Ona tilimizning tiniq tiynati

0
206
marta koʻrilgan.

Odam bolasining inson maqomida ulugʻlanib, eʼtibor-u ehtiromga musharraf boʻlishi ona Vatan, ota-ona kabi muqaddas tushunchalar qatorida eʼzozlanadigan ona tili deb atalmish muhtaram neʼmat bilan jips bogʻliqki, uning sir-sinoatlari, benihoya hadsiz ifoda va istifoda imkonlarini chuqur oʻrganish nafaqat tilshunoslarning, balki barcha millatdoshlarimizning muqaddas burchidir.

Ana shunday mashaqqatli yumushni sidqidil ado etib, oʻzbek til ilmi va taʼlimini yuksaltirish yoʻlida ter toʻkayotgan fidoyi insonlar hamda juda koʻplab boshqa kasb egalari uchun 21 oktyabr – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun qutlugʻ sana hisoblanadi. Mustaqillik solnomasining debochasi boʻlmish “Davlat tili haqida”gi qonun tom maʼnoda milliy oʻzlikni anglash yoʻlidagi dadil qadamdir.

Aslida XX asrning soʻnggi choragida tilshunoslikda til va madaniyat masalasining kun tartibiga chiqishi xalqlarning milliy oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurni yangilashga boʻlgan ehtiyoji natijasi edi. Shuning uchun ham Birinchi Prezidentimiz “… oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”, – deb taʼkidlaydi. Darhaqiqat, oʻzida millat ruhini, uning oʻtmishi, buguni va ertasini aks ettiradigan ona tilimiz har qancha eʼzoz-u ehtiromga, sharaf-u shonga munosibdir.

Tilning favqulodda qudrati, dunyolarni anglashdagi oʻrnini oʻz vaqtida anglab yetgan maʼrifatparvar shoir Avaz Oʻtar shunday tarannum etadi:

 

Har tilni biluv endi bani Odama jondir,

Til vositai robitai olamiyondir.

 

Darhaqiqat, til odam bolasi uchun jon kabi zarur, ikki olamni bogʻlovchi koʻprik boʻlib, insonni mavjudotlarning gultoji sifatida sharafga burkagan, shu asnoda oʻzi ham oliy maqom kasb etgan ilohiy neʼmatdir. Shu maʼnoda 2012 yil dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror ham taʼlimning turli boʻgʻinlarida xorijiy tillarning oʻqitilishini yangi oʻzanlarga burib yuborgan edi. Bugun yurtimiz taʼlim muassasalaridagi oʻquvchilarning ingliz yoki boshqa xorijiy tilda biyron soʻzlayotganini koʻrib, koʻngil gʻururga toʻladi. Ana shunday ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmon oʻzbek xalqi tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan qutlugʻ sana boʻlib kirdi, ona tili va adabiyotimizning keyingi kamoli va bardavomligini taʼminladi.

Oʻzbek tili chindan millatimiz ruhi, milliy madaniyatimizning ajralmas qismidir. Ona tili har qaysi xalqning madaniyati, ajdodlardan avlodlarga oʻtib ketib kelayotgan milliy anʼana va urf-odatlarini rost va raso saqlaydi, olis ajdodlarni kelgusi avlodlar bilan bogʻlab turadi. Muayyan tildagi soʻz yoki iboralar orqali har qaysi xalqning tarixi, oʻtmishini bilish, maʼlum tasavvurlar hosil qilish mumkin.

Masalan, tilimizda “qozon osmoq” iborasi bor. Yaxshi bilamizki, hozir qozon osilmaydi, balki oʻchoqqa oʻrnatiladi. Ammo qadimda, olis ajdodlarimiz hali oʻtroqlashib ulgurmagan davrlarda qozonning ikki chetidan sim oʻtkazib, olov tepasiga osib qoʻyib, taom tayyorlangan. Oʻzbek turmush tarzining ana shunday tutumi natijasi oʻlaroq “qozon osmoq” iborasi paydo boʻlganki, bu oʻzbek tilining qadimiy tillardan biri ekanining ham dalilidir.

Ona tili xalq milliy oʻzligi, madaniy-maʼrifiy olami, urf-odatlari, muomala madaniyati, axloq qoidalarini hech bir istisno va tamannosiz butun saqlaydi, kelgusi avlodlarga toʻrt koʻz tugal yetkazadi. Globallashuv asri deb atalmish bugungi kunga mumtoz adabiyot namunalarini deysizmi, tariximizning hadsiz-hisobsiz solnomalarini deysizmi, toʻkis yetib kelishi shu til tufaylidir. Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Uvaysiy, Nodira, Qodiriy va Choʻlpon kabi yuzlab siymolar shu til bayrogʻi ostida birlashganlar va oʻzlarining durdona asarlarini yaratganlar.

Ona tilimizning tiniq imkoniyatlari haqida gap ketganda hech ham undan turmush tarzimizni ajratib boʻlmaydi. Chunki, xalqimizning hayot tarzi tiliga tinimsiz taʼsir etib turadi. Masalan, oʻzbeklarda kelin oʻz qaynota-qaynonasini toʻgʻridan-toʻgʻri qaynotam yoki qaynonam tarzida atamaydi, balki qudangiz yoki yana boshqa shakllarda ataydi, chunki, bu milliy mentalitetimizga yot. Tilimizdagi ana shu oʻziga xosliklar Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asarida juda zoʻr tajassumini topgan. Masalan, Kumush Toshkentdan onasiga yozgan maktubida: “Qudangiz meni na yerga va na koʻkka ishonadir, oʻn besh kundan beri qoʻlimni sovuq suvga urdirmay qoʻydi” degan jumlalarni bitadi. Vaholanki, Kumush bu oʻrinda qudangiz soʻzi oʻrnida qaynonam ham deyishi mumkin edi, ammo mentalitetimizga xos nutqiy odob uni qudangiz murojaatidan foydalanishni taqozo etdi.

Tilimizning sinonim soʻzlarga boyligi ham uning imkoniyatlari kengligidan dalolatdir. Masalan, yuz, bet, aft, bashara, turq, chehra, oraz, jamol, ruxsor soʻzlari aslida bitta tushunchani bildirsa ham ijobiy-salbiy bahosi, soʻzlashuv yoki kitobiy uslubga xoslanganligi bilan turfa maʼnodagi soʻz nozikliklarini ifoda etadi. Oʻzbek tilining qaddini tiklash, obroʻsini koʻtarish yoʻlida buyuk ishlarni qilgan Alisher Navoiy bobomiz ham ona tilimizda sinonim soʻzlarning koʻpligini alohida taʼkidlagan va yigʻlamoq feʼlining bir qator sinonimlari borligi aytib oʻtgan edi. Masalan: yigʻlamsiramoq → ingramoq → singramoq → siqtamoq → oʻkirmoq → qichqirmoq → hoy-hoy yigʻlamoq kabi.

 Bugun zamonaviy tilshunoslikda chogʻishtirma tilshunoslikning Yevropada paydo boʻlgani tan olingan. Aslida esa yevropaliklardan qariyb besh asr oldin Mahmud Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit turk” asari bilan, Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari bilan bu sohaga asos solib ulgurgan edi.

Yoki til va nutq hodisalarining alohida-alohida tushunchalar ekanligi borasida Boduen de Kurtene, Ferdinand de Sossyur singari olimlarga nisbat beriladi. Vaholanki, Navoiy bobomiz XV asrdayoq til va nutqning biridan farqini yorqin boʻyoqlarda tushuntirib bergan edi: Til buncha sharaf bila nutqning olatidur, Gar anga shikast yetsa, nutqning ofatidur. yaʼni, til shuncha sharaflanishi bilan nutqning quroli boʻladi, agar unga shikast yoki zarar yetsa, bu nutqning zavoli boʻladi. Agar til va nutqning farqlanishi Sossyurda kurtak holida namoyon etilgan boʻlsa, Alisher Navoiy dahosida naqd meva holida taqdim qilingan. Ajdodlarimizning ana shunday sara asarlarini dunyo ahliga tanitish, bahramand qilish tilshunos-mutaxassislarimizning zimmasidagi zoʻr vazifalardandir.

 

Yorqinjon ODILOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sogʻlom avlod” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.