Zavqu shavq manbai

0
632
marta koʻrilgan.

Daryoning boshlanish joyini geograflar manba deydilar, quyilish joyi esa uning mansabi. Umuman olganda, ibtido va intiho degan tushunchamizga toʻgʻri keladi bu atamalar. Hamma narsaning boshi va oxiri bor. Jumladan, kitoblarning ham. Ijod ahli yaratgan asarlar ana shu oraliq oʻrtasidagi masofada, yaʼni ibtido bilan intiho oraligʻida toʻgʻri yoʻlni tanlashimizga koʻmak beradi. Biz jahon adabiyotining durdonalari va badiiy tafakkur vositasida oʻzimizni topamiz, oʻzligimizni anglaymiz. Muxtasar aytganda, zavqu shavq va hayrat manbai boʻlgan kitoblarda dunyoni idrok etishimizga yordam beradigan behad koʻp xislat va xususiyat mujassam. Faqat shart shuki, tanlab oʻqish kerak. Oʻzingizdan avval bu yoʻldan yurgan kishilar maslahatiga amal qilish kerak. Shu kunlarda adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevning “Yoshlik” jurnalidagi tavsiyalarini oʻqib, xitoy yozuvchisi Mo Yan qalamiga mansub “Musallas mamlakati”ni izlashga tushdim.

Kitob tanlash bobida ulugʻ yozuvchilarning fikrlari alohida ahamiyatga ega. Masalan, men Kafkani mutolaa qila turib shveysar yozuvchisi Avgust Strindbergni kashf etdim. Herman Hesse asarlaridan norveg yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori Knut Hamsunni topdim. Aytmoqchimanki, dunyo tan olgan buyuklarning asarlarini oʻqirkansiz, ularning tavsiyalarini eʼtiborsiz qoldirmang. Nemis faylasufi Immanuil Kant asarlari abstrakt fikrlash mahsuli (bu usulni Gegel tanqid qilgan). Men bunday fikrlashning badiiy adabiyotdagi namunasini izladim va fransuz yozuvchisi Marsel Prustga duch keldim. Bu ajoyib ijodkorning “Yoʻqotilgan vaqtni izlash” deb nomlangan yetti tomli romanidan ayrim jildlarini (topganimcha) mutolaa qildim. Shu oʻrinda qiziq bir voqeani eslab oʻtmoqchiman (kitob jinnisining boshidan nimalar kechmaydi deysiz!). Prustni izlab kutubxonalardan va doʻkonlardan topolmaganimdan keyin Yangiobod bozoriga bordim. Bu yerda juda katta kitob savdosi boʻladi. Bozorni oralab yurib Prustni izladim. Hamma joyda Marsel Prustni emas, polyak yozuvchisi Boleslav Prustni roʻpara qilishdi. Faqat bitta doʻkondor menga ajablanib va qiziqib qarab qoldi va: “Shu yerda oʻn yetti yildan beri kitob sotaman, oʻn yil avval bir kishi Prustni soʻrab kelgan edi, mana, bugun ikkinchisini koʻrib turibman”, dedi. Topib berishga vaʼda qildi va uchinchi marta borishimda “Yoʻqotilgan vaqtni izlash”ning birinchi tomini, yaʼni “Svan tarafga yoʻnalish”ni (“Po napravleniyu k Svanu”) qoʻlimga tutqazdi. Ha, yaxshi kitoblarni topish uchun izlanish ham kerak. Oʻz tajribamdan kelib chiqib maslahat beradigan boʻlsam, yuqorida tilga olingan yozuvchilarning asarlarini va jahon adabiyoti durdonalari hisoblangan boshqa kitoblarni behad zavq va hayajon bilan oʻqiyman, xususan, Borxesni qayta-qayta mutolaa qilaman va har safar “Lison ut-tayr”ga qaytaman.

 

 

Alisher Navoiy.

“Lison ut-tayr” dostoni.

 

Bu asar kitoblar olamining va olam kitoblarining eng ulugʻ moʻjizalaridan biri boʻlib, ilmiy, axloqiy va falsafiy asosga ega. Dostonni mutolaa qilishga kirisharkansiz, Hudhud yetakchiligida Haqni izlab yoʻlga tushgan qushlar galasiga qoʻshilib osmonga parvoz etgandek boʻlasiz. Har biri oʻziga xos qiyinchiliklar va manzaralarga ega yetti vodiydan olib oʻtadi Hudhud. Parvoz davomida baʼzi bir qushlar yoʻl azobiga dosh berolmay pushaymon boʻladi va oldingi tinch hamda betashvish hayotiga qaytish istagini aytib norozilik bildiradi. Shunda qushlarning eng poki va donosi boʻlgan Hudhud har bir qushning hayoti, xulqu xarakteriga doir ibratli hikoyatlar soʻzlab, ularni dadil va irodali boʻlishga undaydi. Ana shunday chuqur falsafiy hikoyatlardan biri “Shayx Sanʼon” qissasidir.

Kaʼbada shayxlarning shayxi maqomida turgan bu ulugʻ inson (Shayx Sanʼon tarixiy shaxs) keksaygan chogʻida bir tarso qizni sevib qolib, muhabbatning barcha qiynoqlarini boshdan kechiradi. Tarso qiz shunday goʻzal bir shaklda, xuddi quyosh ayvonidagi Iso qizi kabi qasr ustida turardi. Bundan Shayx koʻngliga chaqmoq chaqilgandek boʻlib, uning joni shuʼla dengizida gʻarq boʻldi. Xullas, Shayx qizning ostonasida tuproqlarga belanib yotadi, uning choʻchqalarini boqishga ham koʻnadi, mayxonaga kirib maqom tutadi. Oshiqqa koʻp jabru jafolar koʻrguzgan tarso qiz oxir-oqibat gap nimadaligini tushunadi, shayxning ortidan yoʻlga tushadi va bepoyon sahroda shayx Sanʼonning qoʻlida jon beradi.

“Shayx Sanʼon”ni bir marta mutolaa qilgan kishi uni qayta-qayta qoʻlga olishi va dunyodagi eng goʻzal sevgi qissasi sifatida boshqalarga ham tavsiya etishiga ishonaman.

 

 

Erkin Vohidov.

“Saylanma” sheʼrlar.

 

Oʻzbek sheʼriyatiga qaysi nuqtadan qaramaylik, Erkin Vohidovni koʻramiz, aytamiz, sanaymiz. Shuning oʻzi Erkin Vohidov fenomenini belgilab beradi. Shoir oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida mudrab yotgan tafakkurni uygʻotishni boshladi. Qariyb oltmish yildirki, ana shu yoʻlda sobit qadam boʻldi. Oʻz soʻzini aytdi, yozdi. Xalqimizning mehr-muhabbatini qozondi. Soʻzlari el-yurt koʻngliga singib, oʻzidan keyingi adabiy avlodni baland bir choʻqqiga boshlab ketdi. Bu choʻqqini, hech shubhasiz, Erkin Vohidov choʻqqisi deb atash mumkin.

Shoir sheʼrlarini oʻqiganimda oʻz-oʻzimga bir-ikki savolni takror-takror beraman. Xoʻsh, “Erkin Vohidov nima haqida yozmagan? Erkin Vohidov ijodida qaysi sheʼriy sanʼat yoʻq?”. Hamma-hammasi shoir asarlarida mujassam. Shuning uchun ham Vohidov sheʼrlari kitobxonlar, ijodkorlar uchun qutlugʻ adabiy taʼlim maskani, sheʼriyat qoʻrgʻoni boʻlib turibdi. Uning sheʼrlari oʻquvchiga koʻksini kerib gʻoz yurishni, magʻrur turishni oʻrgatadi.

Shularni yozayapman-u, yana “Nega shunday ekan-a?” degan savol qarshisida qoldim. Javob izlamaslikning, uni aytmaslikning hech imkoni yoʻq. Chunki Erkin Vohidov koʻrgan-kechirganlarini oʻzidan oʻtkazib namoyon qila oldi. U Navoiydan, Fuzuliydan, Mashrabdan, Gyote va Yesenindan suv ichdi va oʻzi ham ulkan shoirlar safida turadigan ijodkorga aylandi.

 

 

“Yapon mumtoz prozasi”.

XI–XIV asrlar.

 

Sizga tavsiya qilinayotgan bu kitobda Sey-Syonagon, Kamo no Tyomey hamda Kenko Xose asarlari jamlangan. Yaponlar tabiatga mehr-muhabbat va ishonch bilan qaraydilar. Bu holat ularning asarlarida bevosita namoyon boʻladi. Ming yil avval yashab oʻtgan Sey-Syonagon “Xayolga kelgan bitiklar” asarida shunday yozadi: “Bu kitobni xonamning tinch ogʻushida koʻz oldimdan oʻtgan, qalbimni toʻlqinlantirgan barcha narsalar toʻgʻrisida yozdim”. Muallif aytgan “barcha narsalar” asosan tabiatga boʻlgan oshuftalik bilan qamrab olingan. Siz bu kitobda adabiyot olamida juda kamyob sanalgan dzuyxitsu janri bilan tanishasiz. Soʻzma-soʻz tarjima qilinganda, “qalam ortidan” yoki “moʻyqalamga ergashib” degan maʼnoni beradi (yaponlar qadimda iyerogliflarni moʻyqalam bilan yozganini nazardan qochirmaslik kerak). Oʻzini majburlamasdan, chiranmasdan nima xayolga kelsa, shuni yengil bir kayfiyat bilan yozish bu janrning asosiy xususiyatidir.

Yapon xalqining qalbini, tabiatdagi nozikliklar va har qanday oʻzgarishlardan taʼsirlanishi hamda bundan ruhiy madad ola bilishini tushunishga yordam beradi bu kitob.

 

 

Sharl Bodler.

“Sanʼat haqida”.

 

Agar kitob rastalaridan shu kitobni topsangiz, mashhur fransuz shoiri, adabiyotga qoʻrqinchli tushsimon sheʼriyatni olib kirgan bu ijodkorning suvratiga eʼtibor qiling. Borliqqa boʻlgan kuchli nafratni koʻrasiz uning yuzida. Bu holat shoirning sheʼriyatida ham oʻz aksini topgan. Sizga tavsiya qilinayotgan ushbu kitobda Bodlerning sanʼat haqidagi sheʼrlari bilan bir qatorda oʻsha davr rassomlarining asarlari muhokama qilingan. Ularning ijodi proza yoʻnalishida qalamga olingan hamda odilona baho berilgan. Xususan, “Goʻzallik, moda va baxt”, “Urush yilnomasi”, “Dendi”, “Ayol” kabi nasriy traktatlarida aytilgan fikr-mulohazalar va xulosalar nafaqat bilimingizni boyitadi, balki tasavvur qilish, goʻzallikka munosabat bilan bogʻliq holatlarni toʻgʻri idrok etishingizga koʻmakchi boʻladi. Adibning suvratiga kelsak, otasi va, xususan, onasining yashash tarzi bilan bogʻliq uning nafrati. Kitob soʻzboshisida va undagi boshqa bitiklarda berilgan maʼlumotlar Bodler va uning sanʼatga munosabati toʻgʻrisidagi bilimingizni boyitadi. “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi” deganda yapon yozuvchisi Akutagava nimalarni nazarda tutganligi beixtiyor xayolingizdan oʻtadi.

 

 

Vladimir Nabokov.

Tanlangan asarlar.

 

Gapning ochigʻini aytsam, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy,  Ivan Turgenev  kabi rus klassiklarini sevib oʻqiganim holda (Gorkiy ham bor), keyingi davr rus prozasiga nisbatan befarq edim. Nogoh bir tanishim bundan ikki-uch kun avval “Nabokovni oʻqiganmisiz?” deb soʻrab qoldi va men oʻz fikrimni aytdim. Tanishim eʼtiroz bildirdi-da, ertasi kuni toʻrt tomlik “Tanlangan asarlar”ning oxirgi jildini olib keldi. Shuni oʻqishimni, agar maʼqul boʻlsa, qolgan tomlarini ham keltirishini aytdi. Mana, oʻshandan beri Nabokov bilan birgaman. Tanishim esa xuddi mening toqatimni sinab koʻrmoqchidek izini qumga soldi.

Bu tomda Nabokovning “Oʻlim jazosiga taklif”, “Oʻzga sohillar” hamda “Fealte bahori” asarlari jamlangan. Dehqoncha qilib aytganda, zoʻr yozuvchining asari dastlabki sahifalardanoq oʻz kuchini koʻrsatadi. Undan ajralolmay qolasiz. Shu kecha-kunduzda “Oʻlim jazosiga taklif”ni oʻqiyapman. Jiddiylik, bosiqlik va falsafaning ogʻir yuki ostida zigʻir donasidekkina yumor ham borligi va yozuvchi hayotning achchiq saboqlari qatiga bunday kulguni naqadar ustalik bilan joylashtira olganidan zavqu shavqqa toʻlib yuribman.

 

 

Knut Hamsun.

“Ochlik” romani

 

Norvegiyalik soʻz sehrgari Knut Hamsunning “Ochlik”, “Misteriya”, “Pan” va “Viktoriya” romanlari bir jildga jamlanib, “Nobel mukofoti sovrindorlari” seriyasida nashr etilgan. Mazkur romanlarning qahramonlari qaysidir jihatlari bilan Frans Kafka va Alber Kamyu asarlariga xos absurd holatga tushib qolgan kishilarga oʻxshab ketadi. “Ochlik” romanida oʻzini ijodga bagʻishlagan inson hayoti qalamga olingan. Asar voqealari birinchi shaxs tilidan hikoya qilinadi. Biz va zamondoshlarimiz ochlikning naqadar dahshatli kuch ekanini tasavvur etolmaymiz, uni boshdan kechirmaganmiz. Asar qahramoni (u gohida oʻzini Tangen deb tanishtiradi) maqolalar, felyetonlar yozadi, tahririyatlar eshigi oldida umid va jurʼatsizlik bilan kutadi, ammo qanchalik urinmasin, oʻz mehnati bilan loaqal qorin toʻydirishning ilojini qila olmaydi. Oxir-oqibat bir kema kapitani huzuriga borib, oddiy yunga boʻlib ishga yollanadi…

Polyak tadqiqotchisi Yan Parandovskiyning “Soʻz kimyosi” asarida qadimgi dunyo shoiri Arxiloxdan tortib keyingi davr yozuvchilarigacha oʻz qalamining kuchi bilan qanday kun koʻrgani toʻgʻrisida muxtasar xulosa bor (bu kitobni Shuhrat Rizayev yoshlarimizga juda toʻgʻri tavsiya qilgan). Knut Hamsunning “Ochlik” romani ham ana shu fikrning badiiy inʼikosi deyish mumkin.

 

 

Xulio Kortasar.

“Oʻzga osmon”, hikoyalar.

 

Kortasarning oʻzi ham oʻzga bir osmon. Bu yozuvchining “Avtobusda”, “Bosib olingan uy”, “Aksolotl” kabi asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilganman. Sirasini aytganda, Kortasarning hikoyalari voqealarga unchalik boy emas. Ularda ruhiy holat ustunlik qiladi. “Oʻzga osmon”dagi hikoyalarni oʻqirkansiz, qandaydir mavhum kuch tinimsiz ravishda shuuringizga taʼsir qilib turishini anglaysiz, ammo oʻsha mavhum kuchning oʻzi qayerda? Yozuvchi uni kayerga yashirib qoʻyganini va u qaysi puchmoqdan turib taʼsir koʻrsatayotganini ilgʻash qiyin. Shu bois uning hikoyalarini qayta-qayta oʻqiysiz va etingizni junjiktirib yuborayotgan mubham holat sababini topishga intilasiz, ammo buning imkonsizligidan hayratga tushasiz. Xususan, “Avtobusda” hikoyasi ana shunday sirli asosda qurilgan. Buenos-Ayres koʻchasidan ketib borayotgan oddiy avtobus va oddiy yoʻlovchi qiz Klara. Kamgap chiptachi va boshqa yoʻlovchilar… Shunga qaramay, hech qanday gʻayritabiiy voqea roʻy bermagani holda, Klaraning sayohati qoʻrqinch­­li tushga aylanadi. Avtobus, uning saloni va butun borliq guyoki ulkan xavf-xatar girdobida.

 Lotin Amerikasi yozuvchisi Xulio Kortasarning oʻziga xos bunday usulini tadqiqotchilar turlicha sharhlaydilar va xilma-xil fikr bildiradilar. Xullas, uning hikoyalarini oʻqisangiz, yangi bir olamni va “oʻzga osmon”ni kashf etasiz.

 

 

Abu Aʼlo al-Maariy.

“Jannatdan maktublar”, nasr.

 

Siz sham bilan oshiqqa xos yetti xususiyatni toʻrt qator sheʼrga sigʻdira olasizmi? “Jannatdan maktublar”da shoir al-Qosim ana shu masalada urinib, buni uddalay olmay turganida shayx al-Karix kelib qoladi va uning qoʻlidan qalamini olib bir nafasda quyidagi toʻrtlikni bitadi:

 

Men oshiqqa juda oʻxshar sham,

Ado boʻlib boramiz kam-kam.

Sham yonadi, yigʻloqi, oriq,

Beun, bedor va rangi sariq.

 

Bu toʻrtlikni rus tilidan oʻgirdim (arab shoiri va faylasufi Abu Aʼlo al-Maariy (979 yili tugʻilgan) asarlarini oʻzbek tilida koʻrmadim, balki tarjima qilinmagandir). Shu yetti xususiyatni, yaʼni: oshiq ham sham kabi kam-kam ado boʻlib borishi, har ikkalasining ham yonishi, yigʻloqiligi, oriqligi, beunligi, bedorligi va rangi sariqligini toʻrt qatorga sigʻdirarkanman, ifodalarga boy tilimizning goʻzalligi va taʼsirchanligidan faxrlandim. Ammo hozir gap bu haqda emas. “Jannatdan maktublar”da donishmandlik, achchiq satira, nozik qochirimlar nasriy satrlarda ham, sheʼriy parchalarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Shayx al-Karix asar muallifi, yaʼni al-Maariyning gʻoyaviy dushmani. Kattagina hajmdagi bu asar ana shu ikki shaxsning aqli, donishmandligi, falsafiy va ilmiy-badiiy qarashlari, til va tafakkur yuzasidan boʻlgan musohabalariga qorishiq holda kechadi.

Asar Shayx al-Karixning shoir al-Maariyga yoʻllagan zaharxanda maktubiga javob shaklida yozilgan. Oʻylaymanki, kitobda jamlangan “Olov uchqunlari”, “Luzumiyat” va “Jannatdan maktub­lar”ni oʻqib behad zavq olasiz.

 

 

Neʼmat ARSLON

 

“Yoshlik”, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.