Darmondorilar – foydaning koni

0
254
marta koʻrilgan.

“Vitamin” degan soʻz qulogʻimizga tez-tez chalinib turadi. U lotincha “vita” – “hayot” va inglizcha “amine” – “azotli birikma” soʻzlaridan olingan. Vitaminni oʻzbekchasiga “darmondori” deyish mumkin. U tirik organizmlar, jumladan, odamning yashashi va tanada moddalar almashinuvi uchun nihoyatda zarur boʻlgan organik birikmadir. Yeyayotgan ovqatimizda vitamin yetishmasa gipovitaminoz, mutlaqo boʻlmasa avitaminoz yuzaga keladi.

Darmondorilarning asosiy manbai oʻsimliklardir. Vitamin hosil boʻlishida mikroorganizmlar ham katta ahamiyatga ega. Oʻsimliklar oʻzlari uchun oʻzlari vitamin ishlab chiqara oladi. Odam esa darmondorilarning asosiy qismini oziq-ovqatlardan oʻzlashtiradi. Vitamin yetishmasligi turli kasalliklarga sabab boʻladi. Masalan, D vitamini yetishmasligi shabkoʻrlikka olib boradi.

Hozir oʻnbeshga yaqin vitamin turi aniqlangan. Dastlab darmondorilarga alifbo harflari bilan nom berilgan. Keyinchalik ularning kimyoviy tuzilishiga koʻra xalqaro standartlashgan nomlar berildi.

Vitaminlar suvda eriydigan, yogʻda eriydigan va vitaminsimon birikmalarga ajratiladi.

Hayvon yogʻlari va oʻsimlik moylari tarkibida uchraydigan A, D, Ye va K kabi yogʻda eriydigan ayrim vitaminlar tanada oylab turishi mumkin.

Suvda eriydigan S vitamini va B guruh vitaminlari yashil yaproqlar, mevalar va yormalar tarkibida boʻladi. Odam ularni har kuni qabul qilishi kerak.

Faqatgina D va K vitaminlarini odam tanasi mustaqil ishlab chiqara oladi. D vitamini bolalarda suyak oʻsishi uchun juda zarur. Bu darmondorini quyosh tushishi taʼsirida teri ishlab chiqaradi.

S vitamini omma orasida “askorbin kislotasi” sifatida mashhur. U tanamizga infeksiyalar bilan kurashishda yordam beradi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 

“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 43-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.