Dasturxon

0
1690
marta koʻrilgan.

Dast – qoʻl ekanini bilamiz. Lekin bu forsiy soʻzning boshqa koʻp maʼnolaridan hammamiz ham xabardor emasmiz. Oʻzimiz oʻng qoʻl, chap qoʻl, qoʻli baland, qoʻlbola, qoʻli gul, qoʻl qoʻymoq, qoʻllamoq… deganimiz kabi dast ham rangin kalima. Dasta, dastak, dastgoh, dastyor, dastxat, dastpech, zabardast – bular faqat qoʻl maʼnosiga tutash soʻzlar. Bu suxanning taraf, ahvol, xil, nav, gʻalaba kabi mazmunlari bor. Kuch-qudrat, amal-martaba ni ham ifoda qiladi. Bundan hosila boʻlib dastur atamasi vujudga kelgan.

Dastur – qoida, yoʻl-yoʻriqlar majmui. Biz bu kunda uni ana shu maʼnoda tushunamiz va ishlatamiz. Eski zamonda shoh farmonlari asosida bunday qoidalarni tayyorlovchi vazirni ham dastur deb ataganlar. Agar siz Turkiyada ishlangan “Muhtasham yuz yil” koʻp qismli filmini tomosha qilgan boʻlsangiz, shoh va shahzodalar tashrifi chogʻida jarchi – Dastur! – deb hammani ogoh qiladi… Bu nido oʻsha tartib-qoidaga chorlov. Ulugʻlar oldida oʻzni qanday tutish dasturda belgilangan va bu dasturni hamma bilgan.

Xon esa bugungi tilimizda – stol. Ota-bobolarimiz chordona qurib oʻtirganlari uchun bizning stolimiz pastroq qilib yasalgan. Uni xontaxta ham deyiladi. Nazarimda, podsho maʼnosidagi xon soʻzidan farqlash uchun shunday atashgan. Aslida bu soʻzlar arab xatida ikki xil yozilgan. Stolni anglatuvchi xon – xavon deb bitilgan va xon deb oʻqilgan. Bamisoli Xavorazm yozib, Xorazm oʻqilgandek.

Dastur bilan xon nima ekanini bilgan kishi dasturxonning maʼnosini sizga tushuntirib bera oladi. Stol tuzash tartib-qoidasi dasturxon boʻladi deb aytishi mumkin. Lekin siz bunga ishonmang. Negaki, dasturxonning dasturga hech bir aloqasi yoʻq. Aslida bu soʻz – dastorxon.

Dastor desa biz faqat sallani tushunamiz. Yoʻq. Dastor ham roʻmol singari bir boʻlak matoni anglatadi. Dast – qoʻl, roʻ – yuz, mol – mato. Uch soʻzni qoʻshsa – dastroʻmol. Kichkina roʻmol roʻmolcha deyilgani kabi kichik dastor dastorcha ham deyiladi. Bu soʻz koʻproq belbogʻ maʼnosida keladi. Oʻzbekning toʻni toʻshasa – koʻrpacha, ustiga yopsa – koʻrpa, boshiga qoʻysa – yostiq boʻlganidek, dastor ham boshga oʻrasa – salla, qoʻl yuvsa – sochiq, ibodat qilsa – joynamoz, yozsa – dasturxon, oʻlsa – kafanlik boʻlgan.

Bu ibtidoiy maʼlumot xonni ham, dastorni ham bilmaydigan yoshlar uchun. Oʻzim tengilar, shu ham gap boʻldimi, deb kulmasinlar. Yana oʻylamasinlarki, men hammaga aql oʻrgatib, bundan buyon dasturxon emas, dastorxon deb ayting, demoqchiman. Unday emas. Agar tilimizdagi barcha soʻzlarni asl tarixiy ildizlariga qaytaramiz, talaffuzini toʻgʻrilaymiz, desak birorta butun kalima qolmasa kerak. Soʻzlar, tovushlar oʻzgarishi – hayotiy jarayon. Biz dasturxon deymizmi, yo dastorxon ataymizmi, qaysar xalq oʻzi bilganini, oʻziga qulayini aytaveradi. Dastarxon soʻzidan bir harf tashlab dastaxon deydi. Toʻgʻri qiladi. Chunki dasturxon deyishdan koʻra dastarxon deyish maʼqulroq. A va O tovushlarining almashuvi tilimizda azaldan bor, qoidaga kirgan. R tovushining yumshatib aytilishi, yoki tushurib qoldirilishi esa faqat oʻzbek tiliga xos emas. Ayniqsa inglizlar bu tovushni yozsalar ham ogʻzaki nutqda sira talaffuz qilmaydilar.

Qoida, yoʻl-yoʻriq maʼnosidagi dastur soʻzi tilimizdan mustahkam joy olayotgani quvonchli hol. Bu yoʻlda sobitqadam boʻlishimiz kerak. Lekin tilimizni tozalaymiz, deb, xalqaro atamalarni yalpi surib chiqarish ham toʻgʻri kelmas. Ular ham yangi zamonda topgan boyligimiz. Inson degan soʻz yonida odam, bashar, odamzod, jon, shaxs, zot, banda kabi atamalarimiz turganidek, dastur yonida programma, muammo yonida problema, atama, istiloh qatorida termin ham boʻlsa, arava, ulov, markab bilan yondosh transport ham kunimizga yarab tursa, oʻzbekcha aytganda, teshib chiqmaydi.

Maʼnodosh soʻzlarning hech biri ortiqcha emas. Ular bir-biriga, yo sen tur, yo men turay, demaydilar. Tilimizda faol ishlatiladigan dorilfunun kalimasi bor edi. Universitet degan soʻz turganda dorilfununga nima bor, deya uni quvgʻin qildilar. Aslida universitetni dorilfunun – fanlar uyi deyish xato emas edi. Rasmiy istiloh bahsini qilmay, lekin adabiyot uchun, ayniqsa sheʼriyat uchun bu goʻzal soʻz aʼlo darajada xizmat qilib turgan edi. Dorilfununim deb sheʼrlar yozgan edik, koʻz oldimizda bu soʻz arxaizmga aylandi-qoldi.

Takror aytay, maqsad zinhor ba zinhor mavjud xalqaro atamalardan voz kechish emas. Faqat bor soʻzlarimizni yoʻqotmasak, xazinamizni sovurmay, toʻldirish yoʻlidan borsak, deyman. Arab, fors tillaridan bahramand boʻlib yutqizmadik. Ularga qarshi yalpi kurash ochib xarob boʻldik. Turk qardoshlarimiz ham bu koʻrgilikni boshdan kechirganlar, afsuslarini yashirmaydilar.

Vazifa sunʼiy ruslashtirish siyosati natijasida tildan surib chiqarilgan, unutilgan boyligimizni tiklashdir. Tiklaganda ham har tomonlama oʻylab, mantiq asosida yetti oʻlchab bir kesganimiz yaxshi.

Biz yozuv qurolimizni ruchka deymiz. Qalam deb ruscha karandashni aytamiz. Aslida ruchkani qalam desak toʻgʻri boʻladi. Chunki qalam – kesmoq soʻzidan olingan. Qamishni kesib qalam qilingan va uni siyohga tekkizib xat yozilgan. Demak, siyohli yozuv quroli – qalam. Biz qalam deydigan karandash ham asl turkiy atama. Ruscha lugʻatlarning barida bu qayd etilgan. Faqat asliyatni birov qoratosh desa, birov qorintosh deydi. Biz oʻz soʻzimizni qaytarib olsak yomon boʻlmasdi. Lekin amalda bu qiyin ish. Shuning uchun ikkala yozuv qurolini ham qalam deb aytsak xato boʻlmas. Karandash qalamni ham uchini ochish uchun kesiladi, yaʼni qalam qilinadi.

Balki xon degan soʻzimiz ham vaqt kelib stolning oʻrnini olar. Axir u qisqa va goʻzal soʻz. Qoʻqon xoni, Xeva xoni bilan adashtirib yubormasmiz. Biz tur va bor soʻzlarining olti-yetti maʼnolarini aytib, bir soʻzda koʻp maʼno boʻlsa tilning bezagi, dedik. Ikki maʼnodagi xon ham askiya mavzusi boʻlsa ajabmas. Xonimiz xonlarcha bezatilgan, desak, yoki hazilkash doʻstimizni stolga taklif qilib, xon huzuriga marhamat, deya lutf qilsak, ham chiroyli, ham oʻzbekcha boʻlardi.

Hazrat Navoiy xon soʻzini ham yasatilgan stol, ham neʼmat maʼnosida ishlatganlar. Stol tushunchasi koʻp tillarda faqat yogʻoch ashyo emas, rizq maʼnosini ham anglatadi. Xon ham shunday. Hazratga quloq tuting:

Xoni husn ul yuz, namakdon ogʻzidur, ul xon aro

Nutqi shoʻrangezdin paydo namakdonida tuz.

Yor chehrasi neʼmat toʻla xon, ogʻzi xon ustidagi namakdon, tuzdon, jonga gʻavgʻoyu ofat keltiruvchi soʻzi esa oʻsha tuzdondagi tuz. Qarangki, Navoiy zamonida ham goʻzallarning tili achchiq, soʻzi nordon boʻlarkan. Chiroyli qochirim barobarida gʻavgʻo maʼnosidagi shoʻrangez bilan tuz ajib sheʼriy sanʼatga aylangan. Yana bir oʻrinda Hazrat aytadilar:

Qoʻyki, ul yuz xonigʻa nazzora aylay toʻygʻucha

Kim, koʻzum boʻlmish bu qahti husn ayyomida och.

Maʼnosi: Ul goʻzal yuz neʼmatiga bir toʻyib olay, qoʻyib ber, chunki jamolini koʻp zamon koʻrmay, husn kamyobligidan, visol qahatchiligidan koʻzim och.

Xon soʻzini har qancha targʻib qilmay, bilamanki, u darhol tilimizga singib ketmaydi. Kishi umrida tatib koʻrmagan taomni yeyishi qandoq qiyin boʻlsa, umrida aytib koʻrmagan soʻzni aytishi ham shunday mushkul. Birini koʻngil tortmaydi, biriga til kelmaydi. Lekin ona tilimizga oʻzbekcha soʻzlarni olib kirish faqat koʻngil ishi emas, burch hamdir. Burchni ado etishda esa uyatchanlikka oʻrin yoʻq. Milliy, vataniy ish shaxdamlik, jasorat va mardlikni talab qiladi.

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

 

“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.