Ekvador Respublikasi

0
413
marta koʻrilgan.

Maydoni: 283 560 kv.km.

Aholisi: 15 milliondan ziyod. Aholi soni boʻyicha dunyoda 67-oʻrinda turadi.

Poytaxti: Kito shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 24 ta viloyat va Poytaxt viloyatiga boʻlinadi. Viloyatlar esa 199 ta kantonga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Kito, Guayakil, Loxa, Samora, Riobamba.

Pul birligi: AQSH dollari. Mahalliy mayda pullar – tangalar ham qoʻllanadi. 2000 yilgacha ekvador sukresi amalda boʻlgan.

Jugʻrofiy oʻrni. Janubiy Amerikaning shimoli-gʻarbida joylashgan. Ekvadorning gʻarbiy qirgʻoqlarini Tinch okeani yuvib turadi, shimolda Kolumbiya, sharq va janubda esa Peru bilan chegaradosh. Ekvador tarkibiga Galapagos orollari ham kiradi.

Iqlimi issiq. Yil fasllari yaqqol kuzatilmaydi, yil boʻyi bir xil ob-havo. Iyulning oʻrtacha harorati – +25, yanvarning oʻrtacha harorati – +24. Ekvator mamlakatni 25 km masofada kesib oʻtadi.

Tarixi. Mamlakat nomi ispancha “ekvator” demakdir. Hozirgi Ekvador hududlarida juda qadim zamonlardan hindu qabilalari – kara, kitu, tumbe, kanyari va boshqalar yashab kelgan. Ular ov, baliqchilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan. Miloddan oldingi I mingyillik soʻngiga kelib, sohil boʻylarida yashovchi kara qabilasi togʻ hududlariga koʻchadi. Mahalliy kitu va boshqa hindu qabilalarini boʻysundirib, yangi davlatga asos soladi. Bu davlat Lotin Amerikasi adabiyotlarida “Kitu qirolligi” nomi bilan tilga olinadi.

XV asrda (1460 yilga yaqin) Kitu qirolligini inklarning Tauantinsuyu davlati zabt etadi. Inklar davlatining asosiy aholisini kechua qabilasi hindulari tashkil qilgan. Ana shu oʻzgarish tufayli kechua tili hozirgi Ekvador hududida eng koʻp tarqalgan tilga aylandi.

1526 yillarda mamlakatni ispanlar bosib oldi va hindularning qadimiy qishlogʻi oʻrnida San-Fransisko-de-Kito shahriga asos solindi. Oʻzlari istagan katta oltin va kumush konlarini topolmagan ispanlar mamlakatda turli plantatsiyalar tashkil etdi. Bu mehnat maydonlarida asosan hindular va Afrikadan keltirilgan qullar ishlardi. Togʻ hududlarida esa qoʻychilik rivojlantirildi.

XIX asr Ekvador va butun Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun milliy ozodlik kurashlari asri boʻldi. Ana shunday ozodlik inqiloblaridan biri 1809 yil avgustida yuz berdi. Natijada 10 avgust mamlakat Mustaqilligi kuni deb eʼlon qilindi. 1822 yili Kolumbiya qoʻshinlari ispanlar ustidan gʻalaba qozongach, Ekvador Simon Bolivar nazorati ostiga oʻtdi va 1830 yilgacha Buyuk Kolumbiya tarkibida boʻldi. XIX asr oʻrtalaridan mamlakatga Ovrupaning taʼsiri kuchaydi. 1845 yili Buyuk Britaniya bosimi bilan qullik bekor qilindi. XIX asr oxirlaridan Ekvadorga tashqi sarmoyalar oqib kela boshladi: britaniyaliklar neft qazib olish, amerikalik­lar esa kakao va kofe dalalarini koʻpaytirish, temiryoʻllar qurish bilan shugʻullanishdi.

Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari Ekvadorda neft qazib olish sanoati rivojlana boshladi. Shu yillarda turli qarama-qarshi partiya va tuzilmalar oʻrtasida qator qurolli toʻqnashuvlar boʻlib oʻtdi.

1941 yili Peru bilan Amazonka daryosining yuqori oqimlaridagi hududlar uchun urush boshlandi. Janglarda Peru kuchlari gʻolib kelib, 280 ming kv. km maydonli yer boy berildi.

1972 yili Rodriges Lara boshchiligida harbiy toʻntarish amalga oshirildi.

Oʻtgan asrning 90-yillaridan 2011 yillarga qadar Ekvadorda bir qancha gʻalayonlar, tartib­sizliklar roʻy berdi. Natijada mamlakat­ning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayoti inqirozga yuz tutdi.

Iqtisodi. Ekvador iqtisodiyoti asosini neft qazib olish va chetga sotish tashkil etadi. Sanoatning bu turi mamlakat eksportidan keladigan foydaning teng yarmiga egalik qiladi. Ushbu davlat banan eksporti boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinda. 2000 yilda Ekvador ogʻir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi va tashqi qarzlar boʻyicha defolt eʼlon qildi. Shu yil martida hukumat iqtisodiyotni tubdan isloh qilish boʻyicha bir qancha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Milliy valyutadan voz kechilib, AQSH dollari asosiy pul-muomala vositasi sifatida qabul qilindi. Shundan soʻng iqtisodiyot ancha barqarorlashdi. Biroq 2006 yilda hukumat chet el va mahalliy neft kompaniyalariga solinadigan soliqlarni keskin oshirib yubordi, natijada soha orqaga ketdi. Iqtisodiy barqarorlik izdan chiqib, xususiy sarmoyalar soni kamaydi va iqtisodiy koʻrsatkichlar tushib ketdi.

Yalpi ichki mahsulotning 57 foizini xizmatlar sohasi, 36 foizini sanoat, 7 foizini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tashkil etadi.

Aholisi. Ekvador aholisi asosan uch etnik guruhga boʻlinadi. Bu ajratish bir qadar shartli. Ular: kechualar (aholining 39 foizi), “oʻrmon hindulari” deb nom olgan etnik guruh va ispantilli ekvadorliklar. Kechualar – zamonaviy hindu xalqlari ichida eng koʻp tarqalgan elat vakillaridir. Ekvadorda ularning oʻttiz foizi yashaydi. Ular, shuningdek, Peru va Boliviya aholisining ham salmoqli qismini tashkil etadi.

Yuqorida tilga olingan etnik guruhlardan tashqari, mamlakatda kolumbiyaliklar, ita­liyalik­lar, ispanlar, olmonlar, yaponlar, amerikaliklar, peruliklar va xitoyliklar ham muqim yashaydi.

Ekvadorning rasmiy tili – ispan tili. Biroq mamlakat aholisining asosiy qismi ikkitilli. Ispantilli aholining koʻpchiligi kechua tilini ham biladi. Kechua hindularining aksariyati esa ispan tilida soʻzlasha oladi. Mahalliy ispancha soʻzlashuv tilida kechua tilidan kirgan soʻzlar koʻp uchraydi. Baʼzi hududlardagi maktablarda taʼlim kechua tilida olib boriladi. Bu tilda gazeta-jurnallar nashr etiladi, koʻrsatuv va eshittirishlar efirga uzatiladi.

Dini. Ekvadorliklarning koʻpi – katoliklar. Kechualar ham nasroniy dinining shu yoʻnalishiga eʼtiqod qiladi. Biroq ular qadimiy mahalliy dinlarining juda koʻp unsurlarini saqlab qolgan. Oʻrmon hindulari esa qabiladan qabilaga oʻtib kelayotgan eski qarashlarga ishonadi.

Maʼlumotlarga koʻra, Ekvadorga musul­mon­larning ilk qadami XX asrning birinchi choragida tekkan. Ular Birinchi jahon urushi uqubatlaridan panoh izlab kelgan livanlik, falastinlik, suriyalik va misrlik kishilar edi. Butun mamlakat boʻylab tarqalgan bu musulmonlar Usmonli pasporti bilan kelgani uchun “turk” sifatida tanilgan. Ular asosan poytaxt Kito shahri va Tinch okeanidagi bandargoh-shahar Guayakilga oʻrnashgan. Ayrimlari esa Manab, Los-Rios va Esmeraldas viloyatlarida qoʻnim topgan.

Ekvadorlik ilk musulmonlarning koʻpchiligi savdogarlar edi. Ular turli mevalar, oziq-ovqat mahsulotlarini xachirlarga yuklab, yurt kezib tirikchilik qilgan.

Oʻtgan asrning 80–90-yillarida Ekvador­dagi musulmonlar jamoati asosan Pokiston va Misrdan kelgan muhojirlardan iborat edi. 90-yillar oxirida mamlakatga yana bir katta musulmon muhojirlar toʻlqini kirib keldi. Bu kishilarni Liberiya, Nigeriya, Gana kabi Gʻarbiy Afrika oʻlkalaridan ogʻir ijtimoiy holat Ekvadorga boshlab kelgan edi.

2002 yil maʼlumotiga koʻra, mamlakatda musulmonlar soni ikki mingga yetgan edi.

Bu yurtda ilk masjid qurilishi tarixi XX asr oʻrtalariga borib taqaladi. Shu paytdan bosh­lab musulmonlar juma namozlari uchun maxsus joylarni ijaraga olgan. Keyinroq esa, Misr elchixonasi maxsus xona ajratib beradi. Biroq bu koʻpsonli musulmonlar jamoasi uchun yetarli emas edi. Nihoyat, 1988 yili Xolid ibn Valid nomidagi madaniyat tashkiloti uzoq kutilgan ezgu ishga – masjid qurilishiga kirishadi. Mamlakatdagi birinchi rasmiy islomiy idora – Ekvador Islom markazi (Centro Islamico del Ecuador) 1994 yil 15 oktyabrda ochildi. Natijada oʻlkadagi birinchi va hozircha yagona jome – “Assalom” masjidi ishga tushdi. Markazning diniy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy faoliyati sunniylik mazhabi anʼanalariga asoslangan. Islom markazi bir qancha qoʻmitalarga boʻlinadi, biror-bir chet mamlakatdan moddiy yordam olmaydi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2013 yil 8-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.