Soʻzlar bilan soʻzlashuv

0
539
marta koʻrilgan.

“EL” VA “QOʻL”

“El” soʻzining “xalq”, “odamlar”, “qabilalar ittifoqi”, “urugʻ-aymoq”, “tinchlik”, “murosa”, “doʻstlik”, “davlat”, “hokimiyat” kabi maʼnolari bor. Bu soʻzning tarixi, tub ildizi borasida ham olimlar turli fikrlarni bildiradilar. “Turkiy tillar etimologik lugʻati”da “el” soʻzi “qoʻl” maʼnosidagi “il” soʻzidan kelib chiqqan deyiladi. Qoʻlning “al”, “il”, “ilg”, “ilik” shakllari hozir ham tilimizda, shevalarimizda bor.

 

Sabr aylasang, murodingga yetarsan,

Nasib boʻlsa yor ilkidan tutarsan –

 

deyiladi “Tohir va Zuhra”dostonida.

Baʼzi izohlarda “el” “ilgida hokimiyat, boshqaruv, rahbarlik bor” degan maʼnoni anglatadi, deb aytilgan. “Qoʻli uzun”, “ilgida tutib turadi” kabi iboralar ham qoʻlida qudrat bor maʼnosini ifodalab keladi. Alisher Navoiy ham “el” soʻzini “qoʻl” va “xalq” maʼnosida qoʻllagan.

Xulosa qilib aytsak, odamlar birlashgan joyda el paydo boʻladi. Demak, qoʻlda barmoqlar birlashadi, “bir musht holiga kelish” degan ibora ham birlashishni bildiradi.

 

 

“HAMMOL” VA “HOMILA”

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonining 53-bobi – shahzoda Shohgʻarib Bahodirga bagʻishlangan bobida shunday misralar bor:

 

Bu dogʻi topmaguncha hazm komil,

Badanni qilma ortiq yukka homil.

 

Yaʼni yegan ovqating toʻliq hazm boʻlmaguncha yeyishdan tiyil. Tanangni ortiqcha ovqatning hammoliga aylantirma!

Bu satrlarni oʻqiyotib, oʻylab qoldim: demak, “hammol” va “homila”, “homilador” soʻzlari bir xil ildizdan oʻsib chiqqan ekan-da. Soʻng bu soʻzlarning asl tomirini bilish uchun “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”ni varaqladim. Qarangki, “hammol” soʻzi ham, “homila” soʻzi ham arab tilidagi “hamala” feʼlining “koʻtarib olib yurdi” maʼnosidan kelib chiqqan ekan.

 

 

“MOʻLDIRASH” VA “MULDUR”

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “moʻldirash” va”moʻltirash” soʻzlariga yigʻlamsirab qarash maʼnosida, “moʻlt-moʻlt” soʻziga esa, “koʻzda yoshning toʻlib-toʻkilib turgan holatini bildiradi” deb izoh berilgan. Tilimizda “shabnam” soʻzining “muldur” shakli ham boʻlgan. Masalan, Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostonida shunday misralar bor:

 

Suv yoqosigʻakim yogʻub muldur,

Bu yoqo tugmasi boʻlub ul dur.

 

Maʼnosi: Suv yoqasiga shabnam tushdi. Goʻyo oʻsha dur bu yoqaning tugmasi edi. Shu oʻrinda bir mulohaza tugʻiladi: shabnam bilan koʻzyosh bir-biriga oʻxshaydi. Ikkisi ham tomchi-tomchi boʻlib turadi. Adabiyotimiz tarixida bu ikki narsani bir-biriga mengzab qoʻllash hollari koʻp uchraydi. U holda “moʻldiramoq” feʼli “shabnam” maʼnosidagi “muldur” soʻzidan kelib chiqmaganmikin?.. Bu taxminimiz, xolos, yaʼni aniq xulosa emas. Agar bu soʻzning ildizini “koʻp”, “serob” maʼnosidagi “moʻl” soʻziga bogʻlasak unda moʻltirash maʼnosiga toʻgʻri kelmay qoladi. Uning ildizi “moʻlt”. Shuningdek, mumtoz adabiyotimizda “may”ning “mul” degan shakli ham bor. Bunda “mul” tomchi maʼnosida kelayotgan boʻlishi mumkin. Maʼlumot uchun yana bir qoʻshimcha: moʻgʻul tilida ham “moʻltire”(multura) degan soʻz boʻlib, u “boʻshashmoq”, “zaiflashmoq”, “susaymoq”, “sinish”, “ayrilmoq”, “qochmoq”, “koʻpaytirmoq” maʼnolarini anglatadi.

 

 

“QARZ”ning “QAVOLA”si nima?

“Qarzi qavola” soʻzi ham tilimizda koʻp ishlatiladi. Uning “qarz-qavola” shakli ham bor. Arabcha “qarz” soʻzining maʼnosi hammamizga maʼlum. Xoʻsh, unda unga “qavola” soʻzi qanday qoʻshilib qolgan va bu soʻz qanday mazmunga ega? “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da izohlanishicha, “qavola” soʻzi asli “kafolat berdi” maʼnosini anglatgan.

“Qarz” va “qavola” soʻzlari tilimizga arab istilosi davridan soʻng kirib kelgan. Mahmud Qoshgʻariy devonida qarz “aliʼm” soʻzi bilan, qarz beruvchi “aliʼmchi” soʻzi bilan ifodalangan. Qoshgʻariy “aliʼm kech qalsa azaqlanur”, yaʼni “kechikkan qarz oyoq chiqaradi”, “aliʼmchi arslan, berimchi sichgʻan”, yaʼni “qarz beruvchi arslon, oluvchi sichqon” degan maqollarni keltiradi. Xakas va qorachay-malkar tillarida “aliʼm” soʻzi hozirgacha qarz maʼnosida keladi.

Xullas, “qarzi qavola” birikmasi “kafolat bilan olingan qarz” maʼnosini anglatar ekan.

 

 

“BALCHIQ”dagi “BALIQ”

“Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da izohlanishicha, “baliq” va “balchiq” soʻzlari bitta oʻzakdan oʻsib chiqqan. Qadimgi tilimizda “namlik” va “suv” maʼnosini anglatgan “bal” degan soʻz boʻlgan. “Baliq” va “balchiq” soʻzlari shu soʻzdan paydo boʻlgan deb koʻrsatiladi. E. Sevortyan lugʻatida “baliq” soʻzi dastavval “qalʼa”, “devor”, “shahar” maʼnosida izohlanib, soʻng suv hayvoni maʼnosida tushuntiriladi va “shahar”, “qalʼa” maʼnosidagi “baliq” soʻzining tub ildizi “bal” loy mazmunini ifodalashi taʼkidlanadi. Masalan, Beshbaliq, Boybaliq, Bolosogʻun kabi joylar boʻlgan. Mahmud Qoshgʻariy “baliq” soʻzini “balchiq”, “loy”ga taqaydi. Alisher Navoiyda ham bu soʻzlar Qoshgʻariy izohiga mos tarzda qoʻllanadi: “Gavhar balchiqqa tushgan bila qiymati ushalmas…” (“Muhokamat ul-lugʻatayn”). Rus tilidagi botqoq maʼnosidagi “boloto” soʻzi garchi slavyan tillariga oid soʻz boʻlsa-da, “balchiq” va “baliq” soʻzlari ildiziga ohangdoshday tuyuladi. Shuningdek, “baliq” soʻzini yarqirash maʼnosidagi “balq” soʻzidan kelib chiqqan deguvchilar ham bor. Bunda baliq tangachalarining yaltirab turishiga eʼtibor berilgan. Lekin bu farazni rad etuvchilar koʻproq. Demak, shahar maʼnosidagi “baliq”, suv jonivori maʼnosidagi “baliq” va “balchiq” soʻzlarining tub maʼnosi “loy” soʻziga borib taqaladi.

 

Eshqobil ShUKUR

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.