Braziliya Respublikasi

0
1782
marta koʻrilgan.

Maydoni: 8 514 877 kv.km.

Aholisi: 201 milyondan ortiq.

Poytaxti: Brazilia shahri.

Tuzumi: federativ respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 26 ta shtat va bitta federal okrug (poytaxt ogrugi)dan iborat.

Yirik shaharlari: San Paulu, Rio de Janeyro, Salvador, Belu Orizonti, Fortaleza, Brazilia.

Pul birligi: real.

 

Jugʻrofiy oʻrni. Aholi soni va maydoni boʻyicha Janubiy Amerikadagi eng katta mamlakat. Materikning deyarli yarmini band etgan. Amerika qitʼasidagi portugal tilli yagona oʻlka. Maydoni va aholi soni boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinda. Janubiy Amerika materigining sharqiy va markaziy qismlarini egallagan. Chili va Ekvadordan tashqari Janubiy Amerikadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh. Shimolda Gviana, Surinam, Gayana, Venesuela, shimoli-gʻarbda Kolumbiya, gʻarbda Peru va Boliviya, janubi-gʻarbda Paragvay va Argentina, janubda Urugvay bilan qoʻshni. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi 16 ming km. Sharqiy qirgʻoqlarini Atlantika ummoni yuvadi. Sohilning uzunligi 7,4 ming km. Braziliya tarkibiga bir nechta toʻporollar, jumladan, Fernandu di Noronya, Rokas, San Pedru va San Paulu, Trindadi va Martin Vas toʻporollari kiradi.

Mamlakat shimolini dunyoning eng yirik daryolaridan biri – Amazonka daryosi vodiysi egallagan. Amazoniya pastekkisligi shimolda Gviana yassitogʻligi bilan almashadi. Mamlakat hududining qolgan deyarli barcha qismini Braziliya yassitogʻliklari egallagan.

Iqlimi – issiq. Oyning oʻrtacha harorati 16-29 °S oraligʻida tebranib turadi. Faqat baland togʻli sharqiy hududlardagina iyulning oʻrtacha harorati 12-14 °S ga tushadi, hatto suv muzlashi ham mumkin.

Tarixi. Mamlakat oʻrta asrlarda “Terra do Brasil” deb atalgan. Ayrimlar bu nomning kelib chiqishini oʻsha paytlarda mamlakat sohilboʻyi hududlaridan topilgan va juda katta miqdorda Yevropaga tashilgan brazil daraxti bilan bogʻlaydi. Portugallar bu ogʻochni “pau brazil” deb ataganlar. Arablar XII asrdan boshlab Yevropaga buyoq tayyorlash, mebellar va musiqa asboblari yasashda kerak boʻladigan noyob daraxt yogʻochlarini keltira boshlagan. Bu yogʻoch “brazil” nomini olgan. U “choʻgʻ”, “koʻmir choʻgʻi” maʼnolaridagi portugalcha “brasa” soʻzidan kelib chiqqan. Aslida, portugallar Janubiy Amerikada uchratgan pau brazil va arablar oʻz yurtlaridan olib kelgan brazil boshqa-boshqa daraxtlar boʻlgan.

Boshqa bir farazga koʻra, mamlakat nomi irland afsonlarida tilga olingan Brazil oroli bilan bogʻliq. Afsonada aytilishicha, bu orol Atlantika ummonida joylashgan.

Braziliyani 1500 yil 24 aprelda Pedr Alvaresh Kabral kashf etgan. 1533 yildan mamlakatni portugallar egallashga kirishdi. Ular keyingi uch asr davomida bu oʻlkaga oʻrnashib, dastlab qimmatbaho yogʻoch, soʻngra shakarqamish, qahva va nihoyat oltin savdosini yoʻlga qoʻyishdi. Bu paytda asosiy ishchi kuchi hindular, 1550 yildan soʻng esa afrikalik qullar boʻldi. Braziliya hududi bevosita Portugaliya qiroliga boʻysunar edi. Qirolning vorisi general-kapitan unvoniga ega boʻlib, uning qarorgohi Braziliyaning Salvador shahrida joylashgandi. 1574 yili mahalliy hindularni qul qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Bu Afrikadan qul keltirish kuchayishiga sabab boʻldi.

1763 yili Rio de Jeneyro mamlakat poytaxtiga aylantirildi. 1806 yili Portugaliya qiroli Juan VI Napoleondan qochib Braziliyaga keldi. U 1821 yili vataniga qaytib ketgach, oʻrnida oʻgʻli Pedro vaqtinchalik hukmdor boʻlib qoldi. 1822 yil 7 sentyabrda esa Braziliya mustaqilligi eʼlon qilindi. Juan VI ning oʻgʻli Pedru I nomi bilan mamlakat qiroliga aylandi.

1888 yili qulchilik bekor qilindi. Pedru II davrida – 1889 yili respublika tuzumi oʻrnatilib, oʻlkaga “Braziliya Qoʻshma Shtatlar Respublikasi” degan rasmiy nom berildi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Braziliyaga besh milyondan ortiq yevropalik va yaponiyalik muhojirlar kelib oʻrnashdi.

Birinchi jahon urushi davrida Braziliya Antanta tomonida turib urushga kirdi. 1930 yilgi davlat toʻntarishi natijasida Jetuliu Vargas hokimiyat tepasiga keldi. Uning hukmronligi yillarida demokratik va taraqqiyparvar kuchlarga qarshi kurash boshlanib, mamlakatning AQSHga iqtisodiy va siyosiy qaramligi kuchaydi. Braziliya 1942 yil avgustida Germaniyaga qarshi mamlakatlar tomonida turib Ikkinchi jahon urushiga kirdi. Fashistlar Germaniyasining tor-mor etilishi Braziliyada demokratik harakatni kuchaytirdi.

1955 yil sentyabr oyidagi prezident saylovida hokimiyat tepasiga sotsial-demokratik partiyaning vakili Juselinu Kubichek keldi. Uning prezidentlik davrida (1956–60) Braziliya iqtisodiyotiga chet el sarmoyasi kirib kelishiga keng yoʻl ochilib, mamlakat iqtisodiy mustaqilligini taʼminlovchi qator tadbirlar oʻtkazildi, neftni davlat monopoliyasiga aylantirish uchun kurashildi, AQSHga atom xomashyolari sotish haqidagi shartnoma bekor qilindi.

1960-1980 yillar orasida Braziliyada siyosiy vaziyat u qadar barqaror boʻlmadi. Isteʼfolar, davlat toʻntarishlari kuzatildi. 1985 yilgacha hokimiyat harbiylar qoʻlida boʻldi.

XX asr soʻngi va yangi asr boshida ham mamlakat bir qator qiyinchiliklar va muammolarga, 1999 yili esa moliyaviy inqirozga uchragan boʻlsa-da, iqtisodiy tiklanish va barqaror oʻsishga tez erishildi. Hozir Braziliyani dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga bemalol kiritish mumkin.

Braziliya 1945 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1993 yil 30 aprelda oʻrnatgan. Milliy bayrami – 7 sentyabr – Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1822).

Iqtisodi. Qishloq xoʻjaligi, sanoat va xizmatlar sohasi rivojlangani, ishchi kuchining koʻpligi sababli Lotin Amerikasida iqtisodiy yetakchi davlatga aylangan. Hozir mamlakatning jahon bozoridagi oʻrni tobora kengayib boryapti. Asosan aviatsion texnika, qahva, transport vositalari, soya, temir rudasi, apelsin sharbati, poʻlat, mato, oyoqkiyim, elektr jihozlar va shakar sotadi.

Mamlakat iqtisodiyoti hududlarga koʻra turlicha rivojlangan. Ishlab chiqarish asosan janubiy, janubi-sharqiy hududlarda taraqqiy etgan. Shimoli-sharqiy hudud mamlakatning eng kambagʻal qismi hisoblanadi. Biroq hozir bu yerga ham juda koʻp xorijiy sarmoyalar kirib kelyapti.

Braziliya sanoati koʻptarmoqli. Bu yerda avtomobil, poʻlat, neft mahsulotlari, kompyuterlar, samolyotlar va turli isteʼmol tovarlari ishlab chiqariladi. Xizmatlar sohasi ham yuqori darajaga koʻtarilgan. 1990-yillar boshida bank sohasi yalpi ichki mahsulotning 16 foiziga egalik qildi. Garchi hozir bank tizimi isloh qilinayotgan boʻlsa-da, mahalliy korxonalarga keng miqyosda xizmat koʻrsatish va yangi mijozlarni jalb etish jadal davom etyapti. Ayniqsa, AQSH moliyaviy firmalari mamlakat banklari xizmatidan koʻp foydalanadi. San Paulu va Rio de Janeyro fond birjalari jahon qimmatli qogʻozlar bozorida oʻz oʻrniga ega.

2010 yili Braziliya YAIMi 2,2 trillion AQSH dollarini tashkil etdi. Bu dunyo boʻyicha 7-oʻrin demakdir. YAIMning 6,5 foizi qishloq xoʻjaligi, 25,8 foizi sanoat va 97,7 foizi xizmatlar sohasiga toʻgʻri keladi.

Aholisi. Mamlakatning asosiy aholisi brazil millatiga mansub. Bu etnik guruh dunyoning eng koʻp chatishgan-aralashgan etnik guruhlaridan biridir. Braziliyaliklar quyidagi ichki etnik guruhlarga boʻlinadi: oqtanlilar – 53,9 foiz (portugallar – 20 foiz, italyanlar – 14 foiz, ispanlar – 8 foiz, olmonlar – 6,6 foiz, arablar – 5,3 foiz), mulatlar – 38,5 foiz, qoratanlilar 6,2 foiz, osiyoliklar – 0,5 foiz, hindular – 0,43 foiz. Shuningdek, sambo (afroamerikaliklar) va pardo (jigarrangtanlilar) elatiga mansub aholi ham bor. Biroq ularning umumiy soni haqida aniq maʼlumot yoʻq.

Nasl boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar Braziliya aholisida yevropa, afrika va hind irqiga oid belgi-xususiyatlar borligini koʻrsatdi.

Rasmiy va eng keng tarqalgan til – portugal tili. Shuningdek, ispan, fransuz, olmon, italyan, yapon, ingliz va hindu tillari ham qoʻllaniladi.

Aholining 86 foizdan koʻprogʻi shaharlarda yashaydi.

Dini. Braziliya katoliklar soni boʻyicha dunyoda yetakchilik qiladi. Aholining 64 foizga yaqini nasroniylikning katolik yoʻnalishida. 22 foizga yaqin aholi esa protestantlik tarafdori. Shuningdek, nasroniylikning boshqa yoʻnalishlariga, mahalliy eʼtiqodlarga ishonuvchilar ham bor.

2010 yilgi roʻyxatga olish ishlarida aholining oʻttiz besh mingdan ortigʻi Islom diniga eʼtiqod qilishini bildirgan.

Braziliyaga kelgan birinchi musulmonlar – afrikalik qullar boʻlgan. Oradan juda koʻp vaqtlar oʻtgach, Suriya va Lubnondan kelgan muhojir arablar sabab bu tuproqlarda musulmonlar soni yanada ortdi. Maʼlumotlarga koʻra, 1910 yili Braziliyada yuz mingdan ortiq afrikalik musulmon yashagan.

1929 yili oʻlkadagi ilk islomiy muassasa – San Paulo musulmonlari xayriya jamiyati tashkil etildi. 1956 yili esa San Paulodagi va butun Janubiy Amerika qitʼasidagi birinchi masjid ish boshladi. Bundan soʻng Kuritiba, Paranagua, Rio de Janeyro, Brazilia kabi bir qator shaharlarda ham islomiy xayriya jamiyatlari tashkil topdi. Ular orasida San Paulo va Rio de Jeneyrodagi markazlar keng miqyosdagi faoliyati bilan ajralib turdi. Bu shaharlar dinni yoyish borasida hozir ham yetakchilikni qoʻldan bermagan.

Hozir Braziliya musulmonlarining qirq foizi San Paulo mintaqasida istiqomat qiladi. Yirik islomiy tashkilotlarning idoralari ham shu yerda joylashgan. Braziliya islomiy madaniyat markazining 2005 yilgi hisob-kitoblariga koʻra, mamlakatda yuzga yaqin masjid faoliyat yuritadi. Suriya, Iordaniya va Lubnondan kelgan muhojirlar va ularning avlodlarini ham hisobga olinsa, mamlakatdagi musulmonlar soni ikki millionga yetadi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Islom nuri” gazetasining 2014 yil 5-sonida chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.