Tob tashlamas asarlar

0
410
marta koʻrilgan.

… Koʻp narsa qiyosda bilinadi. Deylik, togʻning naqadar ulugʻvorligini anglash uchun maʼlum masofadan turib qaraladi.

Keyingi paytlarda kasbimiz taqozosiga koʻra, maʼlum majburiyatlar yuzasidan ham koʻplab qoʻlyozmalarni oʻqishga toʻgʻri kelayapti. Toʻgʻrisi, ularni qoʻlyozma deb atashga ham til bormaydi: aksariyati oppoq, silliq qogʻozlarda, koʻzingni quvnatadigan darajada chiroyli shriftlarda printerdan chiqarilgan, hatto ayrimlari rangli muqovalaru suratlar ila bezatilgan… Tap-tayyor kitob deysan; shundoq ochasan-u, xatm qilib ketaverasan. Oʻquvchi uchun bundan ortiq baxt bormi, bundan ortiq huzur bormi…

Taassufki, bu jarayon aksar hollarda biz oʻylagan, tasavvur etganchalik silliq kechmaydi: matndagi dastlabki jumlalarni oʻqishing bilan qoʻl beixtiyor qalamga choʻziladi… Bir, ikki sahifadan soʻng bu injiqlikdan charchaysan, behuda sovirilayotgan vaqtingga achinasan, ammo “Bir narsa chiqib qolar” degan ojizona umid-ilinj bilan mutolaani davom ettirasan; vaholanki, juda yaxshi bilib turasan: “… qoʻlga olish bilan jozibasiga tortib ketmaydigan adabiy asar yaxshi narsa boʻlmaydi” (Abdulla Qahhor).

Shunday paytlari beixtiyor koʻngil oʻzing eng yaxshi, eng gʻaroyib deb hisoblagan kitoblar tomon talpinadi, maʼquli oʻshalarni, taʼbir joiz esa, vaqt oʻtgan sayin taʼmi-shirasi oshib borayotgan asarlarni yana bir marta shavq bilan oʻqish ekan-ku, degan istak yetovida kutubxonangga oshiqasan. Kamina quyida mana shunday lahzalar qoʻlimga oladigan kitoblaru elektron qoʻlyozmalarning ayrimlarini sanab oʻtadi.

 

Abdulla QAHHOR. “Haq soʻzning kuchi”.

Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1989 y.

…Yuqori sinflarda oʻqib yurgan kezlarim, jurnalda bir qissacham bosilib chiqdi-yu, oʻz-oʻzidan “maktab klassigi”ga aylandim-qoldim. Xatlar, sal lofi bilan aytganda, kuniga qoplab keladi deng. Oʻzimcha “Yozish oppa-oson ish ekan-ku! Eh-he, men hali…”, deya gʻoʻddayib ham qoʻyaman. Taqdirning inoyatini qarangki, xuddi shu mahallari qoʻlimga Abdulla Qahhor asarlari olti jildligining oxirgi tomi tushib qoldi. Hamon esimda, muqovasi qora edi. Kitobni bir oʻqidim, ikki… Maqolalar, suhbatlar, xatlardan tashkil topgan kitob meni osmondan yerga tushirib qoʻydi, adabiyot kosibchilik emas, oʻta murakkab, mashaqqatli hunar ekanligini anglatdi. Men sharillatib yozib tashlayotgan koʻp mashqlarim “Boʻri tishiga sera kislotasining taʼsiri” qabilidagi dovdirash, toʻgʻrirogʻi “adabiy brak” ekanligini, “yozuvchi oʻzi his qilmagan narsa toʻgʻrisida yozsa, buni oʻqigan oʻquvchi ham hech narsani his qilmasligini” tushundim. Men “yozilgan narsani oʻchirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun isteʼdodning oʻzi kifoya qilmasligini, insof ham kerakligini” anglab yetdim. Qarasam, yozganlarimda qoldirishdan koʻra oʻchirilishi kerak boʻlgan joylari koʻproq ekan…

Qisqasi, bu kitob men uchun oʻziga xos adabiy kurs boʻldi. Kitobdan olingan uzun-uzun iqtiboslarni yon daftarimga koʻchirib charchamasdim. Oltinchi jild uzoq yillar yostigʻim ostida saqlanadigan kitob boʻldi. Shunga qaramasdan, rosa targʻib-tashviq etganimdan soʻng qiziqib qolib, uni olib ketgan bir havaskor tanishim qaytarish muddati kelganida “yoʻqotib qoʻydim” deb bahona qilganida rosa kuyganman…

Nihoyat 1989 yili Abdulla Qahhorning maqola va suhbatlari besh jildlik “Asarlar”ning beshinchi jildida chop etildi. Shundan buyon bu kitobni yonimdan qoʻymayman.

Oʻylab qarasam, Qahhor qalamga olmagan mavzuning oʻzi qolmaganday. Kuni kecha “Yoshlik”chilar “Oʻzingiz yoqtiradigan asarlar haqida bir nima yozib bering”, deb qolishganida, men beixtiyor ulugʻ adibimizning “Yaxshi jurnalning qulogʻi xalq koʻksida boʻlishi kerak” degan maqolasini esladim. Yodingizdadir: “Jurnalning endigi vazifalari adabiyotimiz oldida turgan umumiy vazifalardan kelib chiqadi. Adabiyotimiz oldida turgan vazifalar esa hamon xalq hayotini boʻyamasdan, buzmasdan koʻrsatish, yaxshi hayot kechirish uchun kurashda xalqqa chin koʻngildan yordam berish boʻlib qoladi”. Hayratlanmay boʻladimi: xuddi shu bugun aytilayotganday tuyuladigan bu haroratli soʻzlar 1958 yili qogʻozga tushgan.

Oʻzingiz ayting, bunday kitobni qayta-qayta oʻqimay boʻladimi…

 

“Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf”.

Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2011 yil

Shap-shap deguncha shaftoli deb qoʻyaqolgan maʼqul. Biz hamisha mulohazalarimizni soddaroq, hammaboproq, taʼsirchanroq, mazmunliroq, iloji boʻlsa, quyma fikrlarda ifodalashga urinamiz. Bunaqa paytlari bizga donish ahlining asrlar sinovidan oʻtgan hikmatlari koʻmakka keladi.

“Qalb koʻzi” gazetasida eʼlon qilinayotgan mumtoz faylasuflarning hayoti haqidagi maqolalarni, aforizmlarini imkon darajasida toʻplab borayotgandim. Buni qarangki, ularning hammasi jamlanib, kitob holida chop etilib qoldi.

Miletlik Falesdan (miloddan avvalgi 625–547 yillar) yunon faylasufi Aflotungacha (miloddan avallagi 428–347 yillar), xitoylik Men-szidan (miloddan avvalgi 372–289 yillar) buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sinogacha, nishopurlik Umar Xayyomdan farangistonlik Fransua de Laroshfukogacha, ingliz Jon Lokkdan olmon Immanuil Kantgacha, farang Shamfordan rus Rozanovgacha buyuk mutafakkirlarning eng mashhur, sermazmun, mohiyati chuqur hikmatlari kitobdan oʻrin olgan.

Donishmandlik, tafakkur hech qachon eskirmaydi. Qarang, bir tomonda hazrat Sulaymon “Ertangi kun bilan maqtanma, chunki u nimalarni taqdim etishini bilmaysan”, deb turibdi. Ikkinchi tomonda esa pirenalik Biant “Baxtsizlikka dosh berolmaydigan odam baxtsizdir”, deb uqtirmoqda. Lao Szi sharqona odob ila “Bilguvchi soʻzlamaydi, soʻzlaguvchi bilmaydi”, desa, Demokrit “Nafaqat yovni yengganlar, balki oʻz nafsi ustidan hukmronlik qila olganlar ham marddirlar”, deya unga joʻr boʻlayotganday… Tap-tayyor hayotiy shiorlar-da…

Xullas, dunyo tafakkur xazinasining birgina qismini oʻzida jamlagan bu toʻplam sahifalarini chizib belgilab, qayta-qayta oʻqishga, uqishga arziydigan kitobdir.

 

Bahodir YOʻLDOSHYeV. Suhbatlar, maqolalar, esdaliklar.

“San’at” jurnali nashriyoti. Toshkent, 2015 yil.

Teatrni yaxshi koʻraman. Mahmudxoʻja Behbudiy bobomiz “ibratxona” deb atagan teatrni. Yanglishmasam, Belinskiy ham “Teatrga choping, teatr ostonasida vafot eting”, deb yozgan.

Ibratxonaga ehtirom va maʼlum tayyorgarlik bilan kiriladi. Ibratxonadan qalbga bogʻliq nedir taassurot olib chiqmaslik esa, Hazratning mashhur taʼbiri ila aytganda, hammomdan nopok chiqmoqday gap.

Teatrni yaxshi koʻraman. Teatrga borish haqiqiy bayramga aylanishini, zalga hayajon va ehtirom bilan qadam qoʻyishni, sahnadagi qahramonning dardi mening dardimga aylanishini, u bilan qoʻshilishib kulishni, yigʻlashni istayman.

Shukrki, yurtimizda shunday teatr, shunday asarlarni sahnaga olib chiqadigan rejissyor bor. Bilaman, bu sohada bilimim kamroq, lekin men bu teatrni, unda oʻynayotgan aktyorlarni, rejissyorni tushunishga harakat qilaman. Bu kitob menga ana shu ishimda qoʻl keladi.

“Rejissyorlik teatri hali vujudga kelganicha yoʻq…”, “Teatr – mening insofim, diyonatim, imonim…”, “Hamlet – mening doʻstim. Men har tong uning yodi bilan uygʻonaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga shu dunyoni sevaman…”, “Yuzdan ortiq spektakl qoʻyganman… Lekin shundan toʻrt-beshtasigina mening asarlarim. Bular – “Qaroqchilar”, “Roʻyxatlarda yoʻq”, “Boʻronlarda bordek halovat”, “Qora kamar”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”…”, “Tekislikdan koʻra togʻda yurish osonroq. Odatda, yoʻl yurilganda, u agar tekis, ravon boʻlsa, odam uxlab qolishi mumkin…”, “Odamga qancha erkinlik bermang, oʻzi istamasa, yoʻlini topmasa, u hech qachon ozod boʻlolmaydi…”, “Men oʻylaymanki, oʻzbeklarning birinchi dramaturgi – Navoiy. Alisher Navoiyning har bitta sheʼridan spektakl yaratsa boʻladi. Yaxshi yetuk, chiroyli spektakl yoki film yaratsa boʻladi…”, “Teatrlarimiz oʻz tomoshabinining saviyasidan ham orqada qoldi. U tomoshabin talablariga javob berish darajasida emas…”, “Bugun kasbini tirikchilik oʻtkazish vositasiga aylantirgan aktyorga qanday qilib Robiya, Shayx Sanʼon yoki boshqa ulugʻ insonlarning rolini ishonib topshirish mumkin…”, “Asl teatr tarbiya koʻrgan, oʻqimishli, sanʼatni tushunib qadrlaydiganlar uchun muhimroq…”, “Armon bitta – yaxshi spektakl qoʻyish…”, “Xiyonatlar ichida eng ogʻiri kasbga qilingan xiyonat deb bilaman…”, “Haqiqiy inson isyon bilan yashaydi. Lekin bu isyon birinchi navbatda odamning oʻziga qaratilgan, oʻziga qarshi boʻladi…”, “Aktyorning oʻzi kam dunyoda…”, “Eng yomoni kitob chiqarishga koʻp intilish…”, “Nima uchun sahna balandroqda joylashgan? Faqat tomoshabinning yaxshi koʻrishi uchun emas, balki bu – sahnadagi aktyor saviyasi, dunyoqarashi balandroq boʻlishining ramziy belgisi. Oʻshandagina u yetakchilik qila oladi…”. Bular hammasi Bahodir Yoʻldoshevning aytganlari. Men bu fikrlarni qayta-qayta oʻqiyman, yana teatrni, sahna ijodkorlarini tushunishga harakat qilaman. Balki bu qoʻlimdan kelmas. Nima qipti? Bahodir aka aytganiday, “Premera kuni spektakl… oʻladi”. Demak, repetitsiya jarayoni muhim. Kamina uchun esa teatrni anglashga urinish jarayoni ahamiyatliroqdek…

 

Yohgann Volfgang GYOTYe. “Faust”.

“Yangi asr avlodi”, Toshkent, 2015 yil.

Dunyoning eng sirli tilsimoti boʻlgan Inson qalbi uchun kurash bu qadar mahorat bilan aks ettirilgan asar jahon adabiyoti durdonalari ichida ham kam topilsa kerak. “Faust” bir qaraganda ezgulik va yovuzlik, adolat va qabohat, oq va qora ranglarning oʻzaro kurashi inshosidek taassurot qoldiradi. Ammo sahifadan sahifaga oʻtgan sayin qahramonlarning murakkab taqdiri, feʼl-atvori, borliqqa, dunyoga munosabati, keng koʻlamli ziddiyatlar sizni oʻziga maftun eta boradi. Hattoki “… hargiz yomonlik tilab – Yaxshilik qilguvchi kuchning bir qismi” boʻlgan Mefistofel ham qop-qora boʻlib emas, ranglar taloshida koʻrina boshlaydi. Uning yoddan chiqmas pichinglari-chi. Deylik: “Ajabo, parvoz qilmoqchi boʻlasan-u, boshing aylanib qolishidan qoʻrqasan…”

Muhabbat asirasi Margarita-chi? Oʻz oshigʻiga yetish niyatida onasiga uyqu dori berib oʻldirgan, akasi Valentinning bevosita qotiliga aylangan, oʻzi dunyoga keltirgan farzandini suvga otgan bu shoʻrlik juvon eng shafqatsiz jazolarga mustahiq! Ammo u hayotining soʻnggi onlarida tavba qiladi va… kechiriladi…

Asarning bunday qalbingizni larzaga soladigan koʻpdan-koʻp oʻrinlarini qayta-qayta oʻqiyverasiz, oʻqiyverasiz…

Yodimda, “Faust” ilk bor nashr etilgan yillari bir samarqandlik matematik akamiz dostondan uzun-uzun sheʼrlarni yoddan oʻqib, hammamizni hayron qoldirgandi. Keyinroq oʻylab koʻrsam, buning sababi Gyote qahramonlarining – tarjimon mahorati sababli, albatta – sof oʻzbekcha gapirayotgani ekan. Oʻzingiz mana bunday oʻzbekona misralarga eʼtibor bering: “Jilvaning umridur bir lahza faqat, Avlodlarga qolur haqiqiy sanʼat”. Yoki: “Gap koʻp boʻlaversin, fikr shart emas. Xaloyiqni hang-mang qilolsangiz bas”. Yoki: “Sizga nur kerakmi – mana chiroqlar, Qancha kerak boʻlsa ayamang, yoqing”. Yoxud mana bu jumlalar tagiga bugungi kunimizning shoiri ham jon-jon deb imzo qoʻygan boʻlardi deb oʻylayman: “Inson tabiati uyquga moyil…”, “Chinakam iqtidor yoʻq boʻlgan joyda Peshona teridan qanchalik, foyda?!”

Mana bu misralar-chi:

 

Goh ilhom zabt etsa koʻngillar kunjin

Ucharmiz chulgʻanib moviy tumanga.

Lekin yelkamizga osilgan xurjun

Darhol olib tushar bizni tubanga.

 

Albatta, “Faust”dek murakkab asarni oʻzim qanday tushunishga urinishim haqida uzoq gapirishim mumkin. Ammo bunday joʻn mulohazalarga vaqt sarflagandan koʻra asarning oʻzini oʻqib qoʻya qolgan maʼqulroq-ov…

 

Bertold Brext. “Galiley hayoti”. Pyesa

Avvaliga bu dramaning Tagankadagi teatrda 1966 yili qoʻyilgan sahna koʻrinishini tomosha qildim. Bosh rolni Vladimir Visotskiy ijro etgan ekan. Tomoshadan keyin matn bilan shoshmasdan tanishish istagi tugʻilgandi, baxtimga asar internetda bor ekan.

Darvoqe, 1956 yilgi Germaniya premyerasidan soʻng artistlar hayajonga tushgan tomoshabinlar talabiga koʻra sahnaga oltmish marta(!) taʼzimga chiqqani, olmon tanqidchilari esa “Spektakl nemis teatrida burilish yasadi”, deb yozganidan boxabar edim, albatta.

Yaxshi asar barcha zamonlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi oddiy aksiomaga aylanib ulgurgan haqiqat. Biz bunday voqelikni mazkur pyesa qismatida ham koʻramiz.

Yozuvchilar bashoratgoʻy boʻlishadi. Muhojirlikda, Daniyada 1938–1939 yillari qogʻozga tushgan bu asar tez orada… atom fizikasi bilan bogʻliq ravishda qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Pyesada tarixiy faktlarga suyanilgan: XVII asrda Italiyada yashagan Galileo Galiley kardinal-inkivizitor talabiga koʻra, toʻgʻrirogʻi, qiynoq asboblari namoyish etilganidan soʻng oʻz ilmiy qarashlaridan voz kechadi. Biroq olim tadqiqotlarini yashirincha davom ettiraveradi: “U baribir aylanaveradi!” Nihoyat 28 yillik izlanishlar natijasi boʻlgan qoʻlyozmasini mamlakatdan yashirincha olib chiqib ketishni shogirdidan iltimos qiladi.

Ayrim mutaxassislar yozuvchi bu asari bilan tamaddunning texnotsentrik rivojlanishini yoqlamoqda, degan xulosaga kelishdi. Tez orada atom bombasining yaratilishi, hatto uning insoniyatga qarshi qoʻllanilishi bu fikrni tasdiqlagandek boʻldi. Biroq boshqa mutaxassislar ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida Galiley tutgan ayyorona yoʻlni maʼqullashdi.

Bu munozaralardan qatʼi nazar, asar, eng avvalo, badiiy jihatlari, obrazlarning pishiq-puxtaligi bilan eʼtiborni tortadi. Bir misol. Ustozidan hafsalasi pir boʻlgan shogird Andrea gʻazab bilan: “Oʻz qahramonlari yoʻq mamlakat baxtsizdir!” deydi. Bu eʼtirozga Galiley xotirjamlik bilan, donishmandlarcha javob qaytaradi: “Yoʻq! Qahramonlarga ehtiyoji bor mamlakat baxtsizdir!”.

Umuman, pyesada Brextga xos topqirlik, fikrni toʻlaqonli asoslab berish isteʼdodi yarq etib qoʻzga tashlanib turadi. Qahramonlarning mana bu gaplariga eʼtibor bering: “Toʻsiqlar koʻpayganida ikki nuqta orasidagi eng yaqin masofa egri chiziq ham boʻlishi mumkin…”, “Hamma narsaga ham zoʻrlik bilan erishib boʻlmaydi. Zoʻrlik mutloq hukmdor kuch emas…”, “Haqiqatni bilmaslik ahmoqlik, xolos. Biroq uni bila turib, yolgʻon deganlar jinoyatchilardir…”, “Hadeb faqat qirgʻoq boʻyidagina choʻmilavermasdan, qachondir ochiq dengizga ham chiqish kerak…”, Va nihoyat butun asardan “qizil ip” boʻlib oʻtgan gʻoya: “Mushohada yuritmoq bu – insoniyatga ato etilgan eng buyuk neʼmatlardan biridir!”

Ha, bunday asar ustida har qancha mushohada yuritsangiz arziydi…

 

Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”.

Kundaligimga yozib qoʻygan ekanman:

“Bu romanni oʻqish ogʻir.

Biroq oʻqimaslik ham mumkin emas.

Har gal tez tugab qolganiga afsuslangan koʻyi kitobning soʻnggi sahifasini yoparkanman, mana shu asarni Inson bolasi yozganiga ishongim kelmaydi…”

Afsuski, kichkina bir maqolachaga katta romandan olingan katta taassurotlarni hattoki muxtasar tarzda ham joylab boʻlmaydi.

Men oʻzim romanning ikkinchi qismidagi “Buyuk inkvizitor” bobini qayta-qayta oʻqiyman. Bobda ezgulik va yovuzlik, yaratguvchi va yoʻq qilguvchi, oq va qora kuch oʻrtasida bahs ketadi. Nazarimda, romanning eng yuksak, insonning ong-shuuri, aqli bovar qilmas yuksaklikdagi choʻqqisi mana shu muloqotda aks etgan.

“Buyuk inkvizitor”ni oʻqib chiqib, uning taʼsirida yurgan chogʻlarim beixtiyor insoniyat tarixidagi eng yovuz, eng qonxoʻr diktatorlar, monarxlar, podsholar, imperatorlar, qirollar xuddi toʻqson yoshli mutaassib kardinal kabi fikr yuritgandek tuyulaverdi. Zero, ularning hech biri “Oʻzim uchun qon toʻkayapman” yoxud “Ermak uchun ming-minglab odamlarni oʻldirayapman”, demaydi, balki oʻz yovuzligini soxta shiorlar ortiga yashiradi. Eng yomoni – aksar hollarda ular oʻzlarining gaplariga ishonadilar ham. Ishonch aralashgan johillik esa vahshiylik tugʻdiradi.

Dostoyevskiy dahosi bu hodisotni qanchalar teran anglagan, qanchalar chuqur tushungan va shunchalar shafqatsizlik hamda qatʼiyat bilan kitob sahifalariga koʻchirgan.

Nahot oshqozon dardi, bir burda non qaygʻusi bani bashar minglab yillar davomida amal qilib kelgan insoniy munosabatlarni xazondek supurib tashlay oladi?

Bu-ku davlat miqyosidagi “Buyuk inkvizitor”lik edi. Bu hol kichikroq miqyosda, alohida olingan hududda, deylik, biror jamoada yoinki oilada qay shaklda paydo boʻlishi mumkin? “Oila” yoki “Jamoa manfaatlari”ni oʻziga bayroq qilib koʻtarib olgan “Buyuk inkvizitor” qanday vositalarni ishga solgan boʻlardi?.. Jamiyatda “Buyuk inkvizitor”likka qarshi kuch qanday shakllanadi? Olomon ongi, tafakkuri qay yoʻsinda oʻzgaradi? Bu jarayon tadrijiy ravishda roʻy beradimi yoki inqilobiy tarzda?

Savollar, savollar…

Bittagina bobi shuncha oʻy-mulohaza tugʻdirgan yirik roman haqida uzoq gapirish mumkin…

 

Nikolay Vasilyevich GOGOL. “Qadimgi zamon pomeshchiklari”.

Rosti, qissa mazmunini birovga gapirib berishgayam qiynalasiz. Ha, ana, Malorossiyaning olis bir xutorida oshini oshagan, yoshini yashagan chol-kampir umrlarining soʻnggi yillarini oʻtkazishmoqda. Ha, ana, ular bir-birlariga oʻlarday mehribon. Ayniqsa, kampir choliga.

Ha, ana, Afanasiy Ivanovich Tovstogub biroz xoʻra, ovqat yeyishni xush koʻradi. Pulxeriya Ivanovna Tovstogubixa esa oʻta sodda, hatto aytish mumkinki, sal laqmaroqday.

Biroq… asarni oʻqiy boshlaysiz va, ishonchim komilki, to soʻnggi nuqtasiga qadar bosh koʻtarolmaysiz. Bu favqulodda goʻzal qissa…

Hamisha bir-biriga “siz”lab murojaat qiladigan, farzandsiz, uzun kun-tunlarini toʻkin dasturxon boshida oʻtkazayotgan, kelgan mehmondan aylanib-oʻrgiladigan chol-kampir.

Baraka mehrdan tugʻiladi, deganlari rost shekilli. Chol-kapir istiqomat qilayotgan qoʻrgʻon ham toʻkin-sochinlikning timsoliga aylanadi goʻyo: omborlar donga toʻlgan, tovuqlar sanoqsiz tuxum qilgan, oʻrmon gullab-yashnagan, xullas, hamma yoq “sen je, men je”.

Biroq kutilmaganda kampir xastalanib, vafot etadi. Oradan qisqagina fursat oʻtar-oʻtmas esa qoʻrgʻon tanazzulga yuz tutadi: chorva qarovsiz, yeguliklar oʻgʻirlangan, ombor huvillab yotibdi… Yozuvchi bu vayronagarchilikni koʻrib hayratga tushadi. Abgor ahvolda qolgan bemor qariyaning vasiyati esa “Meni Pulxeriya Ivanovnaning yoniga qoʻying” boʻladi…

Yozuvchining sehrli tili moʻjizalar yaratadi. Bir holatning oʻzini oʻqish asnosida yigʻlay turib kulish va, aksincha, kulib turib yigʻlash mumkinligiga aynan shu asar mutolaasida yana bir bor iqror boʻlasiz. Bizga shunday sehrli asar qoldirgan Gogol dahosiga sharaflar boʻlsin!..

 

Isajon SULTON. “Bogʻi Eram”. Qissa va hikoyalar.

“Sharq” NMAK, Toshkent, 2015 yil.

Isajon balo. Qoʻlidan koʻp narsa keladi. Soʻzlarni zoʻriqmasdan, did bilan, bitta-bittalab terib chiqadiki, oʻqiy turib aqlingiz shoshadi. Buyam kamday, sizni tamomila magʻlub etmoq qasdidami, muallifi sizga kamtarona jilmayib qarab turganday tuyuladigan asarlarni ich-ichidan yoritib turgan yogʻdular taloshi koʻrinadi; bular iqtidor, mahorat, samimiyat va, shubhasiz, ulkan dard hosilalaridir… Bunga ishonch hosil qilish uchun shu kitobni oʻqib chiqish kifoya.

Toʻplamda kamina alohida ishtiyoq va iztirob bilan qayta-qayta oʻqiydigan bir hikoya bor. Bu “Ota qasidasi”.

Hikoyada bir qarashda oddiygina voqea qalamga olinadi. Kechki payt. Yomgʻir shivalab yogʻib turibdi. Chiroqlar yogʻdusida tovlanayotgan restoran eshigida ikki “baquvvat darbon” turibdi.

Yomgʻirda “anchayin ivigan”, “doʻppi kiygan” bir kishi shu darbonlar yoniga kelib, ichkariga kirib, yuz-qoʻlimni yuvib chiqsam maylimi, deb soʻraydi.

Tabiiyki, tajribali, oʻz ishining ustalari boʻlgan darbonlar bir qarashdayoq bu “yupungina odam”ning restoran mijozi emasligini “aniq-ravshan” anglab olishadi va “qosh chimirib, bosh chayqashadi”.

Qarang, shundan keyin ham “u odam ikkilanib biroz turdi. Keyin, yomgʻir tomchilayotgan qizil yoʻlakdan qaddini bukkancha” ketdi. Shu bilan hikoya tugaydi goʻyo.

Oʻylanib qolasiz. Nega “u odam” rad javobini olganidan keyin ham “ikkilanib biroz turdi”; nega shosha-pisha qayrilib ketavermadi; illo, sal eʼtiroz bildirguday boʻlsa, bu shafqatsiz “baquvvat darbonlar” uning qoʻllarini qayirgancha, katta yoʻlga dikonglatib sudrab olib chiqib tashlashlari, hatto bir qop paxtaday irgʻitib yuborishlari ayon-ku? Yo bir-ikki soʻm choychaqa bermoqchi boʻldimikin? E, yoʻq, “yupungina odam”ning har chaqasi hisobda boʻladi, inchunun, u pulini ayab ishlatadi, tejab ishlatadi. Yoʻqsa, nechun u “qizil yoʻlakdan qaddini bukkancha” ketdi? Bir laʼnati badrafxonani undan qizgʻanganlardan ranjidimi? Dili ozor chekdimi? Qimmatbaho liboslarda, qimmat arobada kelganida mana shu odamtan darbonlar eshik tavaqalarini keng ochib, hattoki egilib, taʼzim ham qilib turishlarini oʻylab ezildimi?..

Shunday boʻlgani ehtimolga yaqinroq. Illo zar yoqali darbonlar mensimagan, hattoki ijirgʻanib qaragan bu zot hazrati Inson edi, Ota edi! (Axir, hammamizning yodimizda bor: “Inson yoningda-ku, u mening qoʻshnim…” Abdulla Oripov)

Bu onasiga buyuk muhabbat, ehtiromlar ila “Sen boʻlmasayding, men hech kim edim”, deydigan, “aqli toʻlishgach, onasining oyoqlarini yuvib, koʻngli tusagan narsalarni olib kelib, ogʻziga ovqat tutib yonida oʻtirgan” Inson edi.

Bu oʻz volidasiga “Meni deb Xudodan ham qoʻrqmasmiding, ona?.. Arzimagan sifatlarimga suyunib, men bilan maqtanishingni ham bilmasmidim? Boʻy-bastimga qarab suyunganlaring-chi?.. Oʻzing yemay menga yedirganlaring, ichmay menga ichirganlaring, axir, oʻzing bir tishlamgina yesang boʻlmasmidi, onam?..” deb turgan Farzand edi.

Bu “Hayotning olatasirlarida ozorlansam, rayhonlar isi anqigan, gullar ochilgan, suvlar sepilgan hovlimga kirishim bilan bari esimdan chiqib ketar, yosh oilaning malikasi jilmayib kutib olar edi…” deb turgan Er edi.

Bu “Bu yorugʻ olamda shuncha yil yashasam-da, qanchalar ajoyib moʻjiza ekaningga mahliyo esam, nima qilay?.. Jujuqligingda seni “oy qizim” deb suygan boʻlsam, keyinroq “ona qizim” deb suyar boʻldim…” deb turgan Ota edi.

Bu shundoq Inson edi…

Insonning “koʻnglini buzdilar”, endi kim uning “xotirini shod” aylagay? Kim?.. Sizmi, menmi, umi?..

Ne tongki, bu savolning javobi hikoyada bor. Keling, jimgina oʻqiylik, jimgina uqaylik: “Endi sizu bizning qilar ishimiz – eshik ogʻzida turgan, muhtasham otelning muhtasham kiyimli malaylariga mana shu gaplarni yetkazib qoʻyishdan iborat, xolos.

Yana, agar koʻchada kiyimlari xiyla uringan, oʻz xayollari ogʻushida ketib borayotgan, sochlari barvaqt oqargan oʻrta yashar bir kishini koʻrib qolsangiz, Yaratgan Egamdan nigohingizga teranlik, qalbingizga tiniqlik soʻrab iltijo qiling!

Axir, u – Otadir!”

 

Knut Hamsun. Esselar

Norvegiya yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati Knut Hamsun (1859–1952 yillar) qahramonlarini Dostoyevskiy qahramonlariga oʻxshatishadi. Bilmadim, balki adashayotgandirman, ammo “Misteriyalar”, “Pan”, “Glanning oʻlimi”, “Ishq gadolari” asarlarida bu oʻxshashlik uncha koʻzga chalinmaganday tuyuldi.

Biroq yozuvchining esselari boshqa gap. “Gʻayri shuuriy ruhiy hayot haqida”, “Sekinroq shoshil”, “Psioxologik adabiyot” deb nomlangan badialarni oʻqib, yuqoridagi fikr haqiqatligiga ishonch hosil qildim.

“Odamlar Tangrini unutib qoʻyishdi. Qudratli dollar uning oʻrnini bosolmaydi. Texnik ixtirolar esa ruhiy ehtiyojlarni qondirolmaydi. Natija – boshi berk koʻcha”, deya shafqatsizlik bilan yozadi Hamsun “Sekinroq shoshil” essesida. Xuddi shu badiadagi “Sharq xalqlarini favqulodda axloqiy donishmandlik ajratib turadi”, deya eʼtirof etishi yozuvchi mashriq adabiyoti bilan yaqindan tanish boʻlganligini koʻrsatadi.

Adib badiasida “Taraqqiyot oʻzi nima?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi va unga oʻzi javob qaytaradi: “Taraqqiyot inson tanasiga osoyishtalik, koʻngliga esa xotirjamlik ato etishdir. Taraqqiyot xalq farovonligidir”.

“Odamlar oʻzgardimi, bu adabiyotda ham aks etishi kerak”, deydi Hamsun “Psioxologik adabiyot” badiasida.

Endi esselardan birida qalamga olingan, tasvirning Dostoyevskiyga xosligi (dostoyevskiychilik xastaligi) bilan ham oʻquvchini larzaga soladigan bir voqea xususida.

…Tong. Yozuvchi qalamkash doʻsti bilan koʻcha aylanmoqda. Ular yozuvchining uyiga qoʻshni hovlida besh-olti yoshli bolakay bobosini ot qilib minayotganini koʻrib qolishadi. Bolakayning qoʻlida qamchi, “ot”ni ayamay savalaydi. Charchoqdan oyoq-qoʻli qaltirayotgan bobo esa oʻziga azob berishayotganidan mamnunday…

Gamsunning doʻsti xitob qiladi:

– O, naqadar baxtiyor keksalik!

Yozuvchi unga eʼtiroz bildiradi:

– Aslida bu qiynalayotganidan baxtiyor chol. U mening qoʻshnim. Qizining qoʻlida, yarim och holida yashaydi. Yegani – qattiq non. Bugun tongda u qizi oʻzining oʻgʻli, yaʼni manavi bolakay uchun yashirib qoʻygan pishloqni oʻgʻirlab yedi… Mana endi vijdon azobini sal bosish uchun oʻzini qiynoqlarga mahkum etmoqda…

Ulugʻ yozuvchi mana shu xususiy hodisadan umumiy xulosa chiqaradi: “Bu qariya inson mehrining tajassumiga aylangan tip ham, xarakter ham emas; muayyan vaziyatda oʻziga xosligi, qalb holati aks etgan individ. Uning butun vujudi ruhiy zoʻriqishda… Demak, nevarasi bilan oʻynayotgan cholni koʻrganim zahoti uni koʻngilchan gʻamxoʻrga chiqararkanman, gap uning qalbidagi emas, mening qalbimdagi sodda bolakay haqida ketayotgan boʻladi…”

Balki shu sabablidir, Hamsun umumiy tiplar yaratayotgan yozuvchilar asarlariga ishonqiramay qaraydi, ularning qahramonlarini bir rakursda, tor aspektda yaratilgan obrazlar deb hisoblaydi. Vaholanki, aynan oʻsha qahramonlarda ham qalamga olinmagan, yoritilmagan oʻzgacha feʼl-atvorlar boʻlishi aniq. Shu sababli “tipik” qahramonlar yozuvchini sira qanoatlantirmaydi (qarang-a, sotsialistik realizmning goʻri oʻsha paytlariyoq qazib qoʻyilgan ekan).

Shu yoʻsinda mulohaza yuritayotgan yozuvchi gʻaroyib xulosaga keladi: “Psixolog (demak, yozuvchi) oʻz personaji qalbini yoritishi va soʻroqqa tutishi lozim”. Hamsun bir umr mana shu aqidaga amal qilib yashadi. Uning asarlarining, qahramonlarining umri boqiyligi sababi ham shunda boʻlsa kerak…

 

Abduqayum YOʻLDOSH,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

“Yoshlik”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.