaga kelgan yangilik shu.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2008

 


“Sogʻlom avlod” gazetasining 2013 yil 4-sonida bosilgan.


MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.