“Devon”ga sayohat

0
132
marta koʻrilgan.

“Chol” bilan “choʻl”ning maʼnosi birmi?

Ona tilimizdagi ayrim soʻzlarning asl maʼno ildizlari haqida toʻxtalib oʻtsak. Quyida tahlil etiladigan soʻzlarning aksariyati bugungi kunda ham tilimizda qoʻllanadi.

Lekin biz ularning asl ildiziga deyarli eʼtibor bermaymiz. Biz foydalanayotgan soʻzlarning tub maʼnisini anglash uchun Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asariga fikran sayohat qilib koʻrish kerak. Shunda soʻz hayoti va uning tarixini, kechmish-kechirmishini his qilish mumkin.

“SAVCHI” (“SOVCHI”). Bu soʻz aslan “soʻzchi” degan maʼnoni anglatgan. Qadimgi turkiy tilda “sav” – “soʻz” degani. Darhaqiqat, birovning eshigiga sovchilikka borgan odam quda boʻlishni istayotgan tarafning soʻzlarini olib boradi. Shuning uchun ham unga “soʻzchi” – “sovchi” deyilgan.

“ChALGʻAY”. Biz qush qanotlarini yaxlit holda qanot deb ataymiz. Lekin qanotning ham qismlari bor: yon qism, uchki qism va yelkaga yopishgan qism. Odamlarda ham shunday: barmoq, kaft, tirsak, bilak kabi qoʻl qismlari bor. Qush qanotlarining uch qismiga “chalgʻay” deb aytilgan. Hozirgi tilimizda qanot uchini ifodalovchi yaxlit soʻz yoʻq, faqat “qush qanotining uchi” deb aytishimiz mumkin. Nimagadir qanot uchini ifoda qilgan “chalgʻay” soʻzini ishlatmaymiz. Lekin bu soʻz oʻlmagan. Xalq tilida chopon yoqasining uch qismi hozir ham “chalgʻay” deb aytiladi. Umuman, bu soʻzga bizda ehtiyoj bor. Chunki, “chalgʻay” soʻzining maʼnosini ifoda etuvchi boshqa soʻz bizda yoʻq.

“DANGAL”. Biz “U dangal odam”, “Dangal gapni aytdi”, “Dangal boʻling” degan gaplarga koʻp duch kelamiz. Bu soʻz, asosan, odamning qatʼiyatini va mustahkam sifatlarini ifodalash uchun qoʻllaniladi. Qadimda “dangal” soʻzining asl maʼnosi shunday boʻlgan: arpa va bugʻdoylar oʻrilgach, ularning dasta-dasta qilib bogʻlangan bogʻi “dangal” deyilgan. Shuning uchun bu soʻz qatʼiyatli, bir soʻzli, mard, oʻzini yigʻib ololgan odamlarga nisbatan qoʻllaniladi.

“BALU-BALU”. Qadimgi turkiy tilda bu soʻz Koshgʻariyning izohiga koʻra, “onalar bolasini beshikda uxlatish uchun qoʻllaydigan alla oʻrnidagi soʻz”. Bu soʻz ruslarning allasi “bayu-bayu” bilan naqadar yaqinligi ajablanarli. Kim biladi deysiz, balki bu soʻzlarning haqiqatan ildizi birdir.

“KIYIK”. Bu soʻzni biz hozirgi tilimizda tor maʼnoda, yaʼni faqat kiyiklar maʼnosida tushunamiz. Aslida bu soʻz yovvoyi boʻlgan barcha narsalarga nisbatan ishlatilgan.

“TOʻP”. Koptok, toʻp maʼnosida. Koshgʻariy izohiga koʻra, “toʻp” soʻzi “toʻpiq” soʻzining qisqarganidir. Darhaqiqat, toʻpiq ham, toʻp ham shaklan yumaloq. “Koptok” balki “toʻp-toʻp” soʻzining oʻzgarganidir.

“ChOʻP”. Bu soʻz isteʼmolda koʻp ishlatiladi. Uning asl maʼnosi – har narsaning siqilgandan soʻng qolgan tashlandigʻi, chiqindisi. Biz bu soʻzni “choʻp-ustixon” maʼnosida qoʻllaganimizda uning ildiziga yaqinroq boramiz. Gohida esa, hoʻl novdani ham choʻp deb ataymiz. “Choʻp” soʻziga uyqash “choʻl” soʻzi ham qurigan maʼnosini beradi. Endi “choʻl” va “chol” soʻzlariga eʼtibor bersangiz bu soʻzlar ham bir-biriga juda yaqin. Shuningdek, “qarigan” soʻzi bilan “qurigan” soʻzi ham aslan bir. Shundan kelib chiqsak, “choʻp”, “choʻl”, “chol” soʻzlari har jihatdan bir-biriga uygʻun, yaʼni ular “qurigan” maʼnosini beradi.

“TOL”. “Tol” deganda biz faqat tol daraxtini tushunamiz. Bu soʻzning asl maʼnosi “hoʻl novda” degani. Koshgʻariyning aytishicha, nozik va xushqomat kanizaklarni ham tol deb ataganlar. “Yosh” soʻzining ham tildagi hozirgi tushunilishi “tol”ning holatiga oʻxshaydi. Chunki “yosh” soʻzi “koʻkat, yangi, sof” degan maʼnolarni bildirgan.

“ChANOQ”. (asl maʼnosi – idish). Qadimda otlar va mollarga suv ichishlari uchun qoʻyiladigan idish. Darhaqiqat, paxta chanogʻi – paxta turadigan idish, miya chanogʻi miya turadigan idish maʼnosida soʻzning asl ildiziga yaqin boradi.

Koʻryapsizki, soʻzlarning ham oʻz hayoti, oʻzgarishlari, kechmishlari bor. Har kuni tilimizda qayta-qayta ishlatiladigan soʻzlarga eʼtibor bilan qarasak, ularning tarixini, ichki sehrini, ranggi va tovlanishlarini his etamiz. Yuqoridagi kabi misollarni koʻplab keltirishim mumkin edi. Lekin shu bir necha soʻzlar tahlili bilan chegaralandim. Chunki soʻzga diqqat qila oladiganlar kichikroq ishora bilan ham soʻzlarning ildizlarini koʻra oladilar. Biz koʻpincha soʻzni faqat tashqi tomonidan koʻramiz. Muhimi, biz soʻzning ichki tomoniga qarashni ham oʻrganishimizda.

 

Eshqobil ShUKUR

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.