Soʻzchi holin boqma, boq soʻz holina

0
125
marta koʻrilgan.

Biz kunda minglab soʻzlarni ishlatamiz, gohida turli maqol va topishmoqlar aytamiz. Ammo koʻpchiligimiz doim ishlatib yuradigan soʻzlarimiz maʼnosini bilmaymiz, ehtimol, bilishga intilmaymiz. Quyida kunda-kunora isteʼfoda qilinadigan ayrim soʻzlarning etimologiyasi (kelib chiqishi) xususida soʻz yuritamiz.

 

Anor va qozon

 

Jahon Otin Uvaysiyning anor haqidagi “Ul na gumbazdur eshigi, tuynigidin yoʻq nishon”, deb boshlanuvchi chistoni borligini yaxshi bilasiz. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, anorning dumaloqligi gumbazga oʻxshatilmoqda. Boshlangʻich sinf oʻquvchisi ekanligimizda ustozimiz juda koʻp topishmoqlarni yodlatgan. Ular orasida: “Kichkinagina dekcha, ichi toʻla mixcha”, degan topishmoq ham bor edi. Javobi anorligini hamma bilardi. Lekin “dekcha” nima ekanligini na ustozimiz aytgan, na oʻzimiz soʻraganmiz…

Tojiklar qozonni “deg” deb atashadi. – cha kichraytirish maʼnosidagi oʻzimizning qoʻshimcha. Dekcha – qozoncha degani. Soʻz oʻzagidagi g tovushi jarangsiz ch tovushi taʼsirida k ga oʻzgargan. Demak, anorning dumaloqligi kichkina qozonni esga solganligi uchun dekcha deyilgan ekan.

 

Kundoshning kuni qursin

 

10–12 yoshlarda edim. “Oʻtkan kunlar” kinofilmini oilaviy koʻrayotgan edik. Kumush va Zaynabning taqdiriga achinibmi, buvim: “Kundoshning kuni qursin”, – dedilar. Bu gaplarini yana bir-ikki marta eshitganim ham esimda. Keyinchalik ayrim soʻzlarning etimologiyasiga qiziqish uygʻona boshlagan paytlarda “kundosh” soʻzini ustozlardan soʻrab koʻrdim. Ayrimlari oddiygina: “Bir erkakning ikkitadan koʻp xotini boʻlsa, oʻshalar kundosh boʻladi”, – deyishgan boʻlsa, ayrimlari istehzoli kulib qoʻyishdi…

Sinfda birga oʻqiydiganlar sinfdosh, bir-birining sirini biladiganlar sirdosh, bitta mahallada yashaydiganlar mahalladosh deyilishini ona tilidan oʻqigan menday oʻspirin kundosh soʻzi ham kun soʻzi va – dosh qoʻshimchalaridan yasalgan boʻlsa kerak deb oʻylardim. Rostdan ham, kuni bir uyda oʻtgandan keyin kundosh boʻladi-da!..

Taxminni bir chetga surib, endi manbalarga murojaat qilaylik. Qadimgi turkiy tilda kun soʻzi “qizgʻan”, “gʻayirlik qil” kabi maʼnolarni anglatgan feʼl hisoblanadi. Bu maʼlumot mashhur tilshunos olim Sevortyanning toʻrt tomlik “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yaziʼkov” kitobida qayd etilgan. Kun soʻziga – i qoʻshimchasi qoʻshilib ot yasalgan. Keyin yana – da qoʻshimchasi qoʻshilib feʼl hosil qilingan. Kunida soʻzi oxirida – sh qoʻshimchasini olib, qizgʻanadigan odam maʼnosida qoʻllanilgan. Kunidash talaffuzda oʻzgarishga uchrab, bugungi kunda kundosh holiga kelib qolgan.

Qiziq. Taxminim ham, ilmiy asos ham mohiyat eʼtibori bilan bir nuqtaga kelib birlasharkan: erini bir-biridan qizgʻanib, kunlari bir uyda, bir koʻyda oʻtayotganlar kundosh ekan-da…

 

Togʻamiz oʻzbek, ammamiz arabmi?

 

Ayrim chet tillarida ota yoki onaning aka-ukasi yoxud opa-singlisiga nisbatan bitta soʻz ishlatiladi. Masalan, xola yo ammani inglizlar aunt deydi. Ruslar ham bu soʻzlar uchun bitta leksema qoʻllaydi – tyotya. Yoki boʻlmasa, togʻa va amaki tushunchasi ingliz tilida birgina uncle soʻzi bilan ifodalanadi. Rus tilida ham shunday: togʻaga ham, amakiga ham ruslar dyadya deb murojaat qiladi. Lekin bizda otamizning ogʻa-inilari amaki-amma, onamizning jigarlari togʻa-xola deyiladi. Shundan koʻrinib turibdiki, tilimizda har bir tushuncha uchun alohida soʻz bor. Togʻa soʻzining oʻzagi bizda aynan ona tomon qarindoshi ekanligini oʻzida aks ettiradi. Qanday deysizmi?..

Qadimgi turkiy tilda ona maʼnosida tay soʻzi isteʼmolda boʻlgan. Ushbu soʻzga aka maʼnosida keluvchi agʻa soʻzi qoʻshilgan – tayagʻa. Bora-bora talaffuzda oʻzgarishlar yuz bergan – y tovushi talaffuz qilinmay qoʻyilgan. Keyinchalik bu soʻz quyidagi koʻrinishlarda talaffuz qilingan (ikki nuqta choʻziqlikni bildiradi) tayagʻa – ta: agʻa – ta: gʻa – tagʻa – togʻa. Ammo bu soʻz “Devonu lugʻatit – turk”da tagʻay deb koʻrsatilgan va amaki deb tarjima qilingan. Taniqli tilshunos olim Sh. Rahmatullayev Koshgʻariyning shu fikrini nazarda tutib tagʻay soʻzining amaki deb ifodalanganligini xatolik boʻlsa kerak, deb taʼkidlaydi. Chunki amaki soʻzi otaning aka-ukalarini ifodalaydi.

Arab tilida jins kategoriyasi mavjud boʻlib, soʻz oxiri – un qoʻshimchasi bilan tugagan soʻzlar mujskiy roddagi, – atun qoʻshimchasi bilan tugagan soʻzlar jenskiy roddagi soʻz hisoblanadi. Bizning tilimizga kirgan ayrim arabiy soʻzlarning oxiridagi ushbu qoʻshimchalar tilimizga koʻchgach, tushib qolgan. Masalan, kitob (aslida kitabun), jamiyat (aslida jaʼmiʼatun). Amma soʻzi ham aynan shu – aʼmm(un) soʻzi bilan bogʻliq: aʼmm(atun) – otaning opasi yoki singlisi.

Demak, togʻa sof turkiy soʻz, amma soʻzi arabiy negizga ega boʻlib chiqyapti.

 

Miyigʻida kulmoq

 

Kulmoq soʻzining tabassum qilmoq, qiqirlamoq, tirjaymoq, ishshaymoq, xoxolamoq, qahqah otmoq kabi maʼnodoshlari bor. Shu maʼnodoshlar orasida miyigʻida kulmoq degan ibora ham bor. Xoʻsh, miyiqda kulish nima degani?

Miyiq soʻzi sof turkiy soʻz boʻlib, moʻylov degan maʼnoni bildiradi. Ushbu soʻz aslida biʼziʼq tarzida talaffuz qilingan. Xuddi qaddimizni tik tutib turadigan tana aʼzomiz avvalboshda odoq, keyinroq ozoq, oxiri oyoq boʻlgani kabi, biʼziʼqdagi z fonemasi y tovushiga aylangan: biʼyiʼq. Ushbu soʻz ham yana taroshlanib, alaloqibat miyiq shakliga kelgan…

Eʼtibor berganmisiz, moʻylovi bor odam (ustiga-ustak u uncha-munchaga kulmaydigan jiddiy boʻlsa) kulganida uning oppoq tishlariga darrov koʻzingiz tushadi, shu paytgacha shunday oppoq tishlarini koʻrmaganman deb oʻylaysiz ham. Sababi, yuqori labining ustida doim qop-qora moʻy (tuk) koʻrganingiz uchun, uning sadafday tishlari eʼtiboringizni tortadi. Jiddiy odam deyarli kulmaydi. Kulganda ham istehzoli holatda yoki nomiga miyigʻini (moʻylovini) koʻtarib qoʻyadi. Miyigʻida kulish degan ibora shunday holatlar oqibatida paydo boʻlgan boʻlsa, ajabmas.

 

“Yoshlik”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.