Umr dorisi

0
260
marta koʻrilgan.

Ibn Sino donishmandlarning donishmandiyu, tabiblarning tabibi ekan. Kunlardan bir kun shaharlik bir kishi undan soʻrab qoldi:

– Ey, ulugʻ tabib, seni ming bir dardga davo topgan tabib, deyishadi. Luqmoni hakimdan ham oʻtib ketgan emishsan, shu gap toʻgʻrimi?

– Gaping notoʻgʻri, Luqmoni hakimdan oʻtish menga qayda? Ul hazratga kichik bir shogird boʻlsam oʻzimni dunyoda eng baxtiyor kishi hisoblardim. Ming bir dardga davo topganimga kelsak, bu savolingga ham “ha”, ham “yoʻq!” deb javob beraman. “Ha”ning maʼnosi shuki, koʻp dardga davo topganim toʻgʻri, qoʻlimda juda koʻp xastalar shifo topib ketgan. “Yoʻq”ning maʼnosn shuki, hali men bilmagan kasalliklar qoʻp…

– Oʻlimning oldini olish mumkinmi? – soʻradi u tabibni hol-ahvoliga qoʻymay.

– Bu savolga ham javob berish mumkin, – dedi Ibn Sino. – Oʻlimni davolashni bilolmayman-u, ammo uning oldini olib, umrni uzaytirish yoʻllarini bilaman.

– Shuni menga ham oʻrgat! – soʻzida turib oldi u. Ibn Sino:

– Mayli oʻrgatsam oʻrgata qolay. Men bilan oʻzim koʻkartirgan boqqa kirasan, senga umrni uzaytiradigan dori beraman.

Ibn Sino shunday dedi-da, haligi kishini yetaklab bogʻiga boshlab kirdi. Uning qoʻliga bir tup chinor bilan bir tup nashvati koʻchati berdi:

– Mana bu chinor niholini voyaga yetkazib, uning shoxlaridan oʻzingga uy solasan, manav nokni mevaga kiritib, meni nokxoʻrlikka chaqirasan. Shundagina mendan umrni uzaytiradigan dorini olasan. Shaharlik kishi chinorni oʻstirib uy solishga, nokni mevaga kiritib hosil toʻyiga Ibn Sinoni chaqirmoqchi boʻlib yuraverdi, mehnat ketidan mehnat qilaverib, hayot zavq-shavqi bilan yashadi, u yuz yoshdan ham oshib ketganini oʻziyam bilmay qoldi.

Qissadan hissa: umidli dunyo ekan, umid qilgan murodiga yetadi, noumid oʻz oyogʻidan yiqiladi, yaxshi niyatli boʻlaylik.

 

“Allomalar ibrati” (Allomalar va shoirlar haqidagi xalq afsona va rivoyatlari. Yozib oluvchi va nashrga tayyorlovchi: filologiya fanlari doktori Malik Murodov. Toshkent, “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1982) kitobidan

Oldingi sahifaDonishmand ustoz
Keyingi sahifaToʻy
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.