Yaxshi yozay desangiz

0
269
marta koʻrilgan.

Mark Tven (1835–1910) sarguzasht romanlaridan tashqari, oʻtkir hajvi, hikmatli soʻzlari bilan ham mashhur. Dunyo eʼtirof etgan adibning boshlovchi yozuvchilarga bergan maslahatlari, shubhasiz, maktab vazifasini oʻtaydi.

 

  • “Juda”, “oʻta” degan soʻzni ishlatmoqchi boʻlganingizda uning oʻrniga har safar “haddan ortiq” yoki “behad” iborasini qoʻllang. Shunda muharrir bu soʻzlarni oʻchirib tashlaydi va yozganlaringiz binoyiday boʻladi-qoladi.

Xulosa: ortiqcha soʻzlarsiz, aniq, ravon, taʼsirli yozing. Oʻrinsiz hayajon yoki yasama mubolagʻa sunʼiylikka olib keladi.

  • Sizga birov qalamhaqi taklif qilmagunicha, tekinga yozavering.

Ijodkor boʻlishni chin yurakdan istang, oʻz ishingizni seving. Faqat pul yo shon-shuhrat uchun yozsangiz, yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Bundan hafsalangiz pir boʻladi va ijoddan tezda koʻnglingiz qoladi.

  • Maqola yozish uchun eng qulay fursat – uni oʻzingiz uchun yozib tugatgan paytingizdir. Faqat shundagina asli nima demoqchi ekaningizni aniq-tiniq anglaysiz.

Ilk urinishlar faqat qoralamalar, xolos. Buyuk yozuvchilarning aksariyati asarlarini qayta-qayta yozgan, tahrir qilgan. Ishlashdan, fikrlashdan erinmang.

  • Gʻoya, fikr hammada bor. Biroq hamma ham uni keragicha ifodalay olmaydi. Bitta xatboshida aytish mumkin boʻlgan fikrni uzundan-uzoq choʻzadiganlar koʻp.

Soʻzlarni tejang, loʻnda yozishni oʻrganing. “Soʻz boʻtqasi” hech kimga kerak emas. Ortiqcha iboralar tushunarlilik darajasini tushirib yuboradi.

  • Bir safar baxtli tasodif tufayli bir narsani anglab yetdim: yarmiga kelib “toʻxtab” qolgan kitob – agar ozgina nafas rostlab, unga yangi kuch va gʻayrat bilan kirishsangiz – yurishib ketadi. Xom va pala-partish maqolalarga ham biroz tanaffusdan soʻng yangi ruh berish mumkin.

Ish unmay qolishi hammada kuzatiladi. Ijodiy kayfiyat oʻzgaruvchan boʻladi. Dam oling, boshqa yumushlar bilan shugʻullaning. Biroq tanballashib qolmang ham.

  • Buyuk kitoblar uslubi va mohiyatiga qarab baholanadi, qoliplangan grammatikasiga qarab emas.

Diqqatni gʻoya, uslub va syujetga qarating. Yozib boʻlgandan keyingina grammatika, ega-kesimning oʻrni haqida bosh qotirishingiz mumkin.

  • Sifatlar masalasida bir gap: ikkilanyapsizmi, oʻchirib tashlang.

Soʻzlarni, ayniqsa, sifatlarni qoʻllashda eʼtiborli boʻling. Maʼnosini yoki oʻrnini bilmay ishlatgan soʻzingiz teskari, kulgili yoki mavhum maʼno keltirib chiqarishi mumkin.

  • Qisqa ibora va gaplar, oddiy til taʼsirchan ekanini angladim. Chin koʻngildan yozyapsizmi, shu uslubni mahkam tuting. “Parday mayin va gulday chiroyli” iboralar oʻquvchini chalgʻitishiga yoʻl qoʻymang.

Qanday usulni tanlash – oʻzingizga havola. Eng muhimi – mohiyat. Yozganingizni oʻqigan odam nima deyayotganingizni, nima demoqchiligingizni tushuna olsin.

  • “Ayol baqirdi”, demang. Uni shunday vaziyatga olib kelingki, oʻzi baqirsin.

Voqealarni xuddi koʻrib turganday, oʻzingiz qatnashayotganday tasvirlang. Shunda oʻquvchi ham shu tarzda mutolaa qiladi.

  • Bir xil usulda yozadigan adiblarni umuman tushuna olmayman.

Yangicha usullarni qidiring, soʻz yasab koʻring. Tasvir va ifodada tajribalar qiling.

  • Toʻgʻri soʻz va deyarli toʻgʻri soʻz oʻrtasidagi farq xuddi chaqmoq bilan tillaqoʻngʻiz oʻrtasidagi farqqa oʻxshaydi.

Soʻzlarni tanlash va qoʻllashga jiddiy ahamiyat bering.

  • Siz qancha koʻp tushuntirsangiz, men shuncha kam tushunaman.

Yana oʻsha gap: ravonlik, loʻndalik. Ortiqcha tafsilotlarga umuman oʻrin bermang.

 

Mark TVEN

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2015 yil 9-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.