Vujudimiz ham tarbiyaga muhtoj

0
162
marta koʻrilgan.

Inson uchun salomatlik juda muhim. Agar sogʻligingizni yoʻqotsangiz, ishlash u yoqda tursin, hatto dam olish ham koʻnglingizga sigʻmaydi.

Fan-texnika taraqqiyoti hayot tarzimizga juda katta qulayliklar olib keldi, yashashimizni osonlashtirdi. Lekin mana shu yengilliklar bizni kamharakat, erinchoq qilib qoʻydi. Bugun hatto ochiq eshikni ham oʻzimiz berkitgimiz kelmaydi, pult boʻlsayu oʻtirgan joyimizda yopib qoʻya qolsak. Bu kayfiyat sabab butun hayotimiz jarayonida katta yoʻqotishlarga uchraymiz. Ularning eng kattalaridan biri salomatlikdir.

Soʻnggi yillarda butun dunyoda umurtqa pogʻonasi va mushaklar bilan bogʻliq kasalliklar koʻpayib, “yosharib” boryapti. Bu ayniqsa shahar aholisida koʻp kuzatiladi. Aksariyat vaqtini kompyuter stolida yoki televizor qarshisida oʻtkazadigan yosh avlod tabiatdan butunlay uzilgan holatda hayot kechiryapti. Natijada yoshligidayoq turli kasalliklarga chalinyapti. Albatta, yoshlar orasida sport bilan muntazam shugʻullanadigan, sogʻligiga jiddiy eʼtibor beradiganlar anchagina. Lekin ota-onalar bu masalaga doim eʼtibor bilan qarashi, bolalarning jismoniy rivojlanishi uchun qaygʻurishi kerak.

Moʻmin kishi omonatga xiyonat qilmaydi. Aslida, tanamiz ham biz uchun omonatdir. Unga eʼtiborsiz munosabatda boʻlish yaramaydi. Vujudimiz ham ruhiyatimiz, tafakkurimiz kabi tarbiyaga muhtoj. Har qanday tarbiya jarayoni kabi badantarbiya, jismoniy tarbiya jarayoni ham qiyinchilik bilan kechadi. Biroq qonimizni uyushtirib, ongu shuurimizni xiralashtirayotgan dangasalikni davolashimiz shart. Mayli, jonimiz qiynalsin, oh-voh tortsin. Agar qushday yengil, boladay tiyrak boʻlib yurishning mazasini totsangiz, badantarbiyaning ahamiyatini chuqurroq his qilasiz. Eskilar bekorga “Sogʻ tanda sogʻlom aql” demagan. Tani sogʻ, fikri uygʻoq odam koʻp narsaga erishadi.

 

Orif Tolib

Oldingi sahifaAyb kimda?
Keyingi sahifaDaraxt
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.