Bilguvchi soʻzlamaydi, soʻzlaguvchi bilmaydi

0
428
marta koʻrilgan.

Buyuk Xitoy faylasufi Lao Szi eramizdan avvalgi VI-V asrlarda yashab ijod etgan. U Chjou saroyida arxiv xodimi boʻlib xizmat qilgan. Bir necha yillik xizmatdan soʻng Lao Szi Chjou saltanatining inqirozga yuz tutganini koʻrib ishdan ketadi va tarki dunyo qilib, Gʻarbga yoʻl oladi. Chegaraga yetib kelganda chegara boshligʻi undan oʻz vataniga nimadir qoldirib ketishni soʻraydi. Lao Szi esa chegara boshligʻiga 5000 belgidan iborat eski qoʻlyozmani topshiradi. Keyinchalik u tomonidan oʻz vatani uchun qoldirilgan bu bisot chindan ham katta boylikka aylandi. Sababi, qoʻlyozma “Daodeszin” (“Ezgu amallar yoʻli yoxud kuch va xatti-harakalar haqida kitob”) nomi bilan mashhur kitob boʻlib, unda faylasufning daosizm (falsafiy ilm) taʼlimoti, uning mohiyati haqidagi qarashlari, ibratomuz fikrlari jamlangan edi.

Quyida ularning ayrimlari bilan tanishasiz.

 

***

Ibtido intihodir, ayni vaqtda intiho ibtidodir. Bu holat na boshi va na oxiri boʻlmagan aylanaga oʻxshaydi. Agar u buzilsa, koinot halokatga uchraydi.

* * *

Qalbning tabiiy tuygʻular ila haqiqatni yolgʻondan ajrata olishimizga koʻmaklashuvi oʻylash deb ataladi.

* * *

Qalb tananing sohibi va donolikning hokimidir. U tanaga buyruq beradi.

* * *

Boshqalarni boshqarish – kuch, oʻz-oʻzini boshqarish esa qudratdir.

* * *

Ming kilometrlik sayohat birgina qadamdan boshlanadi! Buyuk ishlar, albatta, mayda ishlardan boshlanadi.

* * *

Oh, baxtsizlik! U baxtning tayanchidir. Oh, baxtiyorlik! Unda baxtsizlik yashirin.

* * *

Bilguvchi soʻzlamaydi, soʻzlaguvchi bilmaydi.

* * *

Nafratga yaxshilik bilan javob qaytarmoq kerak.

* * *

Gʻanimni toʻgʻri baholay bilmaslikdan koʻra ogʻirroq kulfat yoʻq.

* * *

Meni qancha kam bilsalar, shuncha qadrliman.

* * *

Odamlar ortingdan ergashishini istasang, ularning ortidan yur.

* * *

Oʻz xohish-istaklarining chegarasini bilmaslikdan ortiq baxtsizlik boʻlmaydi.

* * *

Fikrlaringizga ehtiyot boʻling – ular qilmishlaringiz ibtidosidir.

* * *

Buyuk toʻgʻrilik egrilikka, buyuk zakovat ahmoqlikka oʻxshaydi.

* * *

Koʻp bilib, oʻzini bilimdon qilib koʻrsatmaslik – axloqiy balandlikdir. Kam bilib, oʻzini bilimdon qilib koʻrsatish – kasallikdir.

* * *

Moʻrt va ojiz narsalar mustahkam va kuchli narsalar ustidan gʻalaba qozonadi. Yer yuzida suvdan yumshoqroq va zaifroq hech narsa yoʻq. Ammo u mustahkam va kuchli narsalarga hujum qiladi. Hech qanday kuch uni yengolmaydi.

* * *

Odamlar goʻzallikni anglagan ondan boshlab xunuklik paydo boʻladi. Bani bashar ezgulik neligini anglagan lahzalarda esa yovuzlik ham mavjudligini tushunadi.

 

JAHONGIR tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.