Hayot – faqat yashash emas…

0
794
marta koʻrilgan.

Sevimli kitob inson ruhiyati, ichki olamidan darak berib turuvchi eng ishonchli vositadir. Har bir odamning qandayligini u oʻqiyotgan kitoblardan bemalol bilib olish mumkin. Shaxs kitoblar orqali dunyoni, eng muhimi, oʻzini anglaydi. Shu maʼnoda oʻqilgan yaxshi kitob chinakam boylikdir.

Quyida kolumbiyalik mashhur yozuvchi Gabriyel Garsia Markesga yoqqan va yozuvchini ilhomlantirgan 24 kitob roʻyxati va adibning mazkur asarlardan olgan taassurotlarini keltiramiz.


 

  1. Tomas Mann, “Afsonaviy togʻ”.
  2. Aleksandr Dyuma, “Temir niqobli odam”.
  3. Jeyms Joys, “Uliss”.
  4. Uilyam Folkner, “Shovqin va shiddat”.
  5. Uilyam Folkner, “Jon berganimda”.
  6. Uilyam Folkner, “Yovvoyi palmalar”.
  7. Sofokl, “Shoh Edip”.
  8. Nataniel Gotorn, “Yetti frontonli uy”.
  9. Garriyet Bicher-Stou, “Tom togʻaning kulbasi”.
  10. German Melvill, “Mobi Dik”.
  11. Deyvid Gerbert Lorens, “Oʻgʻillar va maʼshuqalar”.
  12. “Ming bir kecha” ertaklari.
  13. Frans Kafka, “Metamorfoza”.
  14. Xorxe Luis Borxes, “Alef” (va boshqa asarlari).
  15. Ernest Heminguey, hikoyalar toʻplami.
  16. Oldas Haksli, “Kontrapunkt”.
  17. Jon Steynbek, “Sichqonlar va odamlar”.
  18. Jon Steynbek, “Qahr”.
  19. Erskin Kolduell, “Tamakizor yoʻl”.
  20. Ketrin Mensfild, hikoyalar.
  21. Jon Dos Passos, “Manhetten”.
  22. Robert Natan, “Jennining portreti”.
  23. Virjiniya Vulf, “Orlando”.
  24. Virjiniya Vulf, “Dellouey xonim”.

 

Tomas Mann, “Afsonaviy togʻ”

Bu kitobni bir nafasda, zoʻr ishtiyoq bilan oʻqib tashlaysan kishi! Naft va oʻrtogʻi Settembrin oʻrtasidagi chuqur oʻyga toldiruvchi, falsafiy mubohasalarni soʻzma-soʻz anglash ilinjida kitobga mukkangdan ketasan. Oʻsha oqshom joyimdan qimirlamasdan asarni oʻqib chiqdim va… qoyil qoldim!

 

Uilyam Folkner, “Shovqin va shiddat”

Yigirma yoshimda “Uliss”ni, sal keyinroq “Shovqin va shiddat”ni gʻoʻr tasavvurlarim bilan chalakam-chatti oʻqib chiqqanman. Ulgʻayib, hayotiy tajribalarim va bilimim ortgach, bu ikki asarni oʻqib hech narsani tushunmaganimni anglab yetdim. Va kitoblarni qayta oʻqishga, har bir jumlasini qalb prizmasidan oʻtkazishga ahd qildim. Joys va Folknerda anglash qiyin deb oʻylaganlarim endi oʻzining bor goʻzalligiyu soddaligi bilan namoyon boʻlgandi.

 

Nataniel Hotorn, “Yetti frontonli uy”

Doʻstim Ibarra menga Nataniel Hotornning kitobini oʻqib chiqishga berdi. Asar juda yoqdi. Gustavo bilan “Uliss”, “Odisseya” va mana shu kitobdagi mulohazalar haqida soatlab suhbatlashardik. Biz kitoblarning sirli olamida oʻzimizni butkul yoʻqotib qoʻygan edik.

 

Jeyms Joys, “Uliss”

Atlantika qirgʻoqlarida tugʻilib voyaga yetgan vatandoshlarimni qahvaxona va kitobning asl ishqibozi desam, adashmayman. Yuridik fakulteti talabasi, doʻstim Xorxe Alvaro Espinosa ana shunday ishqibozlardan edi. Bir kuni Alvaro stolim ustiga bir kitobni qoʻyib, oʻqib chiq, dedi. Kitob Jeyms Joysning “Uliss”i edi. Toʻliq oʻqishga sabrim chidamadi, asar bilan yuzaki tanishdim. Yillar oʻtib, ulgʻayib, kitobni jiddiy oʻqishga qaror qildim. Ishonasizmi, “Uliss” hatto oʻzimga ham notanish ichki olamimni anglashga yordam berdi, yozish texnikasini, vaqtni boshqarishni va yozish sanʼati sirlarini oʻrgatdi.

 

Sofokl, “Shoh Edip”

Yaqin doʻstim Gustavo (Ibarra Merlana) qattiqqoʻl, irodali, ammo juda mehribon edi. U tabiatimdagi begʻamlik va oʻy-fikrlarimdagi tarqoqlikni tizimli ravishda, sinchkovlik bilan oʻzgartirib bordi, ichki olamimni boyitishimda yordam berdi. Gustavo har jihatdan toʻkis inson edi. Intellektual salohiyati kuchli boʻlishiga qaramay, suzish boʻyicha olimpiya oʻyinlarida ham qatnashgan. Gustavo olim va chempion boʻlish uchun yaratilgandek edi goʻyo.

Ibarra bir kuni meni mehmonga taklif qildi. Uyi Marbelye dengizi qirgʻogʻida joylashgan boʻlib, ichki hovlisi va anchayin katta kutubxonasi bor edi. Balandligi 20 metrli devor shiftigacha kitoblar zoʻr ishtiyoq va mohirlik ila terilgan. Bu kitoblarning hammasi juda noyob. Agar oʻqib chiqmasang, koʻp narsani yoʻqotishing va bir umr vijdon azobida qiynalib oʻtishing tayin.

Oʻsha kuni biz ertalabgacha gaplashib chiqdik. Doʻstimning juda koʻp oʻqigani va dunyoqarashi kengligi suhbatidan yaqqol sezilib turardi. Gustavo lotin va yunon klassikasini asliyatda oʻqigan, poeziya haqida hamma narsadan xabardor, men hatto eshitmagan va bilmagan boshqa koʻp narsalarni bilardi.

Uning kamina doim keraksiz va zerikarli deb hisoblaydigan lotin va yunon klassik adabiyotini chuqur bilishi meni lol qoldirdi. Shu bois boʻlsa kerak, xayrlashishdan oldin charm bilan qoplangan kitobni menga sovgʻa qildi. “Sendan yaxshi yozuvchi chiqadi. Ammo yunon va lotin klassik adabiyotini bilmasang, hech qachon zoʻr yozuvchi boʻla olmaysan”, dedi. Kitob Sofokl asarlarining toʻliq toʻplami edi. Oʻsha kundan boshlab Gustavo va kitob mening eng yaqin doʻstlarimga aylandi. Ayniqsa “Shoh Edip”dan juda taʼsirlandim.

 

“Ming bir kecha”

… Bugun bosib oʻtgan hayot yoʻlimdan xayolan qayta oʻtar ekanman, bir narsaga yana bir karra amin boʻldim – men tarixni anglashning dastlabki koʻnikmalarini ertaklardan oldim. “Ming bir kecha” ilk sahifalaridanoq meni sehrli olamiga shaydo qilib qoʻygan. Shahrizoda aytib bergan har bir moʻjiza oʻsha paytlarda rostdan ham boʻlgan boʻlsa, ne ajab? Ammo hozirgi ulgʻayayotgan avlod moʻjizalar borligiga ishonmay qoʻygan.

 

Virjiniya Vulf, “Dellouey xonim”

Virjiniya Vulf haqida birinchi marta doʻstim Gustavo Iberradan eshitganman. U adibani Vulf kampir derdi. Bir kuni doʻstim oʻziga yoqqan kitoblarni qoʻlimga tutqazib, “Ahmoqlarga oʻxshab vaqtingizni bekorga sarflamasdan, shularni jiddiy oʻqib chiqing, keyin oʻzim kelib, olib ketaman”, dedi. Bu men uchun katta boylik edi. Ammo xazinani asraydigan joyim yoʻq edi. Yoʻqotib qoʻyishdan juda qoʻrqardim. Ha, aytgancha, oʻsha kuni Gustavo “Dellouey xonim”ning ispan tilidagi nusxasini sovgʻa qildi. Xursandligimdan terimga sigʻmasdim. Asarning har bir soʻzi yodimda qoldi…

 

Frans Kafka, “Metamorfoza”

Bir kuni kechki payt oʻrtogʻim Vega qoʻlida uchta yangi kitob bilan uyga qaytdi. Balki oʻqib uxlab qolarsan, deya, muqovasiga ham qaramasdan bittasini stolim ustiga qoʻydi. Ammo hammasi chappasiga aylandi. Halovatimni yoʻqotdim. Oʻsha kundan eʼtiboran ilgarigidek xotirjam uxlaganimni eslolmayman. Bu kitob Frans Kafkaning Buenos Ayresdagi “Losada” nashriyotida chop etilgan “Metamorfoza”si edi. Asar ilk satrlardanoq mening yangi hayot yoʻlimni belgilab berdi. “Metamorfoza” jahon adabiyotining eng buyuk asarlaridan sanaladi: “Bir kuni ertalab algʻov-dalgʻov tushlar koʻrib uygʻongan Gregor Zamza qoʻrqinchli hashoratga aylanib qolgan edi”. Asar ilk satrlaridanoq meni “Ming bir kecha” kabi oʻzining sirli olamiga yetaklab ketdi. Kafkani oʻqir ekanman, asarda kechayotgan voqealarning hayotimizdagi analogini topib oʻtirishga hojat qolmagandi. Yozilgan narsalarning hammasiga men ishonardim. Voqealar Shahrizodaning ertaklaridagi moʻjizalarga toʻla olamda emas, hammasi boy berilgan dunyoda sodir boʻladi.

Kafkaning “Metamorfoza”sini tamomlagach, oʻsha olamda yashash istagi bir daqiqa boʻlsin meni tinch qoʻymadi. Ertasi kuni Domingo Manyuel Vega meni yozuv mashinkasi qarshisidan topdi. Ancha paytgacha universitetga bormay qoʻydim. Shunga oʻxshash nimadir yozish istagi meni tark etmayotgandi. Agar yozmasam, oʻsha sehrli olam yoʻq boʻlib ketadiganday edi. Bundan tashqari, taniqli adib Eduardo Salomeya Bordo “Espektador” gazetasining “Shahar va dunyo” ustunida chop etilgan maqolasida kolumbiyalik yosh ijodkorlar orasida “pichoqqa ilinadigani yoʻq”ligini kuyunchaklik bilan yozgandi. Yozuvchi xuddi qoʻllari bilan nuqib meni koʻrsatayotganday tuyuldi. Badanimni sovuq ter bosdi. Bu fikrni chippakka chiqarishga azm etdim. Va qachonlardir yozib, tashlab qoʻyilgan hikoyam ustida ishlashga kirishdim… Hikoya “Metamorfoza” taʼsirida qayta qoʻrildi. Hikoyaning har bir jumlasini, soʻzini ikki-uch martalab qayta yozib chiqdim. Oʻn ikki kun deganda tamomlab, gazetaga joʻnatdim. Haftaning oxirida, 13 sentyabr kuni “Automatiko” kafesining yonidan oʻtib ketayotsam, ichkarida oʻtirgan bir ayol “Espektador” gazetasida chop etilgan “La tercera resignación” (“Uchinchi royishlik”) sarlavhali oʻsha hikoyamni mutolaa qilib oʻtiribdi. Yugurib gazeta doʻkonchasiga bordim. Ammo pulim yoʻqligi bois besh sentgina turadigan oʻsha gazetani sotib ololmadim. Tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib, yotoqxonaga qaytdim. Kursdoshlarim gazetani oʻqishayotgan ekan. Kafkacha uslubda yozilgan hikoyam birpasda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Shundan roppa-rosa bir yarim oy oʻtib (25 oktyabrda) oʻsha gazetada ikkinchi hikoyam “Eva está dentro de su gato” (“Mushuk ichidagi Havo”) keng ommaga taqdim etildi. Shundan soʻng jurnalist Eduardo Salomeya Bordo oʻzining bir maqolasida Kolumbiyada katta bir yozuvchi dunyoga kelgani haqida baralla eʼlon qildi.

 

Markesning roʻyxati uzundan uzoq emas. Ammo yozuvchi sanagan kitoblardan juda koʻp narsani oʻrganish mumkin. Ushbu roʻyxatdan qadimgi yunon va lotin adabiyoti, jahon klassik durdonalari, sehrli ertaklar va XX asrning eng goʻzal kitoblari joy olgan. Markes asarlarining ishqibozlari yaxshi biladi – sinkretizm Gabrielning har bir kitobida koʻrinadi. Markes asarlari va u sevib mutolaa qilgan kitoblar bizni adabiyotning muhtasham qasriga yoʻllaydi. Agar siz hali badiiy mutolaaga jiddiy eʼtibor qaratmagan boʻlsangiz, qoʻlingizga qalam olib, oʻqigan va oʻqimoqchi boʻlgan kitoblaringiz roʻyxatini tuzib chiqing. Zero, yozuvchi aytganidek, “Hayot faqat yashash degani emas, balki sening xotiralaring va har bir xotirang haqida aytib bergan hikoyalaringdir!”

 

Guljahon Namozova tayyorladi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.