Mutolaa chogʻidagi zararli odatlar: ulardan qanday qutulish mumkin?

0
493
marta koʻrilgan.

Mutolaa vaqtida aksariyat odamlar oʻqish jarayonini sekinlashtiradigan uchta zararli harakatni amalga oshiradi. Bu odatlarni yoʻqotish orqali sinchkovlikni orttirish, oʻqilayotgan narsani yaxshiroq tushunish va mutoladagi tezlik darajasini oshirish mumkin.

 

Fikr chalgʻishi

Biror sahifa yoki boʻlimni tugatgandan soʻng hech narsani eslay olmagan paytlaringiz boʻlganmi? Buning sababi mutolaa paytida fikringiz boshqa tomonlarga chalgʻib ketadi. Koʻz sahifa boʻylab harakatlanaveradi, lekin miya boshqa narsalar bilan band boʻladi. Kitobning oʻqilgan qismini qaytadan oʻqib chiqishingizga toʻgʻri keladi.

Baʼzi holatlarda bu odat foyda berishi ham mumkin. Agar biror matnni oʻqiyotib miyangizda unga aloqador mavzularni topib, oʻylasangiz – bu yaxshi. Lekin fikringiz umuman boshqa joylarda chalgʻib yuradigan boʻlsa, buning sira foydali jihati yoʻq.

Chora: tez oʻqishga harakat qiling. Fikr asosan zerikish tufayli chalgʻiydi. Agar miyaga tezlikni oshirish vazifasini yuklasangiz, uning sinchkovlik xususiyati kuchayadi. Bu esa anglash darajasini keskin oshiradi.

 

Ortga qaytish

Har qanday materialni oʻqish davomida koʻpchilik ortga qaytib, oʻrganilgan narsani yana bir bor oʻqib chiqishga odatlangan. Buni mutolaa qilayotgan kishining koʻzlariga qarab turib ham koʻrish mumkin. Tabiiyki, ushbu odat mutolaa jarayonini sustlashtiradi, lekin baʼzan foyda berishi mumkin. Masalan, maʼlumotni eslash uchun oʻqib boʻlingan qismga koʻz tashlasangiz, kerakli maʼlumotni yaxshiroq oʻzlashtirasiz. Lekin, odatda oʻrganilgan maʼlumotni eslay olmaslik diqqat-eʼtiborning boʻlinishi natijasida yuz beradi. Qayta oʻqish tufayli ikki barobar koʻp vaqt sarflaysiz.

Chora: orqaga qaytishga sabab boʻluvchi har qanday xatti-harakatdan tiyiling.

 

Xayolan gapirish

Bu ongdagi har bir soʻzni aytish jarayoni. Bunday usulda oʻqish ogʻzaki nutq tezligini oshirmaydi. Bu usul dialog va sheʼriyat janrida koʻproq ish beradi. Boshqa holatlarda u mutolaa jarayonini sekinlashtiradi, bundan tashqari ortiqcha kuch talab qiladi.

Chora. Qoʻlingiz va koʻzlaringizni faolroq harakatlantiring, miya eshitish markazlaridan koʻra koʻrish markazlarini koʻproq ishlatishni oʻrganing.

 

Rojer Saypning “Miyani rivojlantirish” kitobi asosida

Mirjalol MADVALIYEV

tayyorladi.

 

soglom.uz saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.