Toʻti ham soʻzlaydi, ammo…

0
256
marta koʻrilgan.

Kaykovusning “Qobusnoma” asari turkiy xalqlar adabiyoti tarixida muhim oʻrin egallagan. Pand-nasihat tarzida yozilgan asarning tarbiyaviy taʼsiri beqiyos. Muallif asar orqali toʻgʻrisoʻzlik, muloyimlik, behuda soʻzlamaslik, yolgʻon gapirmaslik, yaxshilik qilish, yomon odamlardan uzoq yurishni uqtiradi. Tanballik, takabburlikni qoralaydi. Alloma soʻz va soʻz sanʼatining ahamiyatini yuqori bilib, notiqlar oldiga quyidagi shartlarni qoʻyadi:

Bilgilkim, hamma hunarlardan soʻz hunari yaxshi… Soʻzni juda ham qimmatli deb bilgil, chunki (soʻz) xor narsa emasdir…

* * *

Soʻz toʻrt navʼ boʻladi: birinchisi bilishga, aytishga hojati yoʻq soʻzlar; ikkinchisi bilishga va aytish zarur boʻlgan soʻzlar; uchinchisi bilishga zaruriyati yoʻq, ammo aytsa boʻladigan soʻzlar; toʻrtinchisi bilsa boʻladigan, ammo aytishga hojati yoʻq soʻzlar…

* * *

Soʻz maʼnoli boʻlmogʻi kerak. Ey farzand, soʻzning yuz va orqa tomonini bilgil, ularga rioya qilgil, soʻzlaganingda maʼnoli gapir, bu notiqlikning alomatidir. Agar gapirgan vaqtingda soʻzning qanday maʼnoga ega ekanini bilmasang, qushga oʻxshaysan, bunday qushni toʻti deydilar. Toʻti ham soʻzlaydi, ammo soʻzning maʼnosini bilmaydi.

* * *

Amaldorlar bilan amaldorlardek, oddiy odamlar bilan oddiy odamlardek soʻzlashgil, (bunday vaqtda ham) donishmandlik chegarasidan chiqma, sening soʻzing eshitgan kishiga ogʻir tuyulmasin, (agar shunday boʻlmasa) sening soʻzingni hujjat va dalil bilan ham eshitmaydilar, (bunday vaqtda) ularning roziligiga qarab soʻzlagil, (shu bilan sen oʻsha sharoitdan) salomat qolasan. Har kishiga gapirmoqchi boʻlsang, qaragilkim, u sening soʻzingga xaridormi yoki yoʻqmi. Agar tinglovchi sening soʻzingga xaridor boʻlsa, soʻzingni aytgil (agar shu soʻzingni xaridor xohlamasa), u soʻzni qoʻyib, eshitguvchiga yoqadigan soʻzni gapir, toki sening soʻzingga xaridor boʻlsin.

* * *

Agar soʻzni va ilmni yaxshi bilsang ham hech bir soʻzni buzma, toʻgʻri taʼrifla. Soʻzni bir xil gapir.

* * *

…har kishining ahvoli oʻz soʻzi betida yashiringan boʻladi. Yaʼni bir soʻzni bir iborat bilan aytsa boʻladi, eshitgan kishining esa koʻngli parishon boʻladi, shu soʻzni boshqa bir iborat bilan aytsa, eshitgan kishining koʻngli bahra oladi.

* * *

Ilmni yaxshi oʻrgangil. Bilgan ilmingni yaxshi iboralar bilan bayon qilgil. Bemaʼni daʼvo bilan xijolat boʻlmagil. Oʻzingga maʼlum boʻlgan va yaxshi bilgan soʻzlaringni koʻproq aytgil. Bemaʼni soʻzlar bilan sharmanda boʻlmagil.

* * *

Agar soʻzning yuksak (va taʼsirchan) boʻlishini istasang, kinoya, istehzoli gapni (koʻp) soʻzlama, mumkin qadar istioralarni ishlatgil.

Agar munozara qilishni istasang, dushmanga qara, agar u bilan tortishmoqqa quvvating yetsa va soʻz choʻzilsin desang, dalillar va misollar bilan munozara qilgil. Boʻlmasa soʻzni toʻxtatib, bir misolga qanoat qilgil, bir isbot bilan tur, rad qilma, ehtiyot boʻlgilki, avvalgi soʻzingni keyingi soʻzing buzib yubormasin”.

* * *

Soʻz (nutq) nafis, koʻrkam, goʻzal boʻlmogʻi kerak. U taʼsirchan boʻlib, kishilarda havas, ragʻbat uygʻotishi lozim. Oxirgi maqsadni aniq bayon qilishga, nafis soʻzlashga harakat qil. Juda ham uzun va juda ham qisqa soʻzlamagil va bemaʼni soʻz demagil. Oxirgi maqsadni aniq bayon qilishga, nafis soʻzlashga harakat qil.

* * *

Xalq oldida gapiradigan soʻzing goʻzal boʻlsin, bu soʻzni xalq qabul qilsin. Goʻzal til bilan soʻzlagil, kiyimingni pok tutgil. Taʼsirli soʻz aytgil, naʼra ursinlar va majlisni qizdirgil. Xalq yigʻlasa, sen ham goho yigʻlagil.

* * *

Ey farzand, koʻp kishilar debdurlarki, mazax – yomonlikning muqaddimasidir. Mazax, yaʼni xonaki soʻz bilan kishiga daxl qilishdan hazar qil. Hazilni mastlik vaqtingda qilma, chunki yomonlik hazildan kelib chiqadi.

* * *

Minbarda turish odobini saqlagil, takabburlikdan, yolgʻon soʻzlashdan va poradan uzoq boʻl. Minbar ustida sust, xoʻmrayib, sovuq soʻz boʻlib oʻtirmagil. Hamisha harakat qilib turgil. Soʻz aytayotgan vaqtingda majlis ahliga qaragil, agar nutqni tinglasalar, soʻzlagil, agar afsona eshitishni tilasalar afsona aytgil. Chunki xalq senga xaridor boʻlib, hamma seni qabul etgandan soʻng, hech narsadan qoʻrqmagil.

 

SOJIDA toʻpladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.