Shaftoli

0
53
marta koʻrilgan.

Bu soʻz qadimgi yozma manbalarda uchramadi. Hattoki, Mahmud Qoshgʻariyning mashhur lugʻatida ham oʻrin berilmagan. Alisher Navoiy asarida shaftolu tarzida qoʻllangan:

Ochilur olu guli, oʻrtada shaftolu guli,

Vahki, shaftolu gulidur yo erur olu guli.

Ushbu soʻz oʻzbek va boshqa turkiy tillarning deyarli barchasida faol qoʻllanadi, yana fors, tojik, afgʻon tillarida ham mavjud. Soʻzning manbasi fors-tojik tillari boʻlib, oʻzbek va boshqa turkiy tillarga oʻzlashgan.

Hozirgi fors tilida holu-shaftalu, tojik tilida shaftolu, afgʻon tilida shaftalu, oʻzbek tilida shaftoli, noʻgʻay tilida shapdal, ozarbayjon tilida shaftali-hulu, uygʻur tilida shaptula, uygʻur shevalarida shaptol, shaptul, shaptol, sheptol, qirgʻiz tilida shabdaliʼ-shaptaliʼ, qozoq tilida shapdaliʼ, qoʻmiq tilida shaptal, turkman tilida shepdaliʼ, urdu tilida aru-shaftalu shaklida qoʻllanadi.

XII asr lugʻati “Muqaddimat al-adab”da shoftolu (Borovkov, 1971,107), qipchoq lugʻatida shaftoli (Mutallibov, 1968,51), “Boburnoma”da shaftolu (Bobur, 1960,39), “Turkiy tillar lugʻat”ida shiftalu (Budagov, I, 1869,669), shaptul (Radlov, I–IV, 1911,985) formalarida keladi.

Soʻzning birinchi qismi shaft boʻlib, u oq rangni bildiruvchi sifat, ikkinchi qismi olu-oli esa fors-tojik tillarida mevalarni atovchi umumnomdir.

Shaft soʻzi ham tarixiy taraqqiyot bosqichlarida turlicha tovush oʻzgarishlariga uchrab, hozirgi fors, tojik tillarida safed-safid formalarida qoʻllanadi. U qadimgi eron tilidagi spita, spaita – oq, oqliq, oq rang soʻzidir.

Olu-oli esa qoʻshma soʻz tarkibida kelganida koʻpgina tillarda turlicha formalarda keladi. Meva turi orqali meva nomini atovchi bu soʻz dastlab ikki mustaqil soʻzdan iborat boʻlib, davrlar oʻtishi bilan qismlar orasidagi grammatik munosabat kuchsizlana borib, natijada soʻz-oʻzaklar birlashgan.

Shaftolu soʻzi oxiridagi lablangan u unli tovushining lablanmagan i ga oʻtishi hozirgi oʻzbek tilining oʻziga xos ichki fonetik xususiyatidir.

Shaftoli soʻzi fors-tojik tili vositasida eski oʻzbek tiliga oʻtib oʻzlashgan. Bir tildan ikkinchi qardosh boʻlmagan tilga oʻtib oʻzlashgan soʻz, koʻpincha, shu oʻzlashgan tilning ichki fonetik konuniyatlariga moslashadi.

Shaftolu soʻzi XV asrlargacha yaratilgan turkiy badiiy, ilmiy asarlarda uchramay, uning oʻrniga umumnom oʻrik bilan nomlangan.

Ammo baʼzi tadqiqotchilar shaftoli soʻzining birinchi qismida sheft-shift – qattiq maʼnosi bor deb taxmin qiladilar.

 

Bahrom Bavoyefning “Koʻhna soʻzlar tarixi” (Toshkent, “FAN” nashriyoti,1991) kitobi asosida tayyorlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.