Soʻzlar bilan soʻzlashuv

0
684
marta koʻrilgan.

“MUJMAL” ASLI MUJMALMI?

“Mujmal” soʻzini hozirgi paytda lanj, mavhum, na u yoqlik, na bu yoqlik, tushunarsiz, tayinsiz degan maʼnolarda ishlatamiz. Lanj, kesib gapirmaydigan, ezma kishilarga nisbatan “mujmal odam” deymiz. Holbuki, bu soʻzning tub ildizi “qisqa”, “loʻnda” maʼnolarida keladi. Bu maʼno soʻzning hozirgi maʼnosiga mutlaqo zid. Alisher Navoiy asarlarida ham “mujmal” soʻzi “qisqa” maʼnosini ifodalagan. Masalan, “Sabʼai sayyor” dostonida shunday misralar bor:

Dostonlarki aytgim mujmal,

Manga yoʻq hech anda bahsu jadal.

Mazmuni: Men bu dostonlarni shunchalik qisqa bayon qildimki, soʻzlarim orasida birorta ham bahsga sabab boʻladigan, tushunilmaydigan oʻrni yoʻq.

Shuningdek, arabcha “mujmal” soʻzining “yigʻindi” degan maʼnosi ham borki, bu “jumla” soʻziga toʻgʻri keladi.

 

“TAYYOR”dagi “TAYR”

“Tayr” soʻzi tilimiz tarixida “qush” maʼnosini anglatgan. Bu soʻzning tub ildizi “uchish” mazmunini ifodalagan. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, yaʼni “Qush tili” degan mashhur dostoni bor. Xoʻsh, shakl jihatdan bir-biriga yaqin boʻlgan “tayr” va “tayyor” soʻzlari oʻrtasida qanday yaqinlik bor? Gap shundaki, biror ishga hozirlanib, shay turish mazmunida keladigan “tayyor” soʻzining tub ildizi “uchadigan”, “uchuvchan” degan maʼnoni bildiradi.

 

GʻAROYIB “GʻARIB”

“oʻarib” soʻzini biz kimsasiz, hech kimi yoʻq, bechora, mazlum maʼnolarida tushunamiz. Alisher Navoiy asarlarida “gʻarib” soʻzi “gʻaroyib”, “ajoyib” degan maʼnolarni anglatib keladi. Masalan, “Sabʼai sayyor” dostonida shunday misralar bor:

Senki borsen zamon elida gʻarib,

Sanga boʻlgʻon jahon ichinda ajib.

Mazmuni: Sen bizning zamonamizda yashagan kishilarning eng gʻaroyibi ekansan, jahon ichidagi bor ajoyibotlar senga maʼlum ekan.

“Navoiy asarlari lugʻati”da “gʻarib” soʻzi “musofir”, “kimsasiz” degan maʼnoda ham izohlangan.

 

“SURBET”NING SURLIGI

Tilimizda “surbet” soʻzi yuzi qattiq, gap kor qilmaydigan, orsiz kimsalarga nisbatan qoʻllanadi. Xoʻsh, nega ularni “surbet” deymiz? “Surbet” soʻzining oʻzagi “sur” soʻzi dudlab yoki osib quritib qoʻyilgan, qoqlangan goʻsht mazmunini ifodalab keladi. Bunday goʻsht uzoq vaqt quyoshda qurib, shamolda qotib, juda qattiq boʻlib qoladi. Sur goʻsht, sur baliq birikmalari bor. Yuzi qattiq, uyatsiz kimsalarni “surbet” deyish shundan kelib chiqqan.

 

KONFETMI? GULQAND…

Qadimda qizil gul yaprogʻi bilan shakarni aralashtirib, oftobda quritib tayyorlangan bir xil shirinlik tilimizda “gulqand” deb atalgani haqida manbalarda yozilgan. Bu shirinlik konfetga oʻxshash boʻlgan. Navoiy davrida “gulqand” soʻzining “gulshakar” shakli ham boʻlgan. Keyinchalik “gulqand” soʻzi asta-sekin isteʼmoldan chiqib ketgan va unutilgan. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarida shunday misralar bor:

 

Xalq uchun maxlut etib gul birla qand,

Tabʼgʻa gulqand yangligʻ sudmand.

 

“KEChQURUN”dagi “QURUN” nima?

“Kechqurun” soʻzi tilimizda oqshom maʼnosini anglatib keladi. Bu soʻzdagi “kech” soʻzi hammamizga tushunarli. Xoʻsh, unda “qurun” soʻzi qanday mazmunni bildiradi? Manbalarda “qurun” soʻzi qadimgi tilimizda “vaqt” maʼnosini bildirgan, deb izohlanadi. “Qurun” soʻzi tilimizda hozirda alohida ishlatilmaydi. Lekin Manzar Abdulxayrovning “Navoiy asarlarida soʻz va iboralar” kitobida Alisher Navoiy asarlarida “qurun” soʻzi alohida ishlatilgan oʻrinlar koʻrsatib oʻtilgan. Masalan, “Nasoyim ul-muhabbat” asarida:
“Oʻz zamonida balki buncha qurunlarda alardek solik murtoz kishi yod bermas”, degan jumla bor.

E. Sevortyan “qurun” va “qurum” soʻzlarini bir-biriga bogʻliq holda “qorakuya” maʼnosida sharhlaydi.

 

 

Eshqobil ShUKUR

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.