Donishmand ustoz

0
808
marta koʻrilgan.

Abu Ali ibn Sinoning qoʻlida taʼlim olish, unga shogird boʻlish katta sharaf edi. Kunlardan bir kun ikki ota – biri katta boy, ikkinchisi bir kambagʻal oʻz oʻgʻillarini Ibn Sinoga shogirdlikka bermoqchi boʻlishdi.

– Ey ulugʻ tabib, huzuringizga bolalarimizni olib keldik. Tarbiyangizga olib, shogirdlikka qabul qilsangiz. Zora sizga oʻxshab, tabib boʻlib yetishsalar, – deyishdi. Ibn Sino rozilik bildirib, ularni sinab koʻrib shogirdlikka olishni aytdi. Ibn Sinoning bir odati bor edi. Kim unga shogird tushmoqchi boʻlsa, oldin sinovdan oʻtkazar, soʻng tabiblik ilmini oʻrgatar edi.

– Bolalarim, – dedi kelgan yigitlarga qarab, – Togʻu-toshlar kezing, choʻlu-biyobonlar oralang-da, har biringiz ming donadan oʻt-giyoh terib kelinglar.

Ibn Sino shunday dedi-da, ularni har birining qoʻliga xalta berdi. Oradan bir necha kun oʻtdi. Bolalarning birinchisi kelib, yiqqan giyohlarni Ibn Sinoning oldiga toʻkdi. Hammasi shifobaxsh giyohlar edi. Buni koʻrgan Ibn Sino quvonib soʻradi:

– Barakallo, oʻgʻlim, eng dorivor giyohlarni teribsan. Endi bir savolimga javob bersang. Qani ayt-chi, oyoq qabarishiga nima davo boʻladi?

– Mening tabiblikdan xabarim yoʻq, – dedi bola, – sizga oʻzim endi shogird tushdim-ku.

Ibn Sino: “Shu oʻn kun orasida nabotot ichida yurib tabiblikdan alifni oʻrganmabsanmi, sendan tabib emas, olibsotar chiqadi”, – dedi koʻnglida, soʻng ovozini chiqarib:

– Senga javob, oʻgʻlim, ketaver! Borib olibsotarga shogird boʻl! – dedi.

Oradan bir kun oʻtgach, kambagʻal kishining oʻgʻli yetib kelib, toʻplagan oʻtlarni hakimning oyogʻi ostiga choʻkdi. Ibn Sino juda xursand boʻlib:

– Barakallo, boʻtam, qani menga ayt-chi, oyoq qabarganiga nima davo boʻladi? – deb soʻradi.

– Yovvoyi rayhon yo yalpizni suvda ivitib, ozgina tosh tuzdan qoʻshib yuvish kerak, – javob qildi bola.

– Choʻl-biyobonda qolding-ku, suv topolmading deylik, chanqoqni nima bilan qondirish mumkin? – yana savolga tutdi Ibn Sino bolani.

– Yantoqning suvi chanqoqni qondiradi, ham darmon boʻladi, – dadil javob berdi bola.

– Rahmat, oʻgʻlim, sen endi menga shogirdgina emas, farzand ham boʻlding!

 

“Allomalar ibrati” (Allomalar va shoirlar haqidagi xalq afsona va rivoyatlari. Yozib oluvchi va nashrga tayyorlovchi: filologiya fanlari doktori Malik Murodov. Toshkent, “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1982) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.