“Katarakta”ga sabab boʻladigan ish

3
2193
marta koʻrilgan.

Katarakta va boshqa koʻz kasalliklari haqida mushtariylardan kelgan savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi direktorining Davolash ishlari boʻyicha muovini tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Vahid ROZUKULOV javob berdi.

 

Inobat ESHAMETOVA,

Xorazm viloyati:

Koʻzim ogʻrimaydi, ammo tinmay yosh oqadi. Shifokorga uchradim. Shamollash ekan. Tavsiya qilgan darmondorilarni oldim. Biroq bu holat baribir davom etyapti. Nima maslahat berasiz?

 

– Koʻz yoshi oqishi koʻpincha, koʻzning yosh kanali bekilganda yoki torayganda va koʻzning “quruq” sindromi holatlarida uchraydi. Sizga koʻz yosh kanallarini tekshirtirishni tavsiya qilardim. Agar ular oʻtkazuvchan boʻlsa, unda “namlanturuvchi” tomchilar tavsiya etaman.

 

Gulasal MAMAJONOVA,

Qoʻqon shahri:

Oʻgʻlim 19 yoshda. Bir koʻzining qorachigʻi bolaligida qiyshaygan. Shu sabab boʻlib, shu koʻzining koʻrish qobiliyati pasaygan ekan. Shifokorga uchrashganimizda jarrohlik ham koʻrish qobiliyatini tiklab berolmasligini aytdi. Bu qanchalik toʻgʻri? Bir koʻziga gavhar qoʻysa boʻladimi?

 

– Koʻzning tugʻma nuqsonlarini davolashni qancha erta boshlasa, aksariyat holatlarda shuncha yaxshiroq natijaga erishsa boʻladi. Farzandingizda katarakta bor boʻlsa, sunʼiy gavhar qoʻysa boʻladi, lekin 19 yoshda koʻrish qobiliyatining tiklanishiga kafolat yoʻq.

 

Goʻzal ALIJONOVA,

Beruniy tumani:

Koʻzoynak koʻzning koʻrish qobiliyatini pasaytirmaydi, degan gapda qanchalik haqiqat bor?

 

– Agar koʻzoynak toʻgʻri tanlangan boʻlsa, koʻrish qobiliyatini pasaytirmaydi.

 

Nodir ASADOV,

Fargʻona viloyati:

Koʻzimda katarakta bor ekan. Katarakta faqat jarrohlik orqali davolanadimi? Buning boshqa arzonroq yoʻli yoʻqmi?

 

– Hozirgi kunda kataraktaning “pishishini” sekinlashtiradigan koʻz tomchilar mavjud. Bu tomchilarni kataraktaning boshlangʻich bosqichida tavsiya qilsa boʻladi. Lekin kataraktani davolash faqat jarrohlik yoʻli bilan amalga oshiriladi.

 

Nusrat HOTAMOV,

Toshkent shahri:

Ishim bevosita internet, kompyuter bilan bogʻliq. Shu sabab kuniga 18 soat kompyuterda ishlayman. Bu kataraktaga olib kelishi mumkinmi?

 

– Kompyuterda ishlash jarayoni koʻz uchun judayam katta yuklanish hisoblanadi. Shu bois koʻz uchun maxsus gimnastik komplekslar ishlab chiqilgan va kompyuterda ishlash rejimi tavsiya qilinadi. Kuniga 18 soat tanaffussiz kompyuterda ishlasangiz, koʻzda turli kasalliklar paydo boʻlishi mumkin, shu jumladan, katarakta ham.

 

Jasur AVAZOV,

Toshkent shahri:

Koʻz qizarishi yoki sargʻayishi nimadan boʻladi? Bu kelajakda koʻrish qobiliyatini tushirib yubormaydimi?

 

– Koʻzning qizarishiga turlicha koʻz kasalliklari sabab boʻlishi mumkin. Jumladan, konʼyunktivit, blefarit, keratit, pterigium, uveit, glaukoma va boshqalar. Koʻz qizarishini aniqlash uchun koʻz shifokoriga murojaat qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Sargʻayishga esa jigar, oʻt pufagi va safro (jelch) yoʻllari kasalliklari sabab boʻlishi mumkin. Agar vaqtida koʻz shifokoriga va terapevtga murojaat qilsangiz, koʻrish qobiliyatingiz saqlanadi.

 

Gʻulomjon ABDULLAYEV,

Xatirchi tumani:

Agar ayol kishining koʻrish qobiliyati sust boʻlsa-yu, u linza taqsa, buning ustiga homilador boʻlsa, bu tugʻilajak farzandning koʻrish qobiliyatiga qanchalik taʼsir oʻtkazadi?

 

– Ayolingiz koʻzlarida miopiya kasalligi mavjud boʻlsa (uzoqni yomon koʻrish), tugʻilajak farzandingizga nasldan oʻtishi ehtimoli bor.

 

Alisher USMONOV,

Toshkent viloyati:

Onam 67 yoshda. Shifokor katarakta tashxisini qoʻydi. Agar onamda jarrohlik oʻtkazilsa, buning hech qanday salbiy oqibatlari qolmaydimi?

 

– Hozirgi kunda kataraktani olish “Oltin standarti” – fakoemulsifikatsiya uslubida jarrohlik qilinsa, deyarli hech qanday salbiy oqibatlari qolmaydi.

 

Nigora IMOMBOYEVA,

Bulungʻur tumani:

Jiyanim ikki yoshda. Shifokorlar tugʻma katarakta tashxisini qoʻygan. Buni davolab boʻlar ekan. Necha yoshdan keyin yoki necha yoshgacha operatsiya qilinishi mumkin?

 

– Ikki yoshga toʻlgan boʻlsa, tugʻma kataraktaning emulsifikatsiyasi sunʼiy gavhar implantatsiyasi bilan maqsadga muvofiq boʻladi. Bizning markazimizda yuqorida aytib oʻtilgan operatsiyalar amalga oshiriladi.

 

Salimjon ShOKIRJONOV,

Buxoro shahri:

Afakiya tugʻma boʻlsa davolab boʻlmaydi deyishadi. Bunga sizning fikringiz qanday? Siz faoliyat yuritayotgan markazda afakiya davolanadimi?

 

– Agar afakiya tugʻma boʻlsayu bemor bolaligidan maxsus koʻzoynak taqib yurgan va koʻrish oʻtkirligi saqlangan boʻlsa (minimal koʻzoynakda 20-30 foiz koʻrish oʻtkirligi boʻlishi lozim), u holda maxsus sunʼiy gavhar implantatsiyasi maqsadga muvofiq boʻladi. Bizning markazimizda shunaqa operatsiyalar amalga oshiriladi, aksariyat holatlarda ijobiy natijaga erishganmiz.

 

Gulzira SAMANDAROVA,

Qashqadaryo viloyati:

Buvim 70 yoshda. Koʻzi yaxshi koʻrmaydi. Shifokor katarakta bor degan. Bir gazetada xalq tabobatida kataraktani smola (daraxt yelimi) bilan davolash haqida yozilganini oʻqiganidan keyin shifokorga borishdan bosh tortyapti. Uyda qaragʻay yelimi bilan davolanishni maʼqul koʻryapti. Biroq bu yelim nima ekanini biz ham bilmaymiz. Kataraktani xalq tabobatida davolasa boʻladimi? Iltimos, buvimga bu borada maslahat bersangiz.

 

– Afsus, xalq tabobati bilan kataraktani davolab boʻlmaydi, faqat “pishish” vaqti choʻzilishi ehtimoli bor. Vaqt oʻtgan sari operatsiya qilish kechikishi salbiy oqibatlarga sabab boʻladi. Kataraktani olish “Oltin standarti” – fakoemulsifikatsiya usulida jarrohlik 15-20 daqiqada amalga oshiriladi va deyarli salbiy oqibatlar boʻlmaydi.

 

Sharof ASATULLAYEV,

Toshkent viloyati:

Koʻpchilik koʻzoynak taqishdan uyalib, linza taqishni maʼqul koʻradi. Eshitishimcha, linzaning maʼlum miqdorda zarari bor ekan. Shu toʻgʻrimi?

 

– Kontakt linzalar koʻrsatmalar boʻyicha toʻgʻri tanlangan boʻlsa, zarari yoʻq.

 

Gulchehra ORIPOVA,

Toshkent shahri:

Koʻzimda miopiya bor: – 3,5. Ayting-chi, koʻrish qobiliyatimni operatsiya bilan tiklash mumkinmi? Eshitishimcha, operatsiyadan keyin koʻrish qobiliyati yana pasayishi mumkin ekan. Shu toʻgʻrimi?

 

– Sizda oʻrta darajali miopiya. Koʻz tubida oʻzgarish boʻlmasa va korreksiya bilan koʻrish oʻtkirligi baland boʻlsa, jarrohlik yoʻli bilan tiklasa boʻladi. Jarrohlikdan keyingi davrda shifokorlarning tavsiyalariga rioya qilsangiz, koʻrish qobiliyati pasaymaydi. Lekin ayrim paytlarda pasayishi ehtimoli bor. Eksimer-lazer uskunasida jarrohlik oʻtkazish uchun 18 yoshdan 35 yoshgacha eng qulay yosh, deb belgilangan.

Yurtdoshlarimizga shifokor-oftalmolog sifatida ayrim tavsiya va maslahatlarni berib oʻtish maqsadga muvofiq deb oʻylayman.

Zararli odatlardan xalos boʻlish kerak. Xafaqonlik kasalligi (gipertoniya) mavjud boʻlganlarda nikotin qon bosimini koʻtarib, glaukoma kasalligini chaqirish xavfi tugʻiladi.

Koʻzni ultrabinafsha nurlaridan qora koʻzoynak bilan himoyalang.

Kompyuterda ishlaganda koʻzni himoya qilish qoidalariga rioya qiling.

Koʻz uchun mashqlarni bajaring. Hozirgi kunda koʻzning ichki va tashqi mushaklarini mashq qildiradigan zamonaviy kompyuter dasturlari mavjud.

Toʻgʻri ovqatlaning. Koʻz uchun kerakli mineral va vitaminlarga boy oziq-ovqatlardan isteʼmol qiling.

Uyqudan oldin koʻz atrofidagi kosmetikani yuvib tashlang. Koʻz qovoqlarini giyohlar damlamasi bilan yuving. Koʻz uchun maxsus mashqlarni bajaring va teringizga toʻgʻri keladigan kremni koʻz artofiga surting.

Uy vazifasini bajarish jarayonida farzandingiz har 30 daqiqada 5 daqiqalik dam olishi shart. U koʻzini yumib oʻtirishi yoki yugurib, sakrab oʻynashi mumkin.

Yuqori sifatli oynali linzalarni va quyoshdan saqlaydigan koʻzoynaklarni tanlang.

 

“Oila davrasida” muxbiri

Goʻzal MATYOQUBOVA

yozib oldi.

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

3 Mulohaza

  1. Samarqand shahar .

    Yuldashev Naim
    Mening otam o’tgan yili katarakta kassaligiga chalingandi, jarrohlik yo’libilan olib tashladik. Lekin shu yili by ko’ziyan katarakta bo’ldi. Agara jarrohlik qilsa ko’zi ko’rmay qolishi mumkin ekan shu haqida maslahat bersangiz?

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.