Ekvatorial Gvineya Respublikasi

0
232
marta koʻrilgan.

Maydoni: 28 051 kv.km.

Aholisi: 704 000 dan ortiq.

Poytaxti: Malabo shahri.

Boshqaruv shakli: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 7 ta provinsiyaga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Bata, Mongomo, Ebebiyin, Evinayong.

Pul birligi: CFA franki.

 

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Markaziy Afrikada, Atlantika ummoni sohilida joylashgan. Kamerun va Gabon bilan chegaradosh. Gʻarbiy chegaralarini Gvineya koʻrfazi suvlari yuvib turadi. Qitʼa va orol qismlari bor. Qitʼa qismi – Rio Munining togʻli hududlari dengiz sathidan 600-900 metr balandda, Atlantika ummoni boʻylab choʻzilgan sohil pasttekisliklardan tashkil topgan.

Iqlimi ekvatorial, hamisha namli. Oʻrtacha oylik harorat +24 – +28 °S atrofida. Yogʻin yiliga 2000 mm dan koʻproq tushadi.

Daryo tarmoqlari zich, sersuv. Kemalar daryolarning etaklaridagina qatnaydi.

Oʻrmonlari namchil, ularda yogʻli va kokosli palma, non daraxti, temir daraxti, okume kabi 150 dan ortiq turdagi qimmatbaho daraxtlar oʻsadi.

Hayvonot dunyosi boy va turfa xil – turli maymunlar, fillar, qoplonlar, kiyiklar, gʻizollar va boshqa hayvonlar yashaydi.

Tarixiy sanalari. 1592 yildan boshlab XX asrning ikkinchi yarmiga qadar oʻlka Portugaliya, Gollandiya, Angliya, Ispaniya kabi yirik davlatlarning mustamlaka hududi boʻldi.

Ekvatorial Gvineya aholisi koʻp yillar mobaynida oʻz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashib keldi. Ayniqsa, bu kurash XX asrning 30-yillari oxiridan jiddiy tus oldi. 1960 yili Ispaniya hukumati oʻlkaning mustamlaka maqomini bekor qilishga majbur boʻldi va u Ispaniyaning “dengizorti” provinsiyasiga aylantirilganini eʼlon qildi. 1964 yili unga “ichki muxtoriyat” maqomini berdi. Milliy ozodlik harakatining avj olishi natijasida 1968 yil 12 oktyabrda mamlakat Ekvatorial Gvineya nomi bilan mustaqillikka erishdi.

Ekvatorial Gvineya 1968 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Oʻzbekiston mustaqilligini 1992 yil 17 yanvarda tan olgan va 1993 yil 24 iyunda elchilik aloqalarini oʻrnatgan. Milliy bayrami – 12 oktyabr – Mustaqillik kuni.

Iqtisodi. Neft, gaz, oʻrmon, oltin, alyuminiy rudasi, olmos kabi tabiiy boyliklari bor. Yangi neft konlarini ishga tushirishi natijasida Ekvatorial Gvineya daromadlari soʻnggi yillarda sezilarli darajada oʻsdi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha Afrikada birinchi, dunyoda 30-oʻrinda turadi. YAIMning 93,3 foizini sanoat, 4,2 foizini xizmatlar sohasi, 2,4 foizini qishloq xoʻjaligi taʼminlaydi.

Asosiy xaridorlari – AQSH, Ispaniya, Xitoy, Tayvan, Fransiya, Italiya va Janubiy Koreya. Asosan Xitoy, Ispaniya, AQSH, Fransiya, Kot d’Ivuar, Italiya va Buyuk Britaniyadan mahsulot sotib oladi.

Afrika, Karib havzasi va Tinch okeani hududi mamlakatlari iqtisodiy hamkorligi tarkibiga kiradi.

Aholisi. Fang (86 foiz) va bubi (7 foiz) etnik guruhlari nisbatan keng tarqalgan. Yevropaliklar, asosan ispanlar kamchilikni – aholining 1 foizini tashkil etadi. Rasmiy tillari – ispan, portugal va fransuz tillari. Mahalliy aholi fang va bubi tillarida soʻzlashadi.

Shahar aholisi – 39 foiz.

Dini. Dindorlarning asosiy qismi katoliklar, protestantlar ham bor. Anʼanaviy mahalliy qarashlarga eʼtiqod qiluvchilar ham uchraydi.

AQSH davlat departamentining 2006 yilgi maʼlumotiga koʻra, Ekvatorial Gvineya aholisining bir foiziga yaqini musulmonlardan iborat. Biroq boshqa manbalar Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar sonini aholining bir foizidan yigirma besh foizigacha miqdorda baholaydi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 7-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.