Beliz

0
84
marta koʻrilgan.

Maydoni: 22 966 kv. km.

Aholisi: 322 400 dan ortiq.

Poytaxti: Belmopan shahri.

Boshqaruv shakli: konstitutsiyali monarxiya (Buyuk Britaniya boshqaruvida).

Davlat boshligʻi: Buyuk Britaniya qirolichasi. General-gubernator uning vakili hisoblanadi.

Maʼmuriy tuzilishi: 6 ta okrugga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Beliz, San Ignasio, Belmopan, San Pedro, Orinj Uolk.

Pul birligi: beliz dollari.

 

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Markaziy Amerikada joylashgan. Shimolda Meksika, gʻarbda Gvatemala bilan chegaradosh. Sharqiy va janubi-sharqiy qirgʻoqlarini Karib dengizi suvlari yuvib turadi.

Mamlakat hududining asosiy qismi pasttekisliklardan iborat. Juda koʻp koʻl va koʻlchali botqoqlik joylar uchraydi. Janubda balandligi 1122 metrgacha yetadigan Mayya togʻlari yastangan.

Iqlimi – quruq shamolli tropik. Oylik oʻrtacha harorat +26°C. Mavsumga qarab biroz oʻzgarishi mumkin. Shimoli-sharqdan esadigan garmsellar juda koʻp yomgʻir olib keladi. Yillik yogʻin miqdori shimoldan janubga qarab 1300 millimetrdan 3500 millimetrgacha. Yogʻingarchilik mavsumi maydan iyulgacha, qurgʻoqchilik mavsumi esa yanvardan may oyigacha davom etadi. Karib dengizidan kirib keladigan dovullar katta koʻrguliklarga sabab boʻladi.

Oʻlka hududining yarmini namchil tropik oʻrmonlar egallagan. Ularda qimmatbaho daraxtlar koʻp. Jumladan, qaragʻay va mahagoni daraxtlarining yogʻochlari duradgorlik va mebelchilikda qadrlanadi.

Hayvonot dunyosi turli-tuman. Kengburun maymunlar, yaguarlar, iguarlar va boshqa hayvonlar yashaydi. Qushlar, ayniqsa, toʻti va kolibri koʻp. Sohilboʻyidagi dengiz suvlari baliqlar, qisqichbaqasimonlar va toshbaqalarga boy.

Tarixiy sanalari. XVI asr boshlarigacha Beliz hududida hindu qabilalari yashagan. XVI asr boshida mamlakatni ispanlar bosib olgan va mustamlakaga aylantirgan. 1862 yildan Britaniya Gondurasi nomi bilan Buyuk Britaniya mustamlakasi boʻlgan. 1964 yili ichki oʻzini oʻzi boshqarish huquqini olgan. 1973 yildan mamlakat rasmiy ravishda Beliz deb atala boshladi. 1981 yil 21 sentyabrda Beliz mustaqilligi eʼlon qilindi. Shu yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi.

1970 yilgacha mamlakat poytaxti Beliz shahri boʻlgan. Oʻlkaning ushbu eng yirik shahri Karib dengizidan kirib keladigan boʻronlardan bir necha bor aziyat chekkan. 1961 yilgi katta toʻfondan soʻng poytaxtni ichkariroqqa koʻchirishga qaror qilindi. 1967 yili Beliz shahridan 80 kilometr janubi-gʻarbda yangi maʼmuriy markaz – Belmopan shahri qurilishi boshlandi va u 1970 yili poytaxtga aylantirildi.

“Beliz” atamasining kelib chiqishi haqida turli taxminlar bor. Bir farazga koʻra, u mayya tilidagi “bel’ix” – “boʻtana suv” soʻzidan kelib chiqqan. Bu soʻz Beliz daryosiga nisbatan ishlatilgan. Boshqa bir fikrga koʻra, afrikalik qullar oʻzlari bilan birga shu nomni ham olib kelgan. Chunki Angolada Beliz deb ataladigan joy bor.

Iqtisodi. Asosiy daromadi sayyohlik sohasidan. Bundan keyingi oʻrinlarda dengiz mahsulotlari, sitrus mevalar, shakar, banan va kiyim-kechak sotish turadi. 2006 yili neft konlari topilib, 2007 yildayoq qazib olish va eksport qilish boshlangan.

Aholining 72 foizi xizmat koʻrsatish, 18 foizi sanoat, 10 foizi qishloq xoʻjaligi sohasida band. Sanoatda kiyim-kechak ishlab chiqarish, oziq-ovqat tayyorlash, qurilish va neft qazib olish sohalari yetakchilik qiladi. Qishloq xoʻjaligida banan, kakao, sitrus mevalar, shakarqamish yetishtirish; baliq ovlash va mayda qisqichbaqa boqish; oʻrmon yogʻochlari tayyorlash bilan shugʻullaniladi.

Asosiy xaridorlari – AQSH, Buyuk Britaniya, Nigeriya, Kot d’Ivuar. Asosiy taʼminotchilari – AQSH, Meksika, Kuba, Gvatemala, Ispaniya, Xitoy.

Aholisi. Etnik-irqiy tarkibga koʻra, aholining 48,7 foizi kelib chiqishi ispan-hindu boʻlgan metislar, 24,9 foizi kelib chiqishi ingliz-afrikalik boʻlgan kreollar, 10,6 foizi mayya hindulari, 6,1 foizi kelib chiqishi afrikalik hindu boʻlgan garifunalardan iborat. Qolgan 4,7 foizni oqtanlilar, hindular, xitoylar va boshqa millat vakillari tashkil etadi.

Rasmiy tili – ingliz tili. Belizliklarning koʻpchiligi ingliz tilida erkin soʻzlasha olsa-da, aholining bor-yoʻgʻi 4 foizi uni oʻz ona tilisi deb hisoblaydi. Soʻzlashuv tilida kreol, ispan, mayya va garifuna tillari keng qoʻllanadi.

Dini. Aholining deyarli yarmi katolik­lardan, 27 foizi protestantlardan iborat.

Beliz barqaror rivojlanayotgan va vijdon erkinligi taʼminlangan mamlakatlardan. Oʻzaro inoqlik va bagʻrikenglik tamo­yillariga amal qilinadi. Shu sababli Islom oʻlkada keng tarqalyapti. Bugun bu yerda besh mingga yaqin musulmon yashaydi.

Islom oʻlkaga Afrikadan keltirilgan qullar tufayli yoyilgan.

Belizdagi ilk islomiy oʻquv dargohi 1978 yili ochilgan. Keyinchalik Islom oliy texnik maktabi faoliyat boshlagan. 2009 yili Islom markazi binosi qurib bitkazilib, ishga tushdi. Mamlakatdagi asosiy islomiy tashkilot Beliz Islom idorasi hisoblanadi.

 

Orifjon MADVALIYEV

tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 9-sonida chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.