Barchasi yod boʻlib ketgan

0
195
marta koʻrilgan.

Tabiblar tuzatolmagan kasalni tuzatgani uchun Ibn Sinoga podsho:

– Nima tilaging bor, ayt, hammasini muhayyo qilaman, – dedi.

Ibn Sino:

– Podshohim, saroylaridagi kutubxonadagi kitoblaridan foydalanishga ruxsat etsalar, shu menga eng oliy mukofot, – debdi. Podsho rozi boʻlibdi. Ibn Sino kitoblar olamiga shoʻngʻib ketdi. Ibn Sinoda koʻrganini bir umrga unutmaslik, eshitganini yodda saqlab qolish qobiliyati juda kuchli edi. Uqigan har qanday kitobi boshdan-oyoq esida qolar, xotirasidan hecham koʻtarilmasdi. Ibn Sino oz muddatda shox saroyidagi barcha kitoblarii bir oʻqib chiqishdayoq yod olibdi. Shu orada Ibn Sinoga hasad qilib, uni koʻrolmay yurgan saroy tabiblari unga tuhmat toshini otibdilar, Podsho ularning igʻvolariga ishonib, Ibn Sinoni saroy kutubxonasidan chetlatibdi…

Saroy tabiblari: “Ibn Sino kutubxonadagi kitoblarni oʻqish u yoqda tursin, hali koʻrib chiqishga ham ulgura olmagan”, deyishibdi. Ibn Sino qishlogʻiga ketibdi. Shu orada podshoning kasali yana boshlanibdi. Tabiblar qanchalik harakat qilishmasin, podshohni tuzatisha olmabdilar. Shunda podshoh: “Tuzatsalaring tuzatganlaring, boʻlmasa, hammanglarni yurtdan badargʻa qilaman”, debdi. Tabiblar qoʻrquvga tushishibdi. Uzaro maslahat qilishib, hech bir qarorga kelisha olmabdi. Oxiri boʻlmabdi. Ulardan biri:

– Podshohning qahri yomon, aytganini qilib bizni yurtdan badargʻa qilishi aniq. Yaxshisi, Ibn Sinoning oldiga borib, undan uzr soʻraylikda, bunda olib kelaylik. Podshoni tagʻin oʻshaning oʻzi tuzatadi, – debdi. Bu gap hammaga maʼqul boʻlibdi. Ibn Sinoni olib kelishibdi. U podshoni tuzatibdi. Shunda podsho:

– Saroyda qoling, oʻzingiz sevgan joy – kutubxona va undagi barcha kitoblar sizning ixtiyoringizda boʻladi, – debdi.

– Yoʻq, endi hojati yoʻq. Men kutubxonangizdagi barcha kitoblarni yoddan bilaman, – debdi Ibn Sino. Podshoh boshliq hamma turganlar bu soʻzlardan hayratga tushibdi. Podshoh kutubxonadagi barcha kitoblarni keltirishni amr qilibdi. Kitoblar olib kelingach, vazir birovini ochib qarab turibdi, Ibp Sino uni boshdan-oyoq yoddan aytib beribdi. Ikkinchi kitobni ham, uchinchi kitobni ham xuddi shunday yoddan aytib beribdi.

E, boringki jamiki kitob yod boʻlib ketgani ayon boʻlibdi. Hamma Ibn Sinoga qoyil qolib, ofarinlar aytibdi.

 

“Allomalar ibrati” (Allomalar va shoirlar haqidagi xalq afsona va rivoyatlari. Yozib oluvchi va nashrga tayyorlovchi: filologiya fanlari doktori Malik Murodov. Toshkent, “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1982) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.