Fazilatning eng yaxshisi

0
188
marta koʻrilgan.

Qanday odam andisha va farosat egasi boʻla oladi? Bular oʻzi insonga nima uchun kerak?

Inson — inson bilan tirik. Bu juda koʻhna haqiqat. Lekin har odamning oʻzi bir dunyo, xuddi daraxt yaproqlariga oʻxshab, bir-birini takrorlamaydi, taqdiri, qaygʻusi, tashvishi oʻzgacha. Koʻcha-koʻyda baʼzida shunday odamlarni uchratasanki, beixtiyor hali soʻzlashmasdan turib kayfiyating goh u, goh bu tomonga oʻzgarib ketadi. Shundaylar borki, ularning yuzlaridagi samimiyat, muloyim kulgi, chiroyli qarashlar mum qotgan tillarga-da «jon ato etib» yuboradi. Gapirmasalar-da, ruhingda tetiklik sezasan.

«Jilmayishni bilmaysizmi? Jilmayish uchun nima qilish kerak? Dastlab oʻzingizni jilmayishga majbur qiling. Agar yoningizda hech kim boʻlmasa, hushtak chalib yoki mingʻirlab birorta kuyni xirgoyi eting» (Deyl Karnegi). Albatta, bu eng qiyin vaziyatdan chiqib ketishingizga imkon tugʻdiradi. Va bu atrofdagilarning miyasida olijanob, omilkor, goʻzal insonning portreti chizilib qolishiga zamin yaratadi.

Inson hech qachon qiladigan ishiga beparvo munosabatda boʻlishi kerak emas. Fikr qiling, bosh qotiring, ammo hech qachon xushchaqchaqlikni yoʻqotmang. Oʻzingizni xuddi baxtli odamdek his qilishga harakat qiling va bu sizda aʼlo kayfiyat hosil qilishga yordam beradi. Bu haqda Garvard universiteti professori U.Jeyms shunday yozadi: «Xulq-atvor kayfiyat natijasi hisoblanadi, lekin ular ajralmasdir. Biz irodamiz, xulq-atvorimizni boshqarar ekanmiz, bevosita irodamizga boʻysunuvchi kayfiyatimizni ham boshqaramiz. Shunday ekan, buzilgan kayfiyat oʻrniga iroda zoʻri bilan kayfiyat hosil qilib, oʻzimizni tutib, yaxshi ish boʻlganday harakat qilmogʻimiz lozim».

Kishi vaziyatdan chiqib ketishni istamas ekan, ruhiy iztiroblar, salbiy axborotlar koʻnglimizning nozik devoridan sizib oʻtib, tushkunlik, horgʻinlik ustun keladi. Bu ishda, uyda, koʻcha-koʻyda bizni tark etishni istamaydi. Odam bora-bora xalq tili bilan aytganda «oʻzini oʻzi yeb» boradi.

Xalqimizda qadimdan kishining xulqi, odobiga baho berishda yuz-qiyofasiga alohida eʼtibor berilgan. Hatto, qiyofa ilmi bilan maxsus shugʻullanishgan. Hadislardan birida: «Yaxshilikni ochiq chehra kishilardan kutinglar», deyiladi.

Haqiqatan, chiroyli, ochiq yuzli kishilarning qalbi ham chiroyli, goʻzal boʻladi, boshqalarga mehru oqibatli boʻlib, doimo kulib turadi, dunyoning ortigʻi-kamiga gʻam chekmaydi.

Bir fozildan: «Qaysi fazilat eng yaxshi fazilat sanaladi?», deb soʻrashibdi. Shunda u: «Kular yuzli, shirin soʻzli, xushmuomala boʻlish», deb javob bergan ekan. Zero, ochiq yuzli, xushxulq, xushmuomala odam andisha va farosat egasi boʻladi. Bu goʻzal sifatlarga ega boʻlgan odam bilan hamsuhbat boʻlish yomon xulqli, qoʻrs bir olimdan dars olishdan-da afzalroq boʻlsa ajab emas.

 

Akmal IKROM

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.