Musulmoncha parhez

0
276
marta koʻrilgan.

Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: «Odam yashashi uchun juda oz narsa kifoya qiladi. Oshqozoningizning bir qismini ovqat, bir qismini suv va qolganini havo bilan toʻldiring». Bardam, yaxshi kayfiyatda yurishni istagan inson bu eslatmani yodda saqlashi va amal qilishi zarur. Hozir juda koʻp nashrlarda parhez qoidalari beriladi. Biroq ularning koʻpi shaxsiy xulosalar, tajribalar natijasida yuzaga kelgan.

Olimlar tajribalar oʻtkazib, agar oshqozon toʻla boʻlmasa, odam chuqur, bemalol nafas olishi mumkinligini aniqladi. Qisqa, meʼyorida olinmagan nafas sogʻliqqa salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Butun tanadagi qon karbonat angidrid gazidan tozalanish uchun oʻpkaga keladi. Agar yetarlicha chuqur nafas olinmasa, oʻpkaga zarur miqdordagi kislorod yetib bormaydi. Natijada jarayon oʻzidan-oʻzi sekinlashadi, qon kislorod bilan yaxshi toʻyinmaydi. Bu oxir-oqibat salomatlikka jiddiy zarar yetkazadi.

Bir daqiqada oʻrtacha 16 marta nafas olib-chiqaramiz. Har nafas olganimizda tanaga yarim litr havo kiradi. Shunga asoslansak, bir sutka davomida odam 23 240 marta tin olib-chiqarib, 11 620 litr havo yutadi.

Chuqur nafas olingandagina tanaga yetarli havo kirib boradi. Agar oshqozon haddan ziyod toʻla boʻlsa, chuqur tin olishning iloji boʻlmaydi. Oqibatda kislorod yetishmasligi yuzaga kelib, modda almashinuvi va qon tozalanishi buziladi. Bu esa kishida ogʻir kayfiyat uygʻotadi, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Har narsada, jumladan, ovqatlanishda ham meʼyorni bilish kerak. Oldingizda moʻl-koʻl dasturxon turgan yoki ziyofatda oʻtirgan boʻlsangiz ham, meʼyoridan ortiq yeb-ichmang. Ochqamay ovqatlanmang. Chunki toʻyganini bilmaydigan nafs kishini toʻgʻri yoʻldan oziqtirib, turli azoblarga yoʻliqtiradi.

Nafsni tiyish degani och-nahor yurib, oshqozonga dard orttirish yoki jonni qiynash degani emas. Faqat meʼyorni, chegarani bilish zarur. «Agar dasturxondan turganingda ochlik hissidan tamoman qutulgan boʻlsang, oʻzingni zaharlabsan», deydi donolar.

Oʻzini hurmat qilgan odam sogʻligiga, hayotiga befarq boʻlmaydi. Siz ham yeyish-ichishingiz haqida jiddiy oʻylab koʻring. Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tavsiya qilgan parhez foyda berishi shubhasiz. Avvalo, qorindorlikdan, turfa xastaliklardan, behuzur kayfiyatlardan saqlanasiz.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Ovoza” gazetasining 2011 yil 9 iyul (№27) sonida chop etilgan. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.