Umarali Normatov (1931)

0
1852
marta koʻrilgan.

1931 yil 3 yanvarda Fargʻona viloyati Beshariq tumanidagi Rapqon qishlogʻida tugʻilgan. Toshkent Davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetida (1952–1957), soʻng aspiranturasida (1959–1962) taʼlim olgan. 1962 yildan Milliy universitet oʻzbek adabiyoti kafedrasida ishlaydi, filologiya fanlari doktori, professor. 1974–2000 yillari Hozirgi oʻzbek adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilgan. Bu yillari kafedrada O. Sharafiddinov, A. Aliyev, A. Rasulov, N. Xudoyberganov, S. Sodiqov, B. Karimov, A. Ulugʻov, R. Qoʻchqorov, D. Quronov, U. Hamdam singari isteʼdodli munaqqid-adabiyotshunoslardan iborat ilmiy jamoa shakllandi; mazkur jamoaning saʼy-harakati tufayli O. Sharafiddinov boshliq milliy tanqidchilik maktabiga asos solindi.

U. Normatov 1957 yildan matbuotda koʻrina boshladi, 500 dan ortiq maqolalari, 50 dan ortiq adabiy-tanqidiy asarlari, darslik, oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan. Adabiyotshunos-olimning adabiy-tanqidiy ishlari yaxlit holda zamonaviy adabiy jarayon hamda yangi oʻzbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalariga bagʻishlangan; uning qalamiga mansub milliy adabiyotimizning nodir asarlari tahlili, oʻziga xos talqini, bu adabiyotning oʻnlab namoyandalari adabiy portretlari, nihoyat, yangi oʻzbek adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari, taraqqiyot tamoyillariga oid ilmiy-nazariy ishlari ahamiyati adabiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan. Munaqqidning “Nasrimiz ufqlari” (1974), “Yetuklik” (1982), “Qalb inqilobi” (1986), “Qodiriy bogʻi” (1996) kitoblari zamonaviy oʻzbek adabiyotshunosligining yutugʻidir.

Umarali Normatov tanqidchi-adabiyotshunos sifatida mustaqillik yillaridagi milliy adabiy jarayonni qadam-baqadam sinchiklab kuzatib, adabiyotimizda paydo boʻlgan yangicha adabiy-estetik tamoyillarni aniqlash, bugungi adabiy jarayonning nazariy muammolarini tadqiq etish yoʻlidan bordi. “Umidbaxsh tamoyillar”, “Tafakkur yogʻdusi”, “Qahhorni anglash mashaqqati”, “Koʻngillarga koʻchgan sheʼriyat”, “Ustoz ibrati”, “Ijod sehri”, “Ijodkorning daxlsiz dunyosi” kitoblari, matbuotda eʼlon etilgan yuzlab adabiy-tanqidiy maqolalari ayni shu muammolarga bagʻishlangan.

Asarlari rus, turk, tojik tillarida chiqqan.

Umarali Normatov 1991 yildan umumtaʼlim maktablari uchun tubdan yangilangan adabiyot dasturi va darsliklari yaratish boʻyicha mualliflar guruhiga rahbarlik qildi, 5,9, 11-sinflar uchun darslik, qoʻllanmalar muallifi sifatida qatnashdi; uning ishtirokida oliy oʻquv yurtlari uchun “XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi”, “Yangi oʻzbek adabiyoti” kitoblari yaratildi.

U. Normatovning adabiyotshunoslik, taʼlim-tarbiya sohasidagi xizmatlari munosib taqdirlangan. U Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi (1981), Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1989); Oʻzbekiston Respublikasi Xalq maorifi aʼlochisi nishoni (1992), “ToshDU mohir pedagogi”(1998) unvoni sohibi. Adabiy-tanqidiy maqolalari uchun “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Tafakkur” jurnallari mukofotlarini olgan.

 

(2010 yilgi maʼlumot)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.