Ilmi gʻayb

0
399
marta koʻrilgan.

Bolaligimizda “musht ketdi” degan oʻyinimiz boʻlardi. Mahalla bolalari bir qatorga tizilib oʻtirardik. Yoshi kattaroq, donorogʻimiz boshlovchilik qilar, qatorda birinchi oʻtirgan bolaning qulogʻiga shivirlab bir soʻz aytardi. U bola eshitgan soʻzini yonidagi oʻrtogʻining qulogʻiga shivirlar, oʻrtogʻi oʻrtogʻiga aytib, oʻn-oʻn besh tildan oʻtgach, oxirgi bola oʻziga yetib kelgan soʻzni ovoz chiqarib hammaga eshittirardi. Bu soʻz odatda boshlovchi aytganidan tamoman boshqa bir soʻz boʻlardi. Aslida toshbaqa boʻlsa, oxirida moshkichiriga aylanardi. Maza qilib kulishardik. Boshlovchi kim nima eshitgani, qoʻshnisiga nima deganini birma-bir soʻrab chiqardi. Toshbaqaning qay yoʻsin moshkichiriga aylangani maʼlum boʻlardi. Toshbaqaboshqacha boʻlib, boshqacha moshqachaga aylanib, u ham mosh qancha shaklini olib, yana uch-toʻrt yumalab moshkichiri boʻlgani ajib hangoma edi.

Oʻylasam, Soʻz olamining evrilishlari ulkan “musht ketdi” oʻyini ekan. Har kalima minglar, millionlar tilidan oʻtib, baʼzan asliyatga mutlaqo aloqasiz soʻzlar paydo boʻlarkan. Biz esak shahru qishloqlarimiz, ming xil ashyolarimiz, daraxtu koʻkatlarimiz nomini tanimay, asli nima edi, deb yurar ekanmiz. Qoʻqon – hoʻk – toʻngʻizga kon boʻlgan, Forishning nomi Parij, Parkent aslida Parikent edi, deya taxminlar qilamiz. Forishga qoʻshib Fargʻonadagi Bogʻdod, Samarqand yaqinidagi Motritga Sohibqiron bobomiz nom berganlar, Parij, Madrid, Bagʻdod shaharlari nomi bilan qishloqlarni ataganlar, deya rivoyat toʻqiymiz. Haqiqat esa tilsim, qulflik sirlar sandigʻi ichida yashirin, uni aniqlashdan koʻra toshbaqaning moshkichiriga aylanganini bilish osonroq ekan.

Bunday hol faqat bizlarda emas, dunyoning barcha tillarida bor. Juda koʻp mamlakatlar, elu elatlarning nomi qanday maʼnoni anglatishi, aslida qanday atalgani nomaʼlum. Biz oʻzimiz ham oʻzbek degan nomimiz qachondan beri mavjud, asl maʼnosi nima, taxmin qilamiz xolos. Har yangi topilgan hujjat shaharlarimiz yoshini ulgʻaytirib borgani kabi har yangi arxeologik kashfiyot tariximiz toʻgʻrisida yangi farazni yaratadi.

Deydilarki, xalq va mamlakat ismining mazmunini boshqa tillardan axtarish darkor. Negaki, nom xalqning oʻziga emas, yaqin va uzoq qoʻshnilarga kerak, ularni boshqalardan farqlash uchun kerak. Arablar boshqa hamma xalqlarni Ajam deganlar, hindlar uchun oʻzlaridan boshqa barcha Xurosoniy boʻlgan. Toshkentlik ham toshkentlik boʻlmaganlarni Andi atagan. “Oʻtkan kunlar” da bu toʻpori odat yorqin badiiy ifodasini topgan.

Biz oʻz millatimiz nomini oʻzbek deymiz va oʻziga bek boʻlgan xalq deya talqin qilamiz. Qozoqlar, oʻzbek oʻz ogʻam, deydi. Bu hikmatli soʻz oʻzbeklar ham qadimda koʻchmanchi chorvador xalq boʻlgani, qozoq bilan yondosh poyonsiz yaylovlarda ot surgani uchun aytilgan boʻlsa ajabmas. Hazrat Navoiy ham oʻzbekni choʻl farzandi, bagʻri keng, sodda bir qavm sifatida suyib tasvir etganlar.

Halol ona sutidekdur gar oʻzbakim tutsa

Tobuk qilib yukunib toʻstagʻon ichida qimiz.

Tobuk qilish – egilish, tavoze koʻrsatish degani. Toʻstagʻon – qimiz ichadigan yogʻoch kosa. Bugunda choyxoʻr deya nom chiqargan oʻzbek, demakki, Navoiy zamonida qozoq qardoshi kabi qimizxoʻr boʻlgan, qoʻshni xalqning oʻz ogʻasi boʻlgan. Qozoq-chi? Uning nomi qanday paydo boʻldi? Mirzo Bobur oʻzining quvgʻinda yurgan chogʻlarini qazoq degan ibora bilan bayon etgan. “Andijonga kelgandan soʻng Ali Doʻstning atvori tamom oʻzgacha boʻldi. Mening bila qazoqliqlarda va mehnatlarda boʻlgʻon kishilar bila yomon maosh qilisha kirishdi.” Qazoqliq va mehnat – qochoqlik va azob-uqubat demakdir. Yana bir oʻrinda: “Toʻlun Xoja otliq Borinning mardona va saromad qazoq yigitlaridan edi…” deyilgan. Qazoq bu yerda sahro odami, kengliklarda yurgan ozod odam maʼnosida kelgan. Bu kabi nom olgan xalqlar, qavmlar dunyoda bor. Don, Kuban kazaklari ham qozoqqa otdosh boʻlganlar. Qozoqning erki oʻz qoʻlida boʻlganidek, kazak ham volniʼy kazak deyilgan. Polyak dala odami, sahroyi degani. Qipchoq dashtidan Rusiyaga tahdid solgan koʻchmanchi xalqlar ham polovetslar, yaʼni sahroyilar edi. Ukraina – chekka yer, eski oʻzbek tilida aytsak, qir maʼnosini bildiradi. Bu oʻlkada yashagan gaydamaklar oʻzimizning haydamak soʻzimizdan nom olganlar. Ular ham, bolqonda ozodlik uchun kurashgan gayduklar ham qozoqqa otdosh desak boʻladi. Ruslar kray deb atagan jamʼi yerlarni qir desak adashmaymiz. Aytabersam, dunyoning yarmi qozoq boʻlib chiqadi.

Agar birov sizga Oʻzbekiston, Qozogʻiston – oʻzbek va qozoqlar toʻxtagan stansiya, desa albatta kulasiz. Kulmang. Forscha istodan va siton, inglizcha stand va station, ruscha stanovitsya va stan (polevoy stan, letniy stan), fransuz tilidan ruscha orqali bizga yetib kelgan stansiya va kazaklar yashaydigan stanitsa – bari bir oʻzakdan chiqqan. Stan – xalq turib qolgan yer, selo – oʻtirib qolgan, oʻtroq boʻlib joylashgan yer. Shu oʻrinda bir savol: ostona soʻzi ham siton bilan qarindoshmi? Unday desak, doʻstona, mardona, oshiqona, degan soʻzlarimiz bor. Ularda oʻzak doʻst, mard, oshiq boʻlgani kabi ostonaning oʻzagi ost boʻlishi kerak. Axir ostona ostimizda boʻladi-ku! Mabodo siz bu ishonchli, mantiqli gapga hoʻp desangiz… yanglishasiz. Shoir soʻzi yolgʻondir, degan qadimgi ibora rost boʻlib chiqadi. Ostona ham siton oʻzagidan. Sitona va ostona bir soʻz.

Ostonani biz boʻsagʻa deb ham ataymiz. Boʻsagʻa qanday soʻzdan olingan? Bu savolga shoirona javob shunday:

Oʻpmoqqa qoʻlin bermadi, ostonani men zor Oʻpdim, boʻsagʻa boʻsagʻa nom olmadi bekor. Yaʼni, yor qoʻlidan oʻpmoqqa borgan oshiq niyatga yetolmay, ostonasini oʻpib qaytdi. Boʻsagʻa – boʻsa uchun demakdir. Siz bu lutfni tushunasiz va shoirni yolgʻonchiga chiqarmaysiz, deb ishonaman. Boʻsagʻa asli qanday soʻzdan olingan? Buni bizga olimlarimiz aytsin.

Siton soʻzi aslida sanskrit tilidan tarqalgan, deyiladi. Hozir hech kim sanskrit tilida gapirmaydi. Bu kabi umrini tugatgan tillar dunyoda koʻp. Ular ming-minglab soʻz va atamalarni oʻzlari bilan qabrga olib ketganlar. Bizga Soʻz qanday shaklda yetib kelgan boʻlsa, shunday aytamiz, qay mazmunni kasb etgan boʻlsa shunday qabul qilamiz. Odamzodga ayon boʻlmagan va ayon boʻlmas, birgina Tangri taologa maʼlum sirlar olami ilmi gʻayb deyiladi. Soʻzning moʻjizaviy dunyosi ham inson aqli yetmas ilmi gʻaybdir.

 

 

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

 

“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.