Yozuvchi boʻlmoq nima degani?

0
207
marta koʻrilgan.

Yuxan BORGEN

 

Yozuvchi boʻlmoq qalbingni odamlarga ishonib ochib bermoqdir. Albatta, fikrlarni bayon qilish bilan bogʻliq yozma faoliyatning boshqa shakllari ham bor. Ular istagan narsaga – ilmga, texnikaga, hunarga, falsafaga, siyosatga, dinga taalluqli boʻlishi mumkin. Bularning soʻnggi uchtasi masalasiga kelsak, biz bayondagi muayyan tamoyil haqida gapirmogʻimiz mumkin. Shu tarzda tashviqot, daʼvat maydonga keladi. Xuddi shu tarzda bayonning ham qurama shakllari paydo boʻladi. Ular osonlik bilan biz badiiy asar deb ataydigan narsaga ham aylanib ketishi mumkin. Bu tushunchalarni bir-biridan farqlash hamma vaqt ham oson koʻchavermaydi. Bizning davrimizda bizga oʻxshagan badiiy adabiyot bilan bogʻliq boʻlgan odamlar bu soʻzni koʻpda yoqtiravermaymiz. Sirasini aytganda, juda balandparvoz, dabdabali soʻz-da! Undan koʻra koʻproq biz “nafis adabiyot” demoqni maʼqul koʻramiz. Lekin bu atamani ham muvaffaqiyatli deb hisoblash ancha qiyin.

Negaki, “nafis adabiyot” degani biz har narsadan avval intiladigan narsa emas-da… Rost, koʻp hollarda biz shu soʻzni qoʻllaganda nimani nazarda tutishimizni odamlar tushunishadi. Xoʻsh, biz bu soʻz zamirida nimani nazarda tutamiz? Hamma narsadan avval bunda gap “qayta yaratish” ustida boradi. Bu esa xayolot tushunchasi bilan bogʻliq. Xoʻsh, sirasini aytganda, xayolot deganining oʻzi nima?

Koʻplarga shunday tuyuladiki, goʻyo bu tushuncha boʻm-boʻsh osmonlarda parvoz qilib yuradi. Biroq bunday emas, xayolot hamisha tajribaga, kuzatishga asoslanadi. Bunday deya qolaylik – xayolot tajribani ilib oladigan bir uskuna. U bizning fikrlarimizni kerakli tomonlarga yoʻnaltirib turadi. Biz avvallari boshimizdan kechgan u yoki bu taassurotlarimizning rolini hamma vaqt ham yetarli darajada koʻz oldimizga keltira olmaymiz. (Holbuki, oʻtmishning ayrim taassurotlari hamisha biz bilan.)

Nazarimda menga shunday tuyuladiki, koʻpchilik odam maktabga birinchi bor qadam qoʻygan kunini yoxud suzishni oʻrganib olgan kunini yaxshi eslab qoladi. Bundan tashqari, birinchi muhabbat ham xotirada qoladi. Biroq hatto ana shu oʻta muhim voqealarga nisbatan ham biz ularning hamma tafsilotlarini toʻlaligicha eslab qolganmiz, deb ayta olmaymiz. Maktabga borgan birinchi kunimdan hammadan avval esimda qolgan narsa oʻsha kezlarda koʻtarib yurgan jildimning hidi. Bu jilddan ogʻilning yoki otxonaning hidi kelardi. Jildim teridan tikilgan boʻlib, aftidan, otxona hidi shu teridan taralgan boʻlsa kerak. Shuning uchun ot hidi maktabga qadam qoʻygan birinchi kunim bilan bogʻliq ravishda umrbod xotiramda oʻrnashib qolgan. Koʻz oʻngimda sinfxonamiz aniq-taniq namoyon boʻladi, xotiramda ovozlar, odamlarning aft-basharalari, Reydar degan oʻrtogʻimning qulogʻi gavdalanadi. Reydarning nomini eslashim bilan xotiramga boshqa ismlar, boshqa ovozlar, boshqa aft-basharalar keladi. Mening butun vujudimni xotiralar quyuni qamrab oladi. Jugʻrofiya darsligining koʻk muqovasi esimga tushadi va shu vaqtning oʻzida Knut degan bolaning Kristian degan bola bilan mushtlashganini eslab ketaman. Menga Knut koʻproq maʼqul edi, shuning uchun men uning tarafida edim. Mening xotiralarimda ham Knut gʻolib boʻlib qolgan.

Endilikda men adib boʻldim. Buning boisi shundaki, men otning hidini eslab qolganman. Aminmanki, hamma ham shunga oʻxshash voqeani boshidan kechirgan. Har bitta odam – shoir, shu maʼnodaki, allanechuk xotiralar bahonasida unda turli fikrlar tugʻiladi. Bu fikrlar yangi fikrlarga turtki beradi, ular esa xayolot olamini uygʻotadi.

Baʼzi hollarda biz juda yaxshi anglab turamiz – bizning xotiralarimiz xayolot olamining gʻaroyib oʻyinlari bilan bogʻlanib ketgan. Baʼzan bizning xotiralarimiz ongimizda turgan-bitgani haqiqatday gavdalanadi, baʼzan esa ular toʻqima sifatida namoyon boʻladi. Ammo agar ana shu “yolgʻon”, ana shu “toʻqima” shunday bir shaklga kirsaki va bu shakl ularga ham biz haqiqat deb atagan narsaga xos boʻlgan tugallik baxsh etsa, unda ular ham biz badiiy adabiyot deb ataydigan narsaga aylanishi mumkin. Bu oʻrinda endi men boyagina “yolgʻon” deb atagan narsamga hurmat bilan munosabatda boʻlaman, chunki u mening asarimga asos boʻlib xizmat qilgan quruq-yalangʻoch haqiqatdan koʻra chinroq boʻlishi mumkin…

Men yuqorida aytdim – xayolot samolarda parvoz qilib yuradigan narsa emas, balki sinalgan, boshdan kechirilgan narsalardan oʻzining ildiziga ega boʻlgan narsadir. Bu gaplarning hammasi toʻgʻri, faqat biz hamma vaqt ham oʻz tasavvurlarimizning mohiyatini chuqur anglab yetmaymiz. Buning ikkita sababi bor. Bir sababi shundaki, bizning taassurotlarimiz endi tugʻilayotgan paytdayoq siqib chiqarilgan. Bu taassurotlar siqilib, bir chekkaga surilib qolgan, ularni unutib yuborishga harakat qilingan. Buning ham har xil sabablari boʻlgan boʻlishi mumkin. Biz ular toʻgʻrisida toʻxtab oʻtirmaymiz. Boshqa sabab shundaki, sodir boʻlgan voqea hayotimizning juda ilk bosqichida roʻy bergan boʻlishi mumkin. (Bu ilk bosqich hatto homilalik paytiga ham toʻgʻri kelar.) Bu esa odatdagi tushunchadagidek eslab qolishga yoʻl bermaydi. Menga qolsa, “xotira” soʻzini “esdaliklar” soʻzi bilan almashtirgan boʻlardim. Albatta, bu soʻz eskicharoq jaranglaydi, lekin avvalgisidan chinroq. Shoirona ijod vaqtida roʻy beradigan narsa hozirgi daqiqada xotiralar qatlami ostida yashirinib yotgan xotira parchalaridir. Bularning bari bir soniya va hatto bir soniyaning boʻlaklari mobaynida roʻy beradi. Biz hammamiz shunga oʻxshagan kechinmalarni boshimizdan oʻtkazganmiz. Bu tuygʻu butun vujudimizni kezib chiqadi-yu, keyin gʻoyib boʻladi. Baʼzilar buni ilhom deb atashadi. Yomon soʻz emas. Siz yoshlar ham vaqti-vaqti bilan bunaqa tuygʻularni boshdan kechirib turasiz. Faqat bu toʻgʻrida kamdan-kam gapirasiz. Aftidan, Sizlarga bu narsa bulutlar uzra sayrday boʻlib koʻrinsa kerak. Lekin bu shunchaki bulutlar uzra sayohat emas. Bu oʻrinda men Sizlarga bir maslahat berishga jurʼat etaman – Siz oʻsha kayfiyatga beriling, uni oʻzingizda uzoqroq saqlab qolishga tirishing. Ilhom kelganda sanoqli sekundlar mobaynida Siz shoir boʻlib qolasiz. Endi oʻzingiz oʻylab koʻring – agar shunday daqiqalar hayotingizda borgan sari koʻproq va koʻproq takrorlanib tursa nima boʻladi? Shoirning maqsadlaridan biri – ana shunday lahzalarni muhrlab qoldirish yoxud qaytadan yaratishdir. Shuning uchun ham men Sizlarga “Uygʻoninglar!” deb xitob qilyapman. Biz “voqelik” deb ataydigan narsadan bosh olib qochmoq uchunmi? Yoʻq, aksincha. Voqelikni yorqin, chinakam manzaralarda muhrlab qoldirish uchun!

Albatta, hammaning ham professional shoir boʻlishga iqtidori yetishavermaydi. Biroq biz ilhomli onlardan foyda chiqaza bilmogʻimiz darkor. Bu shuning uchun zarurki, bizning zamonimizda manaman deb yaqqol koʻrinib turuvchi foyda bilan bir necha muddat oʻtgandan soʻng ziyonga aylanib qoladigan narsa oʻrtasidagi chegara qayerdan oʻtishini aytib berish oson emas. (Men, masalan, ekologik tanazzulni nazarda tutyapman. Ekologik tanazzul nima ekanini hammangiz ham, tabiiyki, yaxshi bilasiz. Bilmasanglar, muallimlaringizdan soʻrang. Muallimlaringizning hammasi ham ovsar emas).

Agar Siz hayron boʻlib, mendan “Bu badiiy ijod deganingizning oʻzi, aslida, nimaga kerak?” deb soʻrasangiz, men javob beraman: badiiy ijod odamzodni faolroq qilmoq uchun, uning qobiliyatlari, xayolot kuchini ragʻbatlantirmoq uchun va shu bilan unga ato etilgan hayotni yanada toʻlaqonli qilmoq uchun kerak. Negaki, badiiy asar – axborot degani. Yuqorida gapirib oʻtganimdek, muallif qalbining eng teran puchmoqlarida ardoqlab yurgan boyligini sizga ishonib ochib beradi. Yana bir bora takrorlayman – eng ardoqli boyligini! Sen bu asarni oʻzing xohlagan koʻylarga solishing mumkin, undan yuz oʻgirishing mumkin. Agar haqqim bor deb hisoblasang – unga tupurishing mumkin. Yoki uni qabul qilishing, jilla boʻlmasa, bir daqiqaga qabul qilishing mumkin. Ana shunda bizning oʻrtamizda mubohasa boshlanib ketadi. Biz – yozuvchilar esa, sirasini aytganda, ayni shu maqsadga intilamiz.

 

Ozod ShARAFIDDINOV tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.