Koʻngilda birdek zavq uygʻonadi

0
226
marta koʻrilgan.

Avvalo, kitob mutolaasi haqida ikki ogʻiz soʻz: men kitob oʻqiyotgan kishini dunyoni idrok etayotgan, qalbiga nazar tashlab oʻzligini anglayotgan, umuman aytganda, ezgulik qasrining eshigini ohista qoqayotgan odamga oʻxshataman.

Muqaddas bitiklarda ham avvalo soʻz bino boʻlgan, deb aytiladi. Soʻz bu ilm olmoq, umrning mazmun-mohiyatini, dunyoning sir-asrorini maʼrifat bilan anglashni bildiradi.

Ayniqsa, yosh ijodkor uchun kitob mutolaasi oʻta muhimdir. Chunki kitob oʻqish, ilm olish orqaligina adabiy tafakkur, did va qarash shakllanadi. Haqiqiy adabiyot toʻgʻrisida toʻla tasavvurga ega boʻlmay turib, yaxshi asar yaratib boʻlmaydi.

 

“Alpomish” dostoni

Dostonni har gal oʻqiganimda xalqimizning yuksak tafakkur tarzi, badiiy salohiyati, didi, zukko va oqilligi bilan birga tilimizning jozibasi, ohangi va qudratini his etaman. Aynan ushbu dostonni oʻqib turib, soʻzning taʼmini tatib koʻrgandek boʻlaman.

Yana bir mulohaza: bugun yangicha badiiy tafakkur, yangi adabiyot haqida gapirganda, xalqimiz tomonidan yaratilgan doston, ertak, rivoyat, afsonalar bu borada oʻta muhim manba boʻladi, deb oʻylayman.

 

Mixail Bulgakov (1891–1940)

“Usta va Margarita” romani

Insonning tabiiy yashash tarzini oʻzga oʻzanlarga burib yuborish, eʼtiqodi va oʻzligidan mahrum etish, uning hayotida turli xil eksperimentlarni oʻtkazish hech qachon izsiz ketmagan, balki cheksiz fojea, koʻrgiliklarni keltirib chiqargan.

Ayni shu holat Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” asarida yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlab berilgan. Bu asar oʻquvchilarni ana shunday fojealardan ogoh etib kelayotgani bilan qimmatlidir.

 

Xuan Rulfo (1917–1986)

“Pedro Paramo” qissasi

Xuan Rulfo oʻzidan unchalik boy adabiy meros qoldirmagan: bitta qissa va oʻnga yaqin hikoyalar muallifi.

Ammo shunga qaramay, “Pedro Parama” qissasi bilan nafaqat Lotin Amerikasi, balki dunyo adabiyotidan munosib oʻrin egallagan.

Qissada muallif yovuzlik va mustabidlik hayot talʼatini qanday soʻndirib, insonni adoqsiz fojealarga giriftor etishini betakror uslubi bilan koʻrsatib bergan.

Eng asosiysi, ushbu qissa oʻz davrida bugun biz hayrat bilan mutolaa qiladigan Lotin Amerikasi adabiyotining shakllanishiga kuchli turtki bergan.

 

Murod Muhammad Doʻst

“Dashtu dalalarda” hikoyasi

Bu hikoyani necha marta qayta oʻqiganimni hozir aniq aytolmayman, ammo uni har gal oʻqiganimda koʻngilda birdek zavq uygʻonadi. Hikoya xuddi qadimiy va mungli qoʻshiqqa oʻxshaydi. Muallif hikoyani yuksak ohangda yaratgan. Ana shu betakror ohang oʻquvchi qalbini zabt etadi. Asarning qimmati, yozuvchining mahoratini shunda, deb bilaman.

 

Nazar Eshonqul

“Mendan “men”gacha” kitobi.

Bir paytlar biz universitetda adabiyot nazariyasi, jahon adabiyoti fanlaridan saboq olganmiz. Ammo bugun oʻsha saboqlardan yodimizda aytishga arzigulik hech narsa qolmagan. Buning sababini bizning uquvsiz talaba boʻlganimiz bilan emas, balki oʻsha paytdagi saboqlar, bu boradagi qoʻllanmalar haqiqiy adabiyot mohiyatidan yiroq, quruq va yuzaki tarzda yozilgani bilan izohlash joiz.

“Mendan “men”gacha”ni oʻqib, rosti gap, quvondim. Eng avvalo, muallif erkin fikr yuritgan, yaʼni adabiyot, badiiy tafakkur haqida qanday oʻylasa, qanday his qilsa, shunday yozgan. Shu maʼnoda ushbu kitob mohiyat-eʼtibori bilan oʻquvchining badiiy tafakkuri, didi va qarashini shakllantirishi, jahon adabiyotning koʻzga koʻringan vakillarining ijodi haqida yorqin tasavvur uygʻotishi bilan qimmatlidir.

Mazkur kitob, ayniqsa, bugun adabiyotga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar uchun muhim manba boʻladi.

 

Shodiqul HAMRO

 

“Yoshlik”, 2016 yil 8-son

Oldingi sahifaOʻgʻri
Keyingi sahifaKoʻppak
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.