Xalq donishmandligining moʻjaz namunalari

0
360
marta koʻrilgan.

Maqollar yashovchanligi, asrlar davomida shakllanib, sayqal topishi, tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Xalqning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy tajribasidan kelib chiqqan hikmatli soʻzlar oʻzbek tilida “maqol”, tojiklarda “zarbulmasal”, ruslarda “poslovitsa”, arablarda “naql”, turklarda “atasoʻzu” deb nomlanadi. Hajman qisqa, ammo mazmunan keng tushunchani anglatuvchi hikmatli soʻzlar turli mavzuni qamrab oladi.

“Vatan tarkin bir nafas aylama, yana ranji gʻurbat havas aylama”. “Ayrilmagin elingdan, quvvat ketar belingdan”. “Koʻrpang qayerda boʻlsa, koʻngling shu yerda”. “El qoʻrisang, oʻzarsan, qoʻrimasang toʻzarsan”.

Bu maqollar maʼnosini chuqur anglagan har qanday inson oʻz yurtini, xalqini sevishga, sarhadlarini asrashga, tinchlikning qadriga yetishga oʻrganadi. Zero, vatanparvarlik – oʻz Vataniga mehr qoʻyishdangina iborat emas. Bu juda katta his… Bu – Vatan bilan oʻzini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqatish demakdir.

Kundalik hayotimiz davomida deyarli har kuni duch keladigan yana shunday maqollar ham borki, ularda jamiyatdagi turli tabaqa, soha kishilarining obrazlari uchraydi. Masalan:

“Kulol mundidan suv ichar”.

“Podachining qizining poda qaytganida gʻayrati kelar”.

“Pazandaning goʻjasidan osh chiqar, noshudning palovidan tosh chiqar”.

Bu gaplar biror holat va vaziyatdan kelib chiqib aytiladiki, ularga eslatma yoki tarbiyaviy nim kulgi, hazil-mutoyiba, kinoya ham singdirilgan.

“Boy boyga boqar, suv soyga oqar”, “Boydan amr boʻlsa, boyvachchadan xamir boʻlar” singari maqollar ham oʻzida katta maʼno jamlagan. Jamiyatda yuqori martabaga mansub kishilarning oʻz toifasidagilar bilangina munosabatda boʻlishi, ayniqsa, qiz chiqarib, kelin olishda ikki oilaning ijtimoiy kelib chiqishi, moddiy va maʼnaviy ahvolini oʻrganish, shunga qarab xulosa chiqarishda qoʻllanilgan boʻlib, bugungi kunda ham nutqimizda ancha faol ishlatiladi.

Yana shuni unutmaslik kerakki, maqollar tarbiyalash vositasi boʻlibgina qolmay, yolgʻonchilik, baxillik, maqtanchoqlik va ishyoqmaslik kabi yomon xulq-atvor, odatlardan tiyilishga chaqiradi. Shu bois ham pedagogikada maqollar va uning tarbiyaviy ahamiyati muhim oʻrin tutadi. Maqollar ahillikka, doʻst bilan dushmanni farqlay olishga chaqiradi, oʻzidagi salbiy feʼl-atvorni yoʻqotib, yaxshi odatlarni kasb etishga daʼvat etadi.

“Besabrning nafsi shoshar, tusagani kuzda pishar”, “Toqatliga togʻlar egar boshini, betoqatning itlar yeyar oshini”, “Oʻylamay gapirgan ogʻrimay oʻlar” kabi maqollar orqali esa shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilish qoralanadi. Bir soʻz aytishdan avval yoki biror ish boshlash oldidan albatta chuqur oʻylab koʻrish lozimligi eslatiladi. Aytilgan soʻzning otilgan oʻqqa qiyoslanishini inobatga olsak, yetti oʻlchab, bir kesish nafaqat muammo keltirib chiqarmaydi, balki katta yutuqlarni qoʻlga kiritishimizga zamin boʻladi.

Maʼlumki, oila farovonligi, tinchligi, farzandlar kamoloti ayollarga bogʻliq. Xonadon bekasi qanchalik ilmli, hunarli va zukko boʻlsa, oʻsha xonadonda oqil farzandlar ulgʻayib, tinchlik hukmron boʻladi, aksincha boʻlsa qut-baraka koʻtarilib, oxiri oila parokanda boʻladi. Dono xalqimiz tomonidan yaratilgan maqollarda ayollarning xulq-atvori, uy tutumi, taʼsiri nazarda tutiladi:

“Boʻz yaktak qichitar, yaxshi xotin tinchitar”.

“Semiz qoʻzining goʻshti yaxshi, oqil onaning – qizi”.

“Otasi tentakning birisi – tentak, onasi tentakning barisi – tentak”.

Insoniyatni asrlar davomida ezgulikka, olijanoblikka undagan, mehnatsevarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalagan, farovonlikni ulugʻlagan xalq maqollari katta hayotiy darsdir. Shunday ekan, avlodlar ongini ushbu maʼnaviy merosimiz bilan sugʻoraylikki, farzandlarimiz kelajakda oqil va komil insonlar boʻlib yetishsin.

 

S. ALLAYOROVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.