Ilmdan oʻzga najot yoʻq!

0
334
marta koʻrilgan.

“Fikrbazm” loyihasining bu galgi mehmoni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov muxlislardan kelgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

 

Bismillahir rohmanir rohim.

Shunday goʻzal bir ishni boshlab, xalqimizni yana bir bor ilm-maʼrifatga chorlab kelayotgani uchun “Oila davrasida” gazetasiga minnatdorlik bildiramiz. Ilm-maʼrifat har kuni hammamiz targʻib qiladigan buyuk bir vazifadir. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan kalomi ham aynan oʻqishga targʻib qilish bilan boshlangani bejiz emas. Hadisi sharifda beshikdan qabrgacha ilm oʻrganishga buyurilgan. Har bir muslim va muslima uchun ilm oʻrganish farzdir. Bashariyatga ilm farz qilingan, ilmsiz kishi qattiq gunohkor boʻladi. Bu esa har bir inson hamisha ilm olishga intilishi zarurligini taqozo etadi.

 

Suhrob HASANOV, Toshkent shahri:

Siz deyarli barcha maʼruzalaringizda, suhbatlaringizda ilm olishga daʼvat qilib kelyapsiz. Baʼzan oilamizda tarbiya topayotgan turli yoshdagi farzandlarimiz uchun kitob topolmay boshimiz qotadi. Masalan, endigina tili chiqayotgan yoki boshlangʻich maktabda oʻqiyotgan bolalar uchun oilada iymon saboqlarini oʻrgatishda ular oʻzlari mustaqil oʻqib foydalanishi uchun nima tavsiya qilasiz?

– Kitoblarni tavsiya qilishdan oldin baʼzi mulohazalarimni aytsam. Bolaning qoʻliga kitob berib qoʻyish bilan ish bitmaydi. Ilmning avvali odob, odob esa amaliy ilmdir. Oʻng bilan chapning farqiga yetgan farzandiga ota-ona odob taʼlimini berishi vojibdir. Boshqa zarur ilmni ham shu paytdan oʻrgatib borish ota-onaning zimmasidagi majburiyat.

Avvalo, ota-ona oilada kitob oʻqiyotganini, ilm-maʼrifatni qadrlashini farzandlarimiz koʻrib, guvohi boʻlib ulgʻayishi kerak. Ularning qoʻlidan yetaklab, kitob doʻkonlariga olib borish, u yerdagi minglab kitoblarni koʻrsatish, ayrimlarini olib berish bilan kitobxonlikka ragʻbatini uygʻotish zarur. Ota-ona kitobga eʼtiborsiz boʻlsa, bolani ilmga oʻrgatish mahol.

Baʼzi ota-onalar qidirmay-izlanmay bolalarga yaxshi kitoblar yoʻq, deb aytadi. Bu – bexabarligimizdan. Kitob rastalarini bir aylanib koʻrsangiz, barcha yoshdagi bolalar uchun istagancha kitob topiladi. Hatto bogʻcha va maktab bolalarining mustaqil oʻrganishlari uchun arab alifbosi, husnixat, Qurʼon oʻqish uchun savod chiqarishni oʻrgatuvchi “Muallimus-soniy” kitobining ovozli yozuvlarigacha tayyorlab chiqarilgan. Bolalar uchun Shayx Muhammad Sodiq hazratlarining “Sogʻlom bola”, Ziyouddin Rahimning “Odobli bola” kitobi, yana bolalar uchun odob-axloq haqidagi ayrim ertak kitoblarni ham tavsiya qilish mumkin. Har qanday kitobni ota-ona avval oʻzi oʻqib, bolasi uchun sodda va ravon tilda tushuntirib bersa, farzand bundan koʻp manfaatlar oladi.

 

Nurbek ShORAHMEDOV, Toshkent viloyati:

Yoshim 58 da. Yoshligimda ilm ololmaganimdan bugun juda afsusdaman. Lekin ilmga ixlosim baland. Shu yoshimda ham ilm olib, Allohning marhamatidan bahramand boʻlishni istayman, ammo xotiram avvalgiday emas. Nima deysiz, men uchun ilm oʻrganish kech boʻlmadimikan?

– Yuqorida aytib oʻtganimizday, hadisi sharifda beshikdan qabrgacha ilm olishga buyurilganmiz. Hatto Qurʼonning biron harfini tanimagan kishi ham uni qoʻliga olib, varaqlab koʻrsa, niyatiga yarasha savob topaveradi, deyishgan ulamolar. Ilm uchun koʻngil pok, niyat xolis boʻlishi kerak (Navoiy hazratlari aytganlaridek, “Ilmni kim vositai joh etar, Oʻziniyu elini gumroh etar”). Koʻzini, ogʻzini haromdan saqlay olgan, qalbini kin, adovat kabi barcha yomonliklardan asray olgan kishi ilmni tez oʻrgana oladi. Yoshim oʻtib qoldi, deb ilmni tark qilish bu – jaholat.

Endi bir hayotiy dalilni bildirmoqchiman. Bir inson oltmish yoshida harf oʻqidi. Oltmish besh yoshida Qurʼonni yodladi. Shu kishi hozir ham hayot. Umrlari uzoq boʻlsin, saksondan oshgan. Shu kishining ilmga muhabbatlarini koʻrib hayron qolasiz.

Inson ilm olmoqchi boʻlsa, yoshning mulohazasini qilmasligi kerak. Baholi qudrat, Alloh muyassar qilganicha oʻrganib, bilganlariga amal qilib boraversa, Alloh ilm yoʻlini unga osonlashtirib qoʻyadi. Shuningdek, bu savolni yoʻllagan inson ham astoydil bel bogʻlasalar, ancha ilmga ega boʻlishlari ajabmas. Intilgan kishi kuniga bir dona hadis yo bittagina oyat boʻlsayam oʻzlashtirib borsa, katta ilmga erishadi.

 

Ergash ShOJALILOV, Toshkent shahri:

Sizni eng peshqadam olimlardan biri deb bilamiz. Maʼruzalaringizni, televideniye orqali chiqishlaringizni maroq bilan koʻrib boramiz. Yana sizni hazrat Navoiy ijodining mohir bilimdoni sifatida ham yaxshi bilamiz. Bu ulugʻ zotning ijodi haqida biron kitob yozishni niyat qilganmisiz?

– Bu – men anchadan beri oʻylab yurgan ish. Alloh xohlasa, koʻpchilikning duolari sharofati bilan shu paytgacha qilgan ishlarni jamlab, ularni yanada toʻldirib, boyitib, bir ish qilish niyatimiz bor.

Hazrat Navoiyning ijodlariga qiziqishim menda maktab kezlaridayoq boshlangan. Bir vaqtlar bizga Navoiyni boshqacha oʻqitishgan. Uni faqatgina shunchaki shoir qilib koʻrsatishga urinishgan. Uning ijodini asl ildizidan kesik holda talqin etishgan (Shunday talqinlarni baʼzan hali ham televizorda koʻrib qolsam, xafa boʻlaman). Hazrat Navoiy butkul boshqa olam. Biz uni oʻqisak, oʻrgansak, tushunsak, bugungi ancha-muncha muammolarimizga oʻz-oʻzidan yechim topamiz. Buni xalqqa yetkazib berish zimmamizdagi vazifa va masʼuliyatdir.

 

Arash bobo HASANOV, Qorakoʻl tumani:

Bir yigʻinda “Muhammad alayhissalomdan tashqari hamma paygʻambarlar yahudiy”, degan gap boʻldi. Shu gap rostmi?

– Yoʻq. Baʼzi paygʻambarlar Bani Isroildan chiqqan. Shuni ayrimlar ilmsizlik bilan yahudiy deb tushunishadi. Aslida Bani Isroil deyilishi Yaʼqub alayhissalom bilan bogʻliq. Isroil – Yaʼqub alayhissalom ismlaridan biri.

Savolda balki paygʻambarlar shajarasi haqida gap ketayotgandir. Yaʼni, Ibrohim alayhissalomning ikki oʻgʻli paygʻambar boʻlgan. Biri Isʼhoq, biri Ismoil alayhissalom. Koʻp paygʻambarlar nasabi Isʼhoq alayhissalomga borib taqaladi. Ismoil alayhissalom naslidan esa oxirzamon paygʻambari – sarvari koinot Muhammad alayhissalom tugʻilganlar. Ibrohim alayhissalomni ham yahudiy deb boʻhton tarqatishganida bu gap notoʻgʻri ekani haqida Qurʼoni karimda ochiq-oydin dalillar kelgan.

 

Shahrizoda MUQIMOVA, Chirchiq shahri:

Men Qurʼon maʼrakalarda oʻqilishi haqida eshitganman. Lekin bir tanishimdan baʼzi nikoh toʻylarda ham Qurʼon oʻqilishini aytganida, hayron boʻldim. Aslida Qurʼon qachon, qayerda va nima maqsadda oʻqilishi kerak?

– Bu savolni bergan singlimizmi, opamizmi, hali ancha oʻqib-oʻrganishi kerak ekan. Qurʼoni karim Alloh taoloning insoniyatga tushirgan hidoyat kitobi. Uni hammamiz hamisha – toʻyda ham, boshqa paytlarda ham oʻqishimiz zarur. Maqsad esa xolis Alloh uchun boʻlishi kerak. Qurʼon oʻqilgan joyda nur boʻladi, baraka boʻladi. Lekin afsus, bugun uni faqatgina uyida yo mashinasida olib yuradiganlar, hashamatli uyining devoriga faqat bezak uchungina yozdiradiganlar ham uchrab turibdi. Qurʼonni, avvalo, qalbimizga muhrlasak, dilimizga jo qilsak, koʻngildagi hamma gʻarazlarni ketkazadi. Qalbni tozalaydi va unday odamdan yomonlik chiqmaydi. Qurʼon oʻqib, yodlab, amal qilib yurgan kishining ikki dunyosi obod boʻladi, baraka topadi. Mana, bugun yurtimiz boʻylab ommaviy Qurʼon musobaqalari oʻtkazilyapti. Birinchi yilning oʻzida besh mingdan ortiq ishtirokchi qatnashyapti. Bu – Qurʼonning barakoti.

Ruhiy tarbiya ustozlari Qurʼonsiz qalb – oʻlik qalbdir, deyishgan.

Duolarimiz Qurʼon tilovatidan keyin qabul boʻladi. Shuning uchun ulamolar oldin Qurʼon tilovat qilib, keyin hojatlarini Allohdan duo qilib soʻrashgan. Yana Qurʼoni karimning koʻplab manfaatlari bor, bularni tartib bilan oʻqib-oʻrganib, hayotimizga joriy qilib borish zarur.

 

Nurmuhammad MUHAMMADIYEV, Surxondaryo viloyati:

Joylarda oʻzini din peshvosi hisoblaydigan ayrim diniy xodimlar baʼzi kasblarda, xususan, davlat idoralarida ishlaydigan kishilarga past nazar bilan qarashlariga guvoh boʻlganmiz. Nima, kimning qay darajada iymonli ekanini oʻsha “peshvo”lar belgilaydimi?

– Afsuski, bunday jaholat diniy xodimlar orasida ham uchrab turibdi. Aslida Alloh taoloning huzurida bandalar bir-biridan faqatgina taqvosi bilan farq qiladi. Oʻzini boshqalardan yuqori tutib, boshqalarni kamsitish va mensimaslik kibrdir. Kibr eng katta gunohlardan sanaladi.

 

Asila ShAHOBIDDINOVA, Toshkent shahri:

Savdogar molning narxi ustiga qancha qoʻyib sotishi mumkin (Ayniqsa, kiyim-chechak masalasida)?

– Buni bozor belgilaydi. Lekin bozordagi narxni sunʼiy oshirish yoki oshirishga kelishib olish mumkin emas. Tannarxning ustiga qancha kam qoʻyilsa va qanoatli boʻlinsa, baraka ham shuncha koʻpayib boraveradi.

Ammo shariatimizda ixtikor degan tushuncha bor. Bu – oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshganda sotish uchun ataylab ushlab turish oqibatida taqchillik keltirishdir. Bunday qilish mumkin emas.

 

Hasan QULMURODOV, Denov tumani:

Tijorat sirini saqlash maqsadida yolgʻon ishlatilishi joizmi?

– Joiz emas. Har qanday yolgʻon tijoratning barakasini ketkazadi. Tijorat ilmini bilmagan, unga rioya qilmagan kishining tujjorlik qilishi joiz emas.

 

Gʻolibjon MIRZAYEV, Toshkent viloyatidan:

Imron, Mubina, Yasin, Yasina, Sakina kabi ismlar hozir urfga kiryapti. Shunday ismlar qoʻyish toʻgʻrimi?

– Imron, Mubina kabi ismlarni qoʻysa boʻladi. Lekin Yasina, Imona, Imrona kabi ismlarni qoʻyish joiz emas. Bu til qoidalariga toʻgʻri kelmaydi.

 

Zafar ShOJALILOV, Asaka tumani:

Bu yilgi haj mavsumida ziyorat narxlari osharmish, degan gaplar yuribdi. Bu qanchalik toʻgʻri? Uning aniq miqdori belgilandimi?

– Bu hozircha hali aniq boʻlgani yoʻq. Aniq boʻlsa, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rasman eʼlon qiladi. Hozir oʻsha miqdorni ziyoratchilarimiz uchun qulay narxlarda belgilash borasida ish olib borilyapti.

 

Noila SODIQOVA, Zangiota tumani:

Farzandimizdan boshqa yoshlarning tarbiyasiga ham masʼul boʻlamizmi? Masalan, qoʻshnining farzandiga toʻgʻri maʼnoda tanbeh berish mumkinmi? Bunga uning ota-onasidan eʼtiroz eshitsak-chi?

– Bu juda oʻrinli savol. Biz xudbin boʻlmasligimiz kerak. Yaʼni, bu mening farzandim, deb uning yurish-turishi, xulq-atvori, boshqa xatti-harakatlari haqida qaygʻursak-da, xuddi shunday boshqa bir bolaning taqdiriga befarq boʻlishga haqli emasmiz. U kim boʻlishidan qatʼi nazar, biron nojoʻya ishidan xabar topsak, uni toʻgʻri yoʻlga boshlashga masʼulmiz. Dinimiz har bir insonni shirin soʻz, yumshoq muomalada boʻlishga chaqiradi. Mehr-oqibat koʻrsatishga buyuradi. Agar farzandiga oʻrinli tanbeh berilgani uchun ota-ona oʻrtaga tushib, yonini oladigan boʻlsa, endi bu ham oʻz ilmsizligini namoyish etish boʻladi. Qaytanga: “oʻsha inson senga toʻgʻri aytibdi, kattalarning eʼtiroziga sabab boʻladigan nomaʼqul ishlaringni yigʻishtir, odobli boʻl”, deb nasihat qilishi zarur. “Bola meniki, nima qilishini oʻzim bilaman”, deyish ota-ona bilan bolaning xulqi bir xil ekanini koʻrsatib turadi. Qush uyasida koʻrganini qiladi, degan gap bejiz aytilmagan, axir.

Men shunday ota-onalar qoʻlida “tarbiya” topayotgan ayrim yoshlarimizdan tashvishdaman. Ularning moddiyati qancha toʻkis boʻlgani bilan maʼnaviy sayozligi shundoqqina bilinib qolyapti. Ular hazrat Navoiyni, Qodiriyni oʻqib, biron narsa ola bilarmikan, degan savol meni qiynaydi.

Bir paytlar odamlar moddiy jihatdan hozirgiday toʻkin boʻlmagan yillari, oʻzim guvohi boʻlganman, maʼnaviyat, diyonat, hayo-ibo ancha yuqori darajada boʻlgan. Bu haqda bugun tinmay bong uryapmiz, bundan keyin ham gapiramiz. To shu holatlarimiz isloh boʻlmaguncha jim qarab turishga hech birimizning haqimiz yoʻq.

 

Fazilat QOSIMOVA, Qashqadaryo viloyati:

Ona qizining turmushiga huda-behuda aralashib, hatto uni barbod qilayotgan hollarga ham baʼzan duch kelyapmiz. Bunday paytlarda qanday yoʻl tutiladi? Ona qizining oilasiga aralashishi mumkinmi?

– Bunday holatlarga keyingi paytlarda koʻp duch keladigan boʻldik. Afsus. Buning sababi shariatimiz koʻrsatmalarini bilmaganimiz, oʻz haq-huquqimizdan xabarsizligimiz, boshqalar haqini bilib-bilmay poymol qilayotganimizdan. Bir yigit qizga ota-onaning roziligi bilan, mahrini berib, nikoh oʻqitib, uylandimi, demak, endi u qizning xoʻjayini-egasi oʻsha erkak hisoblanadi. Uning xotiniga qaynota-qaynona xoʻjayinlik qilolmaydi, turmushiga aralasholmaydi. Lekin yaxshilik bilan qarindosh-urugʻchilik, quda-andalik qilinadigan boʻlsa, mumkin. Baʼzi bir onalar turmushga uzatgan qizining allaqachon oʻzga oilaning bekasiga aylanganini, oʻzining tasarrufidan chiqib ketganini toʻgʻri tushunib yetishi kerak. Huda-behuda uning oilasiga, turmushiga, oilaviy yoʻl-yoʻriqlariga aralashaverishi yaxshilikka olib kelmasligini tushunib yetishi zarur. Aks holda, oʻz farzandimizni baxtsiz qilib qoʻyamiz. Bundan Alloh saqlasin. Qizingizni bir kishiga ishonib topshirdingizmi, endi uning oʻz uyida bemalol yashashiga qoʻyib bering.

 

Parpi ESHMONOV, Samarqand viloyati:

Baʼzi joylarda domlalar koʻchiriq oʻtkazishadi. Shu haqiqatda bor narsami? Dinda bu haqda nima deyilgan?

– Bu savolning oʻzi notoʻgʻri. Sababi, oʻsha amalni qilayotganlar Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlayotgan domlalar emas, lekin xalq ularni domla, mulla, ilmli kishi deb oʻylaydi. Ularning qilayotgan ishlari ham shariatga nomuvofiq. Shariatda xastaga Qurʼon tilovat qilib, Paygʻambarimiz alayhissalom oʻrgatgan maxsus duolarni oʻqib, dam solib qoʻyish bor va buning shifosi muqarrar, chunki Qurʼonni Alloh shifo deb atadi. Qurʼondan boshqa narsa bilan dam solinmaydi.

Biz asl haqiqatlarni bilmaslik natijasidagi ayrim nojoʻya ishlar orqali jonimizni ham, hayotimizni ham xatarga qoʻyishdan Alloh saqlasin.

 

Zoir PANJIYEV, Surxondaryo viloyati:

Yomon tush koʻrish inson ruhiyatiga taʼsir qilishi bor gapmi? Shunday holda oʻqitish haqiqatda naf beradimi?

– Albatta. Janob Paygʻambarimiz alayhissalom yomon tush koʻrganda uni yaxshiga yoʻyish kerakligini aytganlar. Tushni hammaga ham aytavermaslik, zarur boʻlganda uning taʼbirini yaxshi odamlardan soʻrash tavsiya etilgan. Tush taʼsirida yomon xayollarga borib, undan shubhalanmaslik kerak.

Qurʼon oʻqish har qanday holatda insonga foyda qilishi bu – buyuk haqiqat. Insoniyat uning foydasini oʻzida his qilgani uchun ham bu anʼana asrdan asrgacha oʻtib kelyapti va to qiyomatgacha davom etadi.

 

Marhabo VAHOBOVA, Toshkent shahri:

Mening savolim toʻylardagi oldi-berdilar haqida. Kuyovlar kelindan sovgʻa-salom talab qilishi toʻgʻrimi? Hatto bitta latta uchun ham talashishadi?

Ilmira QOBULOVA, Toshkent viloyati:

Faqatgina xotinini ishlatib oʻzi shuning orqasidan kun koʻradigan erkaklar haqida nima deysiz?

– Shu ikki savolga bitta javob bermoqchiman. Toʻy qilish, uning barcha sarf-xarajatlari, kelinning moddiy-maʼnaviy ehtiyojlari – bularning hamma-hammasi kuyovning zimmasida vojibdir. Oʻzini chinakam erkak deb hisoblagan kishi ayolning narsasiga koʻz tikmaydi. Bu kabi holatlarning uchrayotgani bugun ayrim erkaklarimizda erkaklik hamiyati kamayib ketayotganidan dalolatdir. Erkak kishi oʻz ulugʻligini ketkazib, dunyoning arzimas matosi uchun tamagirlik qiladigan sharmandali bir ahvolga oʻzini solmasligi zarur. Axir, erkak oila boshligʻi, oilaning barcha taʼminoti uchun masʼul boʻlgan shaxs-ku! Agar u hamma ishda xotinning qoʻliga qarab turaversa, oiladagi rahbarlik maqomi qayerda qoladi?!

Qurʼoni karimda erkaklar ayollar ustidan alohida bir darajaga ega ekanliklari bayon etilgan. Bu ilohiy nizomga qarshi chiqib boʻlmaydi.

Erkakning jismoniy jihatdan mehnat qobiliyatini yoʻqotgani bu – boshqa masala. Lekin toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, faqat dangasalik orqasidan xotini yo hali balogʻatga yetmagan farzandini ishlatib qoʻyib, baʼzan ularga tilanchilik kabi nojoiz ishlarni qildirib kun koʻrish mutlaqo mumkin emas. Oilada erkak kishi erkakning, ayol kishi ayolning vazifasini bajarishi shart.

 

Ollayor QOʻShNAZAROV, Bogʻot tumani:

Oʻzining ahli yoki qarindoshlari muhtoj boʻla turib, boshqalarga pul xarj qilib yuradigan boyvachchalar ham baʼzan uchrab turadi. Bularga qanday munosabat bildirasiz?

– Sadaqani oʻzimizdan, oilamizdan boshlashimiz zarur. Hatto ulamolarimiz zakotni boshqa shahardagi odamga bermaslik avlo ekanini alohida taʼkidlashgan. Sadaqa – ehson, yaʼni savob umidida xolis Alloh uchun qilingan yaxshilikdir. Oʻz oilamizdagi kishilarning taʼminoti bizga vojib boʻlib turgan bir paytda yoki qarindosh-urugʻga, qoʻni-qoʻshniga silai rahm qilish buyurilgan bir holatda oldin boʻynimizdagi oʻz majburiyatimizni bajarmasdan boshqa ishlarni qilib yurishimiz toʻgʻri boʻlmaydi. Sadaqa-ehson birovlarga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatish, dardu kulfatini, musibatini yengillashtirib, koʻngliga xursandchilik olib kirish vositasi hisoblanadi. Oʻz oilasidagilar shunday koʻmakka muhtoj boʻlib turganda ularga xayrixohlik koʻrsatmasdan boshqa ishlar qilish bu – samimiy yaxshilik emas, riyo yoki qaysidir boshqa gʻarazni koʻzlab qilingan nomaqbul ishdir.

 

Gʻulomjon BOBOJONOV yozib oldi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.