Tilimiz tilsimi

0
594
marta koʻrilgan.

Inson taqdiridan qiziq taqdir bormikan? Yoʻq, deydi shoshqaloq odam. Men ham shunday derdim qogʻoz-qalamdan yiroq paytlarim. Sal oʻtib – qogʻoz qoralab, Soʻz deb atalmish neʼmatning ortidan kun koʻra boshlaganimdan beri yuqoridagi savolga hazir boʻlib javob beradigan boʻldim. Javobim shu: inson qismatiday ajib qismat, ajab taqdir Soʻzda bor. Nega qiziq boʻlmasin?! Yetmish-sakson yil umr koʻrib, turli savdolarga yoʻliqqan odam taqdiridan ajablanamiz-u, ming yillik togʻu toshlar nurasa ham, hanuz yashab kelayotgan soʻz taqdiri qiziq boʻlmaydimi!?

Eshitgansiz, avvali Soʻz bino boʻlgan. Xilqatlarning Xoliqi “Boʻl” degan bir soʻz bilan butun borliqni yaratdi. Hazrat Navoiy aytadi:

 

Soʻz kelib avvali jahon soʻngra,

Ne jahonki, kavn ila makon soʻngra.

Chunki mavjud boʻlsa nuktai “kun”,

Boʻldi mavjud toza, yoʻqsa kukun.

 

Yaʼni, agar “Kun!” – “Boʻl!” amri boʻlmaganida edi, biz bilgan va bilmagan butun yaratiqlar toabad kukun – zarraligicha qolardi.

Oʻzbek tili bir necha daryoning suvi bilan toʻyingan dengizga oʻxshaydi – birda toʻldi, birda kamaydi. Chetdan soʻz kirib kelishi natijasida koʻpgina oʻz soʻzlarimiz isteʼmoldan chiqib ketdi. Yoxud avval boshqa maʼnoda ishlatilgan soʻz bir asr oʻtar-oʻtmas boshqa mazmunda qoʻllana boshladi. Lisoniy xazinamizda turkiy soʻzlardan tashqari, arab, fors, moʻgʻul, rus va boshqa tillardan oʻzlashgan bir necha minglab soʻzlar borki, ular ham oʻz soʻzimizga aylangan. Buning natijasida tilimiz eng boy tillardan biri boʻldi. Ayrim tillarda bir tushunchani nari borsa ikki-uch soʻz bilan ifodalash mumkin boʻlsa, bizda koʻp soʻzlarning oʻnlab maʼnodoshlari bor.

Til taqdiriga befarq boʻlmagan millatgina uzoq yashaydi. Lekin bugungi kunda tilimizga, kundalik turmushda ishlatayotgan soʻzlarimizga eʼtiborsiz boʻlib qolganimiz ham rost. Faqat til bayramidagina (shu kunning borligiga ham shukr!) “Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz” singari maqollarni takrorlaymiz-u, ammo tilning sof yashashi haqida oʻylamaymiz. Oddiy xalq-ku, mayli, hatto ayrim tilshunos olimlarimiz ham tilimiz taqdiriga befarq qarayotir. Soʻzlarimiz tarixi va taqdiri, taraqqiyoti va tanazzuli haqida Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy kabi ulugʻlardan keyin sanoqli kitob yaratildi. Bular – tilshunos olim Alibek Rustamovning “Soʻz xususida soʻz”, atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Til va el”, sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Soʻz latofati” hamda olimlarimiz Nizomiddin Mahmudov va Shavkat Rahmatullayevning ayrim risolalari. Holbuki, hozirgi yoshlar – ijodkor tengdoshlarimiz orasida soʻz etimologiyasi, uning maʼno qirralari haqida bilim tanqisligi sezilayotgan paytda bunday kitoblar judayam zarur. Tilimiz tabiati va sofligi borasida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tilshunoslarning nihoyatda ozligi esa kishini oʻylantiradigan yana bir katta masaladir…

Ustozlarga havas qilib, anchadan beri oʻzim uchun qiziq boʻlgan ayrim soʻzlar tarixi, baʼzilarining bugungi kunda anglatayotgan maʼnolari xususida nimadir yozishni niyat qilib yurgandim. Quyidagi bitiklarimni ana shu havasu niyatning mahsuli sifatida qabul qilgaysiz.

* * *

Oxirgi bandni oʻqib, kimdir “Shuncha gap bejiz gapirilmagan ekan-da”, deb aytishi mumkin. Lekin aytayotib bejiz soʻzi nima degani, deb oʻylab koʻrmagani aniq. Be – fors-tojik tilida biror nimaga ega emaslik maʼnosini bildiradi. Bu qoʻshimcha oʻzbek tilidagi – siz qoʻshimchasining oʻrindoshi: beumid – umidsiz. Qolgan qism aslida chiz boʻlib, tojik tilida “narsa, biror predmet” maʼnolarini anglatadi. Bizning talaffuzimizda ch harfi j holida talaffuz qilinadi. Toʻliq tarjima qilinganda bu soʻz narsasiz deganidir. Bu gap bejiz aytilmadi degan gapda endi maʼno sal kengayadi – bekorga, biror sababsiz aytilmagandir degan maʼnoni ifodalayapti…

Doʻstingiz sizga bejiz kelma desa, u sizning boʻsh qoʻl bilan kelmasligingizga ishora qilayotgan boʻlishi ham mumkin…

Bolalikka qaytargan soʻz

Buxoroda bolalarning “kunjak oldi” degan oʻyini bor. Besh ishtirokchi qatnashadi. Yer yuziga katta toʻrtburchak chiziladi. Uning toʻrt burchagida bittadan ishtirokchi boʻladi. Oʻrtada esa bitta oʻyinchi qoladi. U oʻzini chalgʻitib, bir-birining joyiga sakrab oʻtayotgan ishtirokchining joyini epchillik bilan egallashi kerak. Joyidan ayrilgan ishtirokchi ham xuddi avvalgi qatnashchidek boʻsh qolgan burchakka ega chiqquncha ularning joy almashishlariga diqqat bilan qarab turadi.

Maktabni tugatib, toʻrtinchi urinishdagina talaba boʻlgan men qishloqi bola birdan shaharlikka aylandim: bolalik paytlari qishloq koʻchalarida oʻynaganimiz oʻyinlar esdan chiqa boshladi, sheva soʻzlarni deyarli ishlatmay qoʻydim… Ikkinchi bosqichda oʻqib yurganimizda hazrat Navoiyning hayoti va ijodiga doir maʼruzalar oʻqildi. Ustozimiz maktab darsliklariga kirmagan kamida yigirmata gʻazal yodlashni tayinladi. Men Milliy kutubxonaga qatnab, Navoiy hazratning oʻn jildlik kitobining avvalgi toʻrt qismidagi gʻazallaridan yondaftarimga yozib olib, yodlay boshladim. Jumladan, “Oshiq boʻldim, pand bermang…” deb boshlanuvchi mashhur gʻazalda shunday misralar bor edi:

 

Durd kelturding debon, yozgʻirmangiz, ey, ahli zuhd,

Bok yoʻq, zuhdim ridosin kunjiga solib suzing.

 

Gʻazalni yodlash bilan birga uni imkon qadar tahlil qilish vazifasi ham topshirilgan edi. Avvalboshda tushunilishi qiyin boʻlgan soʻzlarni lugʻatdan topib, yozib oldim. Ushbu soʻzlar orasidagi kunj soʻzi oʻsha paytda menga qandaydir qadrdon soʻzday tuyuldi. Bir muddat xotiramni “titdim”. Maʼnosini topolmadim. Noiloj lugʻatga qaradim. Karasam – bu soʻzning maʼnosi burchak ekan. Shu soʻz orqali bir muddat olis bolalikka qaytdim…

Oʻzimcha tusmolladim: demak oʻyinimizdagi kunjak soʻzi shu kunjdan yasalgan. Shunday ham boʻlib chiqdi. Adabiy til va koʻp shevalardan chiqib ketgan soʻz biz tomonlarda bor ekan, deb faxrlangan boʻldim. Lekin baytda boshqa maʼnoda qoʻllanilyapti. Kunj soʻzining burchakdan tashqari, ogʻush, quchoq, ich kabi maʼnolari ham bor. Shoir Habibiy bir sheʼrida shunday deydi: “Noʻsh etarman achchigʻ-achchigʻ hajru furqat kunjida, Koʻzlarimning kosasida lab-balab qon, kelmasang”. Bu yerda kunj soʻzi dastlabki ikki maʼnoda qoʻllangan, deyishimiz mumkin. Ammo furqat burchagiga chekinib, lab-balab qon yutayotgan oshiq bu fikrni inkor etishi ham mumkin…

Kiprik va tipratikan

Qishloqda yoz mahali kechki ovqatni oilamiz bilan hovlida, soʻri ustida tanovul qilardik. Hovlimizning ikki tomonida ariq boʻlar, ariqning atrofida turli oʻtlar oʻsib yotardi. Deyarli har kuni shu oʻtlar orasidan tipratikan biz oʻtirgan soʻri tomon pildirab kelayotganini koʻrardik. Qoʻrqmasdi, xuddi it-mushuklardek biror nima berarmikan, degan ilinjda qarab turaverardi. Bizda tipratikanni kirpi deyishardi. Nega shunday, deb soʻrardik. Bilmadim, bizning shevada shunaqa boʻlsa kerak, deb javob berardi kattalar. Rostdan ham, kitoblarda, radio va televideniyeda bu jonzotni faqat tipratikan deb atashardi.

Universitetning birinchi bosqichida tahsil olib yurgan paytlarimiz. Adabiyot tarixi fanidan “Devonu lugʻotit turk”ni oʻqish vazifa qilib berildi. Toshkentning Beshyogʻoch dahasida joylashgan Respublika xalq taʼlimi markazining yaxshigina nodir kutubxonasi bor. “Devonu lugʻotit turk”ni izlab shu kutubxonaga bordim. Kutubxonachi ayol yarim soatcha qidirib, uchta katta kitobni olib chiqdi. Oʻqish tugul, anchadan beri changlardan tozalanmagan lugʻatni asta varaqladim. Varaqlayotib, kirpi soʻzini uchratib qoldim. Qarasam, tipratikan deb izoh berilgan ekan. Demak, sof turkiy soʻzni biz ishlatar ekanmiz-da, deb quvonib ketdim.

Lugʻatda kirpi soʻziga “koʻp tikan” degan izoh berilgan. Demak, sanchiladigan tikani boʻlgani uchun tipratikan shunday atalgan ekan. Hozir kiprik degan soʻzimiz ham aslan shu soʻz – kirpi bilan oʻzakdosh.

Hazrat Navoiy bir oʻrinda shunday deydi:

 

Vahki, har kirpigi bir nishtar erur zahrolud,

Garchi bor ul iki nargisda shakarxob toʻla.

 

Vaqt oʻtishi natijasida soʻzda metateza hodisasi (tovushlarning oʻrin almashishi) yuz bergan: kirpik – kiprik. Qozoq qardoshlarimiz hozir ham kirpik deyishadi. Demak, kipriklarimiz ham tikanga oʻxshagani uchun shunday atalgan boʻlishi haqiqatga yaqin.

Vazni oʻzgargan vazmin

Oʻzbek tilida tovushlarning bir-biriga taʼsir koʻrsatishi koʻp kuzatiladi. Ayrim hollarda yonma-yon kelgan tovushlar moslashadi. Yigitcha soʻzini yigichcha deb aytamiz, uch soʻmni ussoʻm deymiz. Ayrim soʻzlarda ketma-ket kelgan, joylashuvi talaffuzimizga noqulay boʻlgan tovushlarni darrov oʻzimizga moslashtiramiz: qulf (aslida qufl), teskari (aslida tersaki), kift (aslida kitf), yomgʻir (aslida yogʻmur) va hokazo…

Vazmin soʻzi peshonasiga ham shunday taqdir “yozilgan”. Aslan ogʻirlik, oʻlchov kabi maʼnolarni anglatadigan vazn soʻzi vazmin soʻzining asosi. Ammo davrlar oʻtishi bilan n harfi m ga joy boʻshatib bergan – aslida vaznin boʻlishi kerak. Ammo shakl oʻzgarishi mazmunga taʼsir qilmagan. Asl maʼnodagi ogʻirlik oʻz semasi (maʼno-mazmun)ni yoʻqotmagan holda, bugungi kunda koʻchma maʼnoda ogʻir-bosiq, oʻylov bilan ish tutadigan, salobatli degan mazmunni ifodalaydi.

Paqirning misi chiqdi

Ushbu roʻzgʻor buyumi chelak, satil ham deyiladi. Paqir soʻzi haqida bir kun bir davrada bahs ketib qoldi. Bir kishi paqirni faqir soʻzi bilan bogʻliq boʻlsa kerak, chunki, bolapaqir deymiz, avvallari asosan yosh bolalar suv olib kelgan, deb qoldi. Davrada kulgi koʻtarildi. Kimdir maʼqullagan boʻldi…

Shunday odatim bor, biror soʻzni eshitib qolsam, tarixini qidiraman, turli viloyatlardan kelgan tanishlarimdan ularning shevalarida qanday atalishini soʻrayman. Yigʻilgan soʻzlarni qarasam, oʻndan oshgan boʻladi. Tarixi va asl maʼnosini topolmay, chalkashib ketaman-da, qoʻl siltayman. Lekin baribir xotiraning qaysidir burchida oʻsha soʻz sirligicha qolib ketgan boʻladi. Keyin kutilmaganda oʻsha sir ochilib qoladi…

Paqir soʻzi ham shunday ochilmagan qoʻriq edi. Hozirgi chelaklar asosan tunuka yoki sirlangan temirdan yasaladi. Ilgari-chi? Qadimgi turkiy xalqlarda chelakka oʻxshash ichi chuqur idishlar asosan misdan yasalgan shekilli, ajdodlarimiz ularni baqiʼr deyishgan. Avval mis, keyinchalik misdan yasalgan idishlar baqiʼr deb ifodalangani Koshgʻariy bobomiz lugʻatida ham, 1989 yili nashr qilingan “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yaziʼkov” kitobida ham qayd etilgan.

Juvon – yigit degani… mi?

Biz tomonda toʻylarda xirom qiladigan raqqosa – oʻyinchini negadir juvon deyishadi. Adabiy tilda turmushga chiqqan yosh ayol maʼnosida qoʻllanuvchi bu soʻz nega aynan oʻyinchilarga nisbatan aytilishiga negadir hayratlanganman. Ammo hozir gap bu haqda emas…

Juvon soʻzi fors-tojik tilidan oʻzlashgan boʻlib, 1954 yili nashr qilingan “Tadjiksko-russkiy slovar”da bu soʻz soʻzlashuv tiliga xos deyilgan va javon soʻziga havola berilgan. Bizning tilga har ikkalasi ham qabul qilingan. Juvon mazkur lugʻatda ikki maʼnoda – sifat tarzida “yosh” va ot tarzida “yigit” degan maʼnoda izohlangan. Javonmardlik deganda yosh va navqiron yigitlarga xos oliy himmatlilik, saxovatpeshalik tushunilgan. Yoshligida umri poyoniga yetgan yigitga nisbatan juvonmarg (yoki javonmarg) boʻlibdi deyilgan.

Oʻsha lugʻatda javonduxtar yosh qiz, javonzan esa erga tekkan yosh ayol maʼnosida qoʻllanishi ham qayd etilgan. Demak, javon soʻzi duxtar (qiz) va zan (ayol) soʻzlari bilan birga qoʻllangandagina xotin-qizlarga nisbatan yoshlik maʼnosini ifodalagan. Bora-bora bu soʻzlar talaffuzida qisqarish yuz berib, duxtar va zan soʻzlari tushib qolgan – qisqagina qilib ayolga ham juvon deyishgan. Taqdirni koʻringki, borini ayolga baxshida etib kelgan oliyhimmat yigit – javonmard bitta soʻzni ham “hadya” qildi. Oʻzi mardligicha qoldi, ayoli juvonga aylandi.

Soʻzning olov degan maʼnosi ham borligini bilasiz. Haqrost! Bu ruhimizga quvvat beradi. “Soʻzning gulxanida ruhim isindi”, degan edi Rauf Parfi. Ayrim soʻzlarning yillar shamolida oʻchib qolishi ham bor gap. Faqat tilshunos olimlar emas, oʻzbekman degan har bir odam oʻz tilimiz, oʻz soʻzlarimizni ardoqlab, ularning yoʻqolmasligi va kelajak avlodga yetib borishi yoʻlida vijdonan xizmat qilishi kerak. Shundagina ota-bobolarimizdan qolgan maʼnaviyat alangasi hech qachon soʻnmaydi.

 

Husan MAQSUD

 

“Yoshlik” jurnali, 2017–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.