Tanbal bola

0
221
marta koʻrilgan.

Eron xalq ertagi

Xayol va uyqu mamlakatida tanbal bola yashar ekan. U yerda hamma narsa sekin, tushga oʻxshab oʻtar ekan. Qushlar ham kasalga oʻxshab uchisharkan, baʼzida uchgan holda yerga qulasharkan. Maysalar va oʻsimliklar juda sekin, daraxtlar egilib oʻsarkan.

Odamlar uyqudan kech uygʻonisharkan. Biror ish qilishsa, uzoq choʻzilarkan. Ertagimiz qahramoni – tanbal bola ham yumshoq va issiq karavotda uzoq uyquga ketgan ekan. Tanbal bola hamma narsadan uyquni afzal bilarkan. Oxir-oqibat u koʻzlarini ochib, esnabdi. Qorni ochganini his qilibdi. U nonushta qilganida asr mahali boʻlarkan. Tanbal bola zoʻrgʻa oʻrnidan turib, choy tayyorlash uchun chovgumga suv olib, oʻchoqqa qoʻyibdi. Bu yerda bitta non yopish uchun ikki soat vaqt kerak ekan. Nonlar kuyib ketmas ekan. Tanbal bola oʻziga-oʻzi debdi: – Choy qaynab, non tayyor boʻlguncha hovlidagi yumshoq kursida yastanib yotsam boʻladi. Shunday debdi-yu, esnab, koʻzlarini yumibdi. U yana uyquga ketibdi. Qandaydir baland ovozdan uygʻonibdi. Uygʻongach ham ovoz uni taʼqib qilibdi: – Oʻrningdan tur! – debdi. Tanbal bola taajjub va qoʻrquvdan koʻzlarini katta ochibdi. Roʻparasida ikkita odam turganini koʻribdi. U qoʻrqa-pisa debdi:

– Siz kimsiz?

– Mening ismim Mehnat, – debdi birinchi odam.

– Meniki esa Gʻayrat, – debdi ikkinchisi.

Gʻayratning ishi juda koʻp ekan. U tanbal bolaga oʻzi bilan birga yurishni buyuribdi. Mehnat debdi:

– Biz sening mudrashingni poylab, bu yerda kun boʻyi qololmaymiz. Birinchi navbatda karavotingni yigʻishtirib qoʻy. Keyin hovlidagi oʻtinlarni maydalab yor. Taom tayyorla, kiyimlaringni yuv. Yirtiq liboslar va paypoqlaringni tikib ol.

Tanbal bola bu ishlarni qanday bajarishni oʻylab, qoʻrqib ketibdi.

– Nima? Oʻtinlarni tozalayman. Karavotni tikaman. Polni mayda qilaman. Koʻmir yoqaman. Deraza tayyorlayman! – U qoʻrqqanidan hammasini chalkashtirib gapiribdi.

Tanbal bola terga botib, nafasi tiqilib, aytilgan ishlarni bajaribdi. Ammo Mehnat bilan Gʻayrat uning charchaganiga aslo ahamiyat berishmabdi. Hamma ishni qilib boʻlgach, qorni ochibdi. Biroz dam olmoqchi boʻlibdi. Birdan Mehnat bilan Gʻayratning baland ovozini eshitib, tashqariga chiqibdi. Endi navbat yurishga kelibdi. Oyoqlari holdan toyguncha yurishibdi.

Tanbal bola uyiga qaytib, ozgina choʻzilib yotmoqchi boʻlgan ekan, Mehnat bilan Gʻayrat:

– Endi yugurishga navbat! – deyishibdi.

– Boshqa hech narsa qilolmayman!

Gʻayrat unga qichqiribdi:

– Men hushtagimni chalganda sen eshik yonida yugurishga tayyorlanib tur.

Oʻsha lahzada hushtak chalib, oʻzi ham yugura boshlabdi. Tanbal bola zoʻrgʻa yuguribdi. Mehnat debdi:

– Unday emas! Tezroq yugurish kerak!

Gʻayrat yana hushtak chalibdi. Tanbal bola yana yuguribdi. Goʻyo oyoqlari ham oʻziniki emasday tuyulibdi. U oʻtmishini oʻylay boshlabdi. Koʻzlarini ishqalab yumshoq kursida yastanib oʻtirganlarini eslabdi. Atrofiga qarabdi. Gʻayrat va Mehnatni koʻrmabdi. Koʻrganlarining hammasi tush ekan. Hushtak ovozi ham chovgumning qaynagan tovushi ekan.

Tanbal bola yengil nafas olibdi. Oshxonaga kirib ovqatlangach, yana choʻzilib yotmoqchi boʻlibdi. Biroq yomon tush koʻrishdan choʻchib, mehnatsevar boʻlishga ahd qilibdi va hayot tarzini oʻzgartiribdi.

 

Fors tilidan Bahriddin Turgʻunov tarjimasi

 

 

“Gulxan”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.