Chivin bilan ayiq

0
211
marta koʻrilgan.

Slovak ertagi

 

Chivin bilan ayiq oʻrtoq ekan.

Bir kuni ayiq chivindan soʻrabdi:

– Chivinjon, oshna, sen hamma joyda uchib yurasan, hamma hayvonlarning qonini ichasan. Qani oʻylab koʻrib ayt-chi, hammasidan kimning qoni shirin?

Chivin javob beribdi:

– Oʻylab oʻtirishning hojati yoʻq. Hammasidan odamning qoni shirin.

– Unday boʻlsa, men ham tatib koʻraman, – debdi ayiq.

Chivin oʻz ishi bilan uchib ketibdi, ayiq boʻlsa odamni qidirib ketibdi.

U oʻrmonda koʻp yuribdi-yu, lekin hech kimni uchratmabdi. Nihoyat oʻrmon chekkasnga chiqibdi. Shu yerda u kaltakni ot qilib minib yurgan yosh bolani koʻribdi.

– Hoy, toʻxta! – debdi. – Sen odammisan, odam emasmisan.

– Endi odam boʻlaman, – debdi bola va gʻurur bilan qaddini rostlabdi. Chunki u tezroh katta boʻlishni istar ekan.

– Unday boʻlsa bor, ketaver, – deb toʻngʻillabdi ayiq. – Endi odam boʻlarkansan, undan menga nima foyda.

Ayiq lapanglab ketaveribdi. Shoshmasdan yursa ham bir qariyani quvib yetibdi. U shunday qari ekanki, oyogʻini arang koʻtarib bosar, hassaga suyanib olgan ekan.

– Hoy, toʻxta, – debdi ayiq. – Sen odammisan, odam emasmisan?

– Endi odam emasman. Bir vahtlar shunaqa odam edimki!

– Ketaver, yoʻlingdan qolma, – deb toʻngʻillabdi ayiq. – Ilgari odam boʻlganingdan menga nima foyda.

Ular oʻz yoʻllariga ketishibdi.

Ayiq oʻrmon yoqasidan oʻtgan yoʻlga chiqibdi. Shu payt qarshisidan oltin ipak bilan tikilgan qizil mundir kiygan, mis dubulgʻasiga jigʻa taqqan otliq gusar chiqib qolibdi. Yelkasidagi kalta plashi shamolda qilpirarmish.

Ayiq hayron boʻlib soʻrabdi:

– Toʻxta! Sen kimsan?

Gusar moʻylovini burab debdi:

– Koʻrmayapsanmi? Qilich, qurol taqqan, muhimi, kallasi butun odamman.

U shunday deb yoʻlida davom etibdi. Lekin ayiq uning gapini eshitiboq uning ketidan yuguribdi. Yetib olishiga oz qolibdi.

Shunda gusar ayiqqa oʻgirilibdi-da, qilichini sugʻurib uning yelkasiga tushirib qolibdi. Ayiqning terisi yorilib, qon oqa boshlabdi.

Ayiq odam bilan hazillashib boʻlmasligini tushunibdi-da, tiraqaylab qochib qolibdi. Lekin gusar erinmasdan miltigʻiii olibdi-da, ayiqning orqasidan oʻq uzibdi.

Ayiq iniga arang yetib kelibdi.

Koʻp oʻtmay uning oʻrtogʻi chivin ham uchib kelibdi.

Ayiq ingrab, chivinni urisha boshlabdi:

– Bilmadim, oshna, eng shirini odam qoni deb, toʻgʻri aytganmisan… Men uni tatib koʻrmoqchn edim, boʻlmadi.

– Nima boʻldi? – hayron boʻlibdi chivin. – Nima uchun tatib koʻrmading?

– Yaxshisi, odamga oʻchakishmaslik kerak ekan. Men uni quvib yetmoqchi edim, u uzundan-uzun tilini chiqardi. Hatto qoʻliga oldi. U shunaqa oʻtkirki, suyagimgacha borib yetdi. Men unga tegmay qochdim, lekin u orqamdan bir tufladi. Tupugi biqinimga tegdi, yondirib yuborgandek boʻldi. Hozir ham biqinim achishib turibdi.

Shunda chivin xaxolab kula boshlabdi. U shunaqangi xaxolab kulibdiki, yorilib ketibdi.

Lekin bu albatta, yolgʻon. Chunki shu kungacha chivinlar hamma hayvonning qonini ichishadi va odamlarning joniga tegishadi.

 

Ruschadan V. Yoʻldoshev tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.