“Tarbiyani kimlar qilur, qayda qilinur?”

0
328
marta koʻrilgan.

Abdulla Avloniy adabiy merosining gultoji sanalgan “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida inson uchun muhim boʻlgan jamiki axloq-odob meʼyorlari, taʼlim – tarbiya masalalari chuqur mushohada qilingan. Alloma oʻz asarini “yaxshi xulqlar” va “yomon xulqlar” guruhiga boʻlib, bularni yosh kitobxon qalbiga yetib bora oladigan sodda va ravon tilda taʼriflaydi. Avloniy fikricha, inson bu olamning ziynati va toji. Olamdagi hamma narsa faqat uning uchun yaratilgan. Adib ushbu asarida insonni taʼlim olishga, yaxshilik va yomonlik, oq-qoraning farqiga borishga, insof, diyonat, vijdon kabi axloq normalariga rioya etishga chaqiradi.

 

YAXShI XULQ, YOMON XULQ

 

Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga boʻlmishlar. Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikgʻa tavsif boʻlub, “yaxshi xulq” agar tarbiyatsiz oʻsub, yomon ishlaydurgan boʻlub ketsa, yomonliqgʻa tavsif boʻlub “yomon xulq” deb atalur. Janobi Haq insonlarning asl xilqatda isteʼdod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila boʻladur. “Qush uyasinda koʻrganin qiladur”. Inson javhari qobilidur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, goʻzal xulqlarga odatlanub katta boʻlsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson boʻlub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub oʻssa, Allohdan qoʻrqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulogʻiga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam boʻlub qolur.

 

Xudoning rahmat-u fayzi hamma insonga yaksardur,

Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.

Tugʻub tashlov-la boʻlmas bola, boʻlgʻay balo sizga,

Vujudi tarbiyat topsa, boʻlur ul rahnamo sizga.

 

TARBIYa

 

Tarbiya – “Pedagogiya”, yaʼni bola tarbiyasining fani demakdur.
Ilmu axloqning asosi tarbiya oʻldugʻindan shul xususda bir oz soʻz soʻylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni oʻrgatmak, yomon xulqlardan saqlab oʻsdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmogʻi lozimdur.

Zeroki, “Hassinu axloqi koʻm” amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakgʻa amr oʻlinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi boʻlishining asosiy panjasi tarbiyadur.

 

TARBIYANING ZAMONI

 

Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, “birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur”, – deb javob bersak, bir kishi deyurki, “qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qoʻli toʻqmoq onalarmi? Oʻzlarida yoʻq tarbiyani qaydan olib berurlar”, der. Mana, bu soʻz kishining yuragini ezar, bagʻrini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak, qaysi ota? Toʻychi, uloqchi, bazmchi, doʻmbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni koʻzlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval oʻzlarini oʻqitmak, tarbiya qilmak lozimdur”, – der. Mana bu soʻzni eshitgach, umid qoʻllari qoʻltuqgʻa urilur.

Xayr, boʻlmasa muallimchi desak, “Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda oʻqumagan, “usuli taʼlim” koʻrmagan muallimlarni aytursizmi? Avval oʻzlari “dorilmuallimin”larda oʻqimaklari, soʻngra dars bermaklari lozimdur”, – der. Mana bu soʻz insonni hayrat daryosiga gʻarq qilur.

Mudarrislarga na dersiz desak, “Qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular oʻz vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla oʻqutmaklari lozimdur”, – der. Mana bu soʻz har kimni “Alisloh” demakga majbur qilur. Boʻlmasa hukumat-chi? desak, “xayr, hukumat hammaning otasidur. Oʻz fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim. Lekin oʻzimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi koʻrmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham oʻz hissalarimizni ololmaymiz”, – der. Mana bu soʻz bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganligʻimizni bildirur.

Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur.

 

DIYONAT

 

Diyonat Alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas eʼtiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yoʻqdur Din va eʼtiqodi salomat boʻlmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na oʻziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yoʻqdur.

 

NAZOFAT

 

Nazofat deb aʼzolarimizni, kiyimlarimizni, pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va oʻtkur qilur. Xalq orasida eʼtibor va shuhratga sabab boʻlur. Poklik ila har xil kasallardan qutulub, jonimizning qadrini bilgan boʻlurmiz.

 

RIYOZAT

 

Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni toʻgʻri yoʻlga solub, egri yoʻldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil boʻlur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va moʻtabardur. Yalqovlik, koʻp uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor oʻtkarmak, aysh-u ishrat qilmak, koʻp oshamak, foydasiz soʻzlar soʻzlamak, samovarlarda, koʻchalarda aziz umrni boʻsh oʻtkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning gʻazabidur.

 

QANOAT

 

Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning gʻinosidur.

Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega boʻlgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar.

 

INTIZOM

 

Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini oʻz vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom boʻlmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar.

 

Davlatni koni, manbayi tartib-intizom,

Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.

Muhtojligʻ yuzini koʻrar deb gumon qilmang,

Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.

 

IFFAT

 

Axloq sohibi, iffat egasi qalbini, vijdonini poklab, tilini yolgʻon, gʻiybat, boʻhton, moloyani kabi yomon soʻzlardan saqlar. Chunki insonga iffatdan koʻproq til iffati lozimdir. Boshimizga keladurgon kulfat va zahmatlarning aksari yomon tilimizdan, andozadan ortuq soʻylaganimizdan kelur.

Iffat erlardan koʻproq xotunlar uchun olmosdan qimmat, injudan qadrli ziynat va fazilatdur.

 

Oʻylamay soʻylagan ogʻrimay oʻlar,

Fikr ila soʻylagan yigʻlamay kular.

 

ITOAT

 

Ota-ona, ustod, muallim kabi oʻzidan ulugʻ kishilarga boʻysunib itoat qilmak eng yaxshi sifatlardandur.

Bu sifatga ega boʻlmak uchun har vaqt bularning foydali kengash va nasihatlarini tinglab, buyruqlarini mahkam tutmak lozimdur. Chunki onlar dunyoga bizdan ilgari kelganlar, bizdan koʻproq tajriba hosil qilganlar, vatan va millatning holiga oshno boʻlganlar.

 

GʻIYBAT

 

Kishi oʻz nafsiga lazzat umidi-la birovni gʻiybat qilub, etini chaynamak gunoh ham insoniyat nomina yarashmagan eng yomon axloqi zamimalardandur. Inson gunohlarni nafsining lazzati uchun qiladur. Ammo gʻiybat sohibi lazzat oʻrniga oʻz boshiga yoki bir boshqa kishining boshiga bir balo hozirlaydur. Chunki soʻz borib gʻiybat qilinmish kishining qulogʻiga yetar. Gʻazab qoni harakatga kirar, gʻiybatchidan oʻch olmak fursatini poylar.

 

NIFOQ

 

Nifoq deb kishining oldida bir xil, orqasidan boshqa xil soʻzlanadurgan soʻzni aytilur. Munday soʻzlarni soʻzlovchi ikki yuzlama kishilarni munofiq deyilur.

Baʼzi hiylakor, koʻrnamak, yolgʻonchi munofiqlar boʻlurki, manfaati shaxsiyalari uchun sizni qurbon qilur. Osh va noningizni yemak uchun oldingizda izhori doʻstlik va minnatdorlik qilub, orqangizdan sirri asroringizni dushmanlaringizga eltub, gʻiybat va shikoyatingizni qilub, alardan ham oʻz nafsiga bir hissa chiqarur.

 

SOJIDA toʻpladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.