Axloq va hayot bir butundir

0
300
marta koʻrilgan.

Tomas Mann hikmatlaridan

 

Atoqli olmon adibi va publitsisti, adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofoti sovrindori. 1901 yili ilk romani “Buddenbroklar” bosilib chiqadi va unga katta shuhrat keltiradi. Aynan shu asari uchun yozuvchi 1929 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

“Qirol oilasi aʼzosi”, “Iosif va uning ogʻalari”, “Lotta Veymarda”, “Doktor Faustus”, “Sehrli togʻlar” kabi romanlari, bir qator qissa va hikoyalari mashhur.


 

Nahotki men hayotni, bu toza, shafqatsiz va qudratli hayotni yomon koʻrgan boʻlsam? Bekor gap. Tushunmovchilik bu. Men uni yenga olmaganim uchun oʻzimni yomon koʻrganman, xolos.

 

Mukammallik katta quvonch olib keladi.

 

Baxt va muvaffaqiyat – oʻzimizda, ichimizdadir.

 

Axloq, shubhasiz, hayotda eng muhimidir.

 

Vaqtni qoʻlingda tut! Har bir soat, har bir daqiqani asra. Nazorat qilmasang, kaltakesakday sirgʻalib qochib ketadi. Har bir lahzani halol va munosib amallar bilan beza! Vaqtga salmoq, mazmun va nur bagʻishla.

 

Shoir ijodiy toʻqimalari sabab emas, ilohiy iqtidor tufayli dunyoga keladi.

 

Bizning qoʻrquvimiz – dushmanlarimiz mardligining manbasidir.

 

Axloq va hayot bir butundir. Axloq – hayot tirgagi, axloqli odam hayotning chinakam fuqarosidir.

 

Nuqsonni yoqlash bilan fazilatlar haqorat qilinadi.

 

Vaqt undan foydalanib aqlliroq, yaxshiroq, pishiqroq va mukammalroq boʻlishimiz uchun berilgan qimmatbaho sovgʻadir.

 

Orzular ushalganda eng yaxshi narsalar ortda qoladi.

 

Barcha istak va harakatlarimiz asablarimizning ehtiyojlari sabab dunyoga keladi. Bu ehtiyojlarni soʻz bilan taʼriflash qiyin.

 

Urush – tinchlik davridagi muammolardan qoʻrqoqlarcha qochishdir.

 

Faqat oʻlimgina azob-uqubatlarni hurmatlashga oʻrgata oladi.

 

Baʼzi odamlar bilan yashash qiyin, lekin ularni tashlab ketish ham oson boʻlmaydi.

 

Xunuk holatlarni ham oʻz foydasiga uyalmay oʻzgartira olish yashovchanlik qobiliyatining belgisidir.

 

Sanʼat insonning ezgulikka, haqiqatga, komillikka gʻayriixtiyoriy va azaliy intilishining eng goʻzal, eng qatʼiy, eng quvonchli va ezgu timsolidir.

 

Agar biror fikr butun vujudingni qamrab olgan boʻlsa, u seni har qadamda taʼqib etadi, hatto havoda ham uning hidini sezasan.

 

Azob-uqubat koʻrmagan odam bir umr yosh bola boʻlib qolaveradi.

 

Qoʻpollik sizni istagan odam bilan bir joyga qoʻyadi; faqat adabgina masofa hosil qila oladi.

 

Oilada hamma bir-birini himoya qilishi kerak, aks holda, koʻrgiliklar eshik qoqib keladi.

 

Mutlaqo begona odamlarning bir-biriga “sen” deb murojaat qilishi yovvoyilik, qoloqlik, odobsizlik belgisidir. Men buni jinimdan battar yomon koʻraman. Chunki bu, mohiyatiga koʻra, sivilizatsiyaga va insoniyat taraqqiyotiga surbetlarcha, vijdonsizlarcha qarshi yoʻnaltirilgandir.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2017–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.