Aydarkoʻl – Qizilqum dengizi

0
302
marta koʻrilgan.

Ulkan dengizni yodga solib yuboradigan moviy koʻl yildan-yilga eni va boʻyiga kengayib boryapti. Shu sabab koʻpchilik uni “Orolning ukasi” ham deydi. Ilgaridan bir-biridan uncha uzoq boʻlmagan Arnasoy, Tuzkon va Aydar koʻllari mavjud. 1969 yili qish nihoyatda seryogʻin boʻlib, bahorda qoʻshni Qozogʻistonning Chordara suv omboriga Sirdaryodan quyiladigan obihayot koʻpayib, uni toshirgan va suvning yigirma besh ming kubometrdan ziyodrogʻi Arnasoy koʻliga oqizib qoʻyilgan. Tabiiyki, buncha suv atigi oʻn ming gektardan sal ziyod hududdagi kichik koʻlga sigʻmay, uni kengaytirib, Aydarkoʻl bilan birlashtirgan. Aynan oʻsha yili Aydarkoʻl oʻrnidagi butun-butun ovullar, qoʻra-qoʻton va qoʻy, yilqi uyurlari suv ostida qolib ketdi.

Aydarkoʻlda suv limmo-lim boʻlib, qirgʻoqlaridan toshay deb turardi. U orqali Chordaradan oqqan suv bu koʻlni ham toshirib, Tuzkon koʻli bilan birlashtirgan. Shu tariqa uchta koʻl yagona Arnasoy tizimiga aylangan. Bugungi kunda ikki yuz oʻttiz ming gektar maydonni egallagan koʻlga drenaj va zovurlarning oqova suvlari hamda Oqbuloq va Qili ariqlarining zax suvlari ham kelib qoʻshiladi.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, bir mahallar juda mashhur boʻlgan qadimgi tuzkon tor boʻgʻoz Aydarkoʻl bilan qoʻshilganini bilib olamiz. Aslida mazkur Tuzkon Jizzax viloyatidan 50-60 chaqirim shimoli-gʻarbda, Nurota togʻ tizmalarining bir tarmogʻi – Pistalitogʻdan besh-oʻn chaqirim sharqda joylashgan. Uzunligi yigirma yetti, eni oʻn uch chaqirimga choʻzilgan koʻl vohani tuz bilan taʼminlab turgan. Ikki yuz ming pud tuz Buxoro amirligiga sotilgan. Tuzli toza balchiqlar sogʻliq uchun foydali boʻlgan. Mahalliy xalq undan davo topgan. Buni qarang, bugungi kunda ham Sirdaryodan obihayot olib turadigan Chordara suv ombori vaqti-vaqti bilan oʻz suvlaridan Aydarkoʻlni ham bahramand etib turar ekan. Tabiiy qudratdan yaralgan koʻlning qulochi tobora kengayib, sathi, uzoq-uzoqlarga qadar choʻzilib bormoqda. Bir uchi Jizzaxning Arnasoyi hududidan boshlansa, ikkinchi bir uchi qoʻshni Navoiy viloyatining Nurota, Konimex tumanlarining poyoni yoʻq yaylovlariga qadar borib yetadi.

Aydarkoʻl qirgʻogʻida turib quyoshning zarrin nurlarining yaltirab, koʻzni olayotganiga uzoq tikilishni yoqtiraman. Katta suvlik insonga ulkan kuch bagʻishlaydi. Suv biroz shoʻr, taxir. Shuning uchun bu suv ekin-tikinga yaramaydi. Ulkan koʻl ustida baliqlar irgʻishlab sakrashi, qushlar chugʻur-chugʻur etib osmonu falakda charx urishi kishiga bir olam zavq-shavq ulashadi. Ruhiyatingiz osoyishta tortib, asablaringiz dam oladi. Hatto, bir gal qirgʻoqdagi qumloqda ona jayron bolalarini qatorlashtirib ergashtirib yurganiga ham guvoh boʻlganman. Boʻri, tulki, shoqol, burgut, turna, laylak, tasqara singari hayvonu qushlar oʻz nasibasini, rizqini topib yeydi. Aydarkoʻl koʻpdan-koʻp jonivorlarni boqadi, qornini toʻygʻizadi.

Koʻlning ichkarisidagi orolchalar, qamishzor va toʻqayzorlarda toʻngʻiz, quyon, boʻrsiq kabi hayvonlar, qirgʻovul, kaptar, oʻrdak, loyxoʻrak singari noyob parrandalar koʻp uchraydi. Suv sporti, qarmoqda baliq ovlash, tuyada sayr qilish, koʻp kayutali kater, bir necha motorli qayiqda suzish, qumga koʻmilib davolanish istagida yurgan mahalliy va xorijiy sayyohlar u yerdan arimaydi.

Koʻlda tabiiy qora balchiq serob. Undan oʻtgan asr boshlarida bobolarimiz rasamadi bilan foydalanib kelgan ekan. Bobolar udumiga sodiq qolgan bir necha sihatgohlar ham bugungi kunda koʻldan olinayotgan ana shu qora balchiq yordamida bemorlarni davolayapti.

Xullas, Aydar – Arnasoy koʻllar tizimi joylashgan hududlarda boʻlib, uning bir yoni koʻl, bir yoni choʻlga tutashib ketgan soʻlim va orasta maskanlarini kezsangiz, koʻnglingiz ravshan tortadi.

 

Ulugʻbek Jumayev

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.