Oila maʼnaviyati haqidagi asar

0
382
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikni koʻpchilik detektiv asarlar ustasi deb biladi. Ammo u didaktik – tarbiyaviy ahamiyatga molik asarlari bilan ham tanilgan. Bu borada adib togʻasi, yana bir zabardast oʻzbek adibi Mirzakalon Ismoiliy uslubi davomchisi ekanligi uning shunday mavzudagi asarlaridan sezilib turadi.

Quyida yozuvchining “Odamiylik mulki” kitobidan oila maʼnaviyati, komil inson tarbiyasi haqidagi fikrlarni saraladik.

 

***

Endi bizlarni bir masala koʻp oʻylantiradi: tarbiyachi kim? Ota-onami, maktab muallimlarimi?.. Bola “Sen tarbiyalashing kerak”, deb goh u yoqqa, goh bu yoqqa oshiradigan koptok emas. Farzand tarbiyasiga ota-ona masʼul, maktab esa bu sohada koʻmakchi. Ha, aynan shunday. Chunki farzandning oilada olgan tarbiyasiga qarab ota-onasiga rohat yoki jazo keltirishini hamma biladi. Otaning ish-amali farzandiga singsa, uning xulqida jilvagar boʻladi. Bolani tergab-nazorat qilish ota-ona yuzining yorugʻligini taʼminlaydi. Tarbiyadan tashqaridagi bola bebosh va yaramaslik sari ogʻadi. Erka boʻlib oʻsgan oʻgʻil-qizlar xatti-harakati ota-onaga mung va alam keltiradi. Shu bois ham Abdulla Avloniy taʼkid etganlaridek: “tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” deyilmish fikrni barchamiz birdek shior sifatida qabul qilmogʻimiz lozim boʻladi.

 

* * *

Afsuslarkim, ayrimlarimizning koʻngillarimiz koʻchaga bogʻlangan. Ishga, ulfatga muhabbat oilaga boʻlgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasiga esa vaqtni qizgʻanamiz. Sariq chaqaga arzimas matohlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroq. Piyolani sindirib qoʻysa ayamay uramiz, guldonni sindirsa doʻpposlaymiz. Agar aka ukasini ursa yana jazolaymiz. Holbuki, kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini oʻzimizning aynan shu harakatimiz bilan oʻrgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin!

 

* * *

Bola shoʻxlik qilsa “hali qarab tur, dadangga aytaman”, deb qoʻrqitamiz. Ota kelganda bola yomonlanadi. Ayni shu holatda ota-bola orasiga dushmanlik urugʻi sochilganini fahm etmaymiz. Otani jazolovchi inson sifatida koʻrsatmay, ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni oʻrgatish afzalroq emasmikin?

 

* * *

Bugun biz bola tarbiyasi deganda uni yaxshi kiyintirishni tushunyapmiz, katta pul sarflab oʻqishga kiritishni anglayapmiz… Agar avtomashinamiz buzilib qolsa, ustaxonada bir kun yoki bir hafta oʻtirishimiz mumkin, ammo farzandimiz bilan bir soat yonma-yon oʻtirib dars tayyorlashga toqatimiz yetmaydi.

 

* * *

Goʻzal xulq va tarbiyali onaning xislatlari, yaxshi feʼl-atvori farzandlarida ham namoyon boʻladi. Ular ham onalarining goʻzal xislatlariga ega boʻladilar. Tabobat fani onadagi turli ichki xastaliklar bolada ham boʻlishini isbotladi. Irsiyat fani onadagi ichki xastaliklar bilan birga undagi ruhiy, maʼnaviy jihatlarning ham bolada takrorlanishini isbotlagan. Bu tarbiyani bola tugʻilmasidan oldin, hatto oila qurmasdan oldin boshlash kerak, degani emasmi?

 

* * *

Birga oʻylaylik: tarbiyasiz odam jonsiz jasad kabi emasmi? Davraga qoʻshilguvchi har bir odam avval oʻzining tashqi koʻrinishi, qiyofasiga qarab qabul qilinadi, soʻng esa tarbiyasi va fazilatiga qarab taqdir etiladi. Kishidagi fazilat goʻyo farzand kabidir, uni avaylab saqlash va yanada barkamol etish lozim. Har bir odam, avvalroq aytib oʻtganimizday, oʻzini oʻzi tarbiya qilishga oʻrganishi kerak. Insonning ulugʻligi oʻzini idora va tarbiya qilish kuchiga ega boʻlishi bilan bilinadi. Buni tushunish uchun Iyso (alayhissalom)dan bir rivoyatni eslaymiz: Iyso (alayhissalom)dan soʻradilar: “Sizni kim tarbiya qildi?” Javob berdilarki: “Meni hech kim tarbiya qilmadi. Johilning jaholatini, axloqsizning axloqsizligini qusur va ayb sifatida koʻrdim. Jaholat va axloqsizligidan qochdim”.

 

* * *

Yaʼnikim, kishi har daqiqa, har soat, har kun bu sohada oʻzini oʻzi tarbiya qilib bormogʻi talab etiladi. Deylik, bir kun tarbiya etmadimi, yaxshi fazilatni bir kun unutdimi – izdan chiqib ketishi hech gapmas. Fazilatning oʻrni uzoq vaqt boʻsh turmaydi, u bizni tark etdimi, darhol oʻrnini illat, yomon xulq egallaydi.

 

* * *

Baʼzan kishi yaxshi xulqqa erishishni istaydi, ammo buning uddasidan chiqish yolgʻiz oʻziga bogʻliq emas. Yomonlar bilan hamsuhbatlik masalasi bu fikrga misol boʻla oladi. Bir kishining zulmkorligini yoki razilligini bilasiz, lekin undan nari turishning iloji boʻlmay qoladi.

 

* * *

Oʻzgaga tarbiya berishdan koʻra oʻzni tarbiya etmoq yuz chandon ogʻirroqdir. Oʻzgaga tarbiya berish uchun bilimga yoki hayot tajribasiga tayanib, toqatingiz yetganicha nasihat qilasiz. Tarbiyalanuvchi nasihatlaringizni quloqqa olmasa, qoʻl siltab qoʻya qolasiz.

 

* * *

Bosh aql va ilmga toʻlib toshsa ham, axloqni sira unutmaslik kerak: inson oʻzidagi maʼnaviy jihatlarni, vijdon va nafsni tarbiyalashi, ehtirosini boshqara olishi, xunuk odatlarni tark etishi, ilmiy yutuqlarini insoniyat foydasiga yoʻnaltirishi kerak. Yoʻqsa, u toʻgʻri yoʻldan ozishi mumkin. Yaʼni Vatan va xalqini mudofaa qilishga masʼul harbiy odamning tarbiyasi durust boʻlmasa Vataniga xiyonat etishdan ham qaytmas. Bemorlarni halol va xolis ravishda davolashga qasam ichgan vrach qasamini buzar. Hatto poraxoʻr va sudxoʻr mol-dunyo evaziga yurtini boshqalar qoʻliga mustamlaka qilib berishdan ham tap tortmas.

 

* * *

Ogʻzaki nasihatlarni kunda koʻp martalab eshitamiz. Avvalo nasihatning taʼsiri nasihatgoʻyning aqliga, bilimiga bogʻliq. Shuningdek, qanday vaziyatda nasihat qilish ham muhim. Mast odamga “ichma” deb nasihat qilish – shamolga qarshi qichqirish kabidir. Gʻazabga minib birovni soʻkayotgan odamning qulogʻiga ham soʻkishning gunoh ekani haqidagi nasihatlar kirmaydi. Nasihatgoʻy tarbiyasidagi odamning yoshi, aql darajasini, ayni damdagi ruhiy holatini ham hisobga olishi shart. Aynan bir mavzu, masalan, soʻkish haqida oʻn yoshli va yigirma yoshli bolaga bir xilda, bir xil uslubda gapirilmaydi.

 

* * *

Tarbiya jarayonida donolarning “yoshlik – beparvolik, yigitlik – bir musobaqa, qarilik esa taassufdir”, degan taʼkidlarini unutmasak durust boʻladi. Nasihat deganda biz kattaning yoshga oʻgitini tushunadigan boʻlib qolganmiz. Keksaroq odamga nasihat qilish bizga gʻalati tuyuladi. Holbuki tarbiya keksalar uchun ham zarur. Tarbiya maʼlum yoshga yetgach toʻxtamaydi. Barchamiz yaxshi biladigan “Beshikdan qabrga qadar ilm egalla” deyilguvchi hadisi sharif bizlarni shunga daʼvat etadi. Alhol, ilm olish ham tarbiyaning muhim asosidir.

 

XURSHIDA toʻpladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.