Hindiston Respublikasi

0
4054
marta koʻrilgan.

Maydoni: 3 287 590 kv.km.

Aholisi: 1,2 milliarddan ortiq.

Poytaxti: Niyu Dehli.

Tuzumi: parlamentar respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 28 ta shtat, 6 ta birlashgan hudud va Dehli milliy poytaxt okrugiga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Mumbay, Dehli, Kalkutta, Bangalor, Haydarobod, Chennay, Ahmadobod.

Pul birligi: hind rupiyasi.

Jugʻrofiy oʻrni. Hindiston Janubiy Osiyoda joylashgan. Maydoni kattaligi jihatidan dunyoda yettinchi oʻrinda turadi. Gʻarbda Pokiston, shimoli-sharqda Xitoy, Nepal, Butan, sharqda Bangladesh va Myanma mamlakatlari bilan chegaradosh. Bundan tashqari, dengiz orqali janubi-gʻarbda Maldiv orollari, janubda Shri Lanka va shimoli-sharqda Indoneziya bilan qoʻshni.

Iqlimi. Hindiston iqlimiga mussonni (qishda dengiz tomonga, yozda dengizdan quruqlik tomonga esadigan shamol) keltirib chiqaruvchi Himolay togʻi va Tar choʻli kuchli taʼsir oʻtkazadi. Himolay Markaziy Osiyoning sovuq shamollariga toʻsiq boʻlib turadi. Shu tufayli Hindistonning katta qismida iqlim Yerning boshqa hududlaridagi kengliklarga nisbatan issiq boʻladi. Iqlimi asosan toʻrt xil: tropik, quruq tropik, mussonli subtropik va baland togʻ iqlimi.

Tarixi. Mamlakatning rasmiy nomi sanskritcha sindxu (Hind daryosining tarixiy nomi) soʻziga oʻxshash eski forscha “hindu” soʻzidan kelib chiqqan.

Olimlar taxminicha, Hindistonda 200 ming–500 ming yillar oldin ham odamlar yashagan. Miloddan oldingi 520 yil atroflarida, fors podshohi Doro I hukmronligi vaqtida Ahamoniylar imperiyasi Hindiston yarimorolining shimoli-gʻarbiy qismini (hozirgi sharqiy Afgʻoniston va Pokiston) egalladi. Miloddan oldingi 334 yili Iskandar Maqdunli Kichik Osiyo va Ahamoniylar imperiyasini bosib oldi. Soʻngra Gidaspda boʻlib oʻtgan jangda podsho Por ustidan gʻalaba qozonib, Panjobning katta qismini zabt etdi.

1526 yili temuriylar sulolasidan Zahiriddin Muhammad Bobur Haybar dovoni orqali oʻtib, Boburiylar davlatiga asos soldi. XVIII asr boshlaridan bu davlat zaiflasha boshladi va 1857 yilgi Sipohiylar qoʻzgʻolonidan (Hindiston xalq qoʻzgʻoloni nomi bilan ham mashhur) keyin tugatildi. XVII asr boshlarida Hindistonga Angliya va Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi kirib keldi. 1857 yili bu kompaniya tugatilganidan soʻng, mamlakatni Buyuk Britaniya boshqardi. 1946 yili Javoharlal Neru yetakchiligida muvaqqat hukumat tashkil qilindi. Milliy ozodlik harakatining kuchayishi sababli ingliz mustamlakachilari Hindistondan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1947 yilning 15 avgustida mamlakat hududida ikki mustaqil davlat – Hindiston va Pokiston dominionlari paydo boʻldi. 1950 yil 26 yanvar kuni Hindiston suveren respublika deb eʼlon qilindi.

Britaniya Hindiston hududi mustaqillikka erishganidan soʻng, Hindiston Pokiston dominioni va Hindlar ittifoqiga boʻlindi. Panjob va Bengaliyaning ajralishi oqibatida hindlar, sikxiylar va musulmonlar oʻrtasida qonli jang boshlandi. Natijada besh yuz mingdan koʻproq odam halok boʻldi. Mamlakat boʻlinishi zamonaviy dunyo tarixidagi eng katta aholi koʻchishlaridan biriga olib keldi. Oʻn ikki milyonga yaqin hindlar, sikxiylar va musulmonlar Hindiston va Pokiston maydoni boʻylab sochilib ketdi. Hindiston 1945 yili BMTga aʼzo boʻldi. 1991 yil 26 dekabrda yurtimiz suverenitetini tan oldi va 1992 yil 18 martda diplomatiya munosabatlari oʻrnatdi.

Milliy bayramlari: 26 yanvar – Respublika kuni (1950) va 15 avgust – Mustaqillik kuni (1947).

Iqtisodi. Oxirgi yigirma yil ichida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri Hindistondir. Yalpi ichki mahsulotning oʻrtacha yillik oʻsishi 5,5 foizni tashkil etadi. 516,3 milyon odam bilan ishchi kuchi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda. Ulardan 60 foizi qishloq xoʻjaligida, 28 foizi xizmat koʻrsatish sohasida, 12 foizi sanoatda ishlaydi. Guruch, bugʻdoy, paxta, kanop, shakarqamish va kartoshka muhim qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisoblanadi. Qishloq xoʻjaligi sohasi yalpi ichki mahsulotning 28 foizini, xizmatlar sohasi va sanoat 54,18 foizni tashkil qiladi. Asosiy sanoat tarmogʻi avtomobilsozlik, sement ishlab chiqarish, elektronika, oziq-ovqat mahsulotlari, mashinasozlik, foydali qazilmalar qazib olish, neft, dori-darmon, metall ishlash va toʻqimachilikdan iborat.

Soʻnggi yigirma yil mobaynida Hindiston iqtisodi barqaror oʻsishga erishdi.

2007 yili eksport miqdori 140 milyard, import esa yaqin 224,9 milyard dollarga yetdi.

Hindiston temir yoʻllarida yiliga olti milyardgacha yoʻlovchi va 350 milyon tonna yuk tashiladi. Mamlakatning bosh temir yoʻl operatori 99 foiz tashishni nazorat qiluvchi “Indian Railways” sanaladi.

1950 yili Hindistonda 64 ta fuqaro aeroporti boʻlgan. Hozir aeroportlar soni 454 taga yetdi.

Tili. Hindiston hind tili guruhi va dravid tillari oilasining vatani hisoblanadi. Eng koʻp tarqalgan til – hind tili va u Hindiston hukumatining rasmiy tili sanaladi. Biznes va maʼmuriy ishlarda keng qoʻllanadigan ingliz tili “yordamchi rasmiy til” maqomiga ega. Bu til oʻrta va oliy taʼlimda muhim oʻrin tutadi. Hindiston konstitutsiyasida aholining koʻp qismi gaplashadigan va mukammal xuquqiy maqomga ega boʻlgan 21 ta rasmiy til belgilangan. Mamlakat aholisi umumiy hisobda 1652 ta shevada soʻzlashadi.

Aholisi. Hindiston aholi zichligi boʻyicha dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Oxirgi oʻn yillikda shaharga koʻchib kelish koʻpayib, shaharliklar soni keskin oʻsganiga qaramay, aholining deyarli 70 foizi qishloqlarda yashaydi. Madaniy, nasliy va til xilma-xilligiga koʻra, dunyoda Afrika qitʼasidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi. Aholining 51,5 foizi erkaklardan, 48,5 foizi ayollardan iborat.

Dini. 80 foizdan ortiqroq (900 mln) xalq hinduiylik tarafdori. Musulmonlar 14 foiz, nasroniylar 2,4 foiz, sikxiylar 2 foiz va buddistlar 0,7 foizni tashkil etadi. Musulmonlar soni 165 million. 2001 yili 138 milliondan ortiq musulmon roʻyxatga olingan edi. Bu koʻrsatkich 36 foizga oʻsdi. Islomni qabul qilayotganlar soni tobora ortib boryapti.

Shimoli-gʻarbiy Hindiston fath etilgach, bu yerda Islom dini yoyila boshlagan. IX–XI asrlarda Hind vodiyi (hozirgi Pokiston) aholisi Islomni toʻliq qabul qilgan. Hindiston va Gang vodiyining qirgʻoqboʻyi aholisi Islom bilan arab savdogarlari orqali tanishgan boʻlsa ham, hali uni qabul qilmagan edi. Mahmud Gʻaznaviy Panjobni egallab, butxonalarni tozalamagunicha,

Islom dinining taʼsiri kuchli boʻlmagan. Islom dinining yoyilishi – Boburiylar hukmronligi davrida (1526–1858) yangi bosqichga koʻtarildi. Islom dini Hindiston hayoti va madaniyatiga katta taʼsir koʻrsatgan. Hind meʼmorchiligi, musiqasi, adabiyoti, ijtimoiy tuzumi – barchasi Islom taʼsiri ostida zamonaviy shaklga ega boʻlgan. Buyuk Britaniya Hindistonni bosib olganidan soʻng, Islomning ommalashuviga chek qoʻyildi. Uning taʼsiri zaiflashdi. Shunga qaramay, musulmonlar jamiyati saqlanib qoldi. 1991 va 2001 yillar oraligʻida hinduiylar soni 20,3 foizga, musulmonlar soni esa 29,6 foizga koʻpaydi.

Hindistonda eng katta masjid Dehli jome masjididir.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2013 yil 7-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.