Barkamol soddalik

0
808
marta koʻrilgan.

Odatda shoirlar mahorat pillapoyalaridan yuksalib, avval soddalikdan murakkablikka, soʻng murakkablikdan yana soddalikka qarab boradilar. Lekin bu orqaga qaytish emas. Ikki soddalik oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Dastlabki soddalik joʻnlik darajasida boʻlsa, keyingisi barkamollik sanaladi. Sheʼrim soddalikda shuhrat qozongan, deb yozganda Gʻafur Gʻulom badiiy mahoratning yuksak bosqichini koʻzda tutgan.

Oʻylasam, tillar taraqqiyoti ham shunday bosqichlardan oʻtar ekan. Dunyoda lugʻat boyligi mingta soʻzga yetib yetmaydigan ibtidoiy qabilalar ham, soʻz xazinasi milliondan oshadigan mutaraqqiy millatlar ham bor. Qabila uchun mingta soʻz yetib ortadi, lekin madaniyati yuksak xalqlarga million ham kamlik qilib, boshqa tillardan soʻz oladilar.

Tillarni qiyosiy oʻrganuvchi olimlar soʻz qurilishining soddaligini, qoidalarning aniq va izchilligini, istisnolarning kamligini muayyan tilning barkamolligi deb qaraydilar. Bu ayni haqiqat. Til taraqqiy etgani sari chigalliklardan qutulib borar ekan. Shu oʻlchov bilan torozuga qoʻysak, oʻzbek tili dunyoning eng rivojlangan tillari qatorida turadi.

Barkamollik soʻz yasashning soddaligi, qulayligidan boshlanadi. Biz ikki soʻzni yonma-yon qoʻyib, ortiqcha qoʻshimchalarsiz yangi soʻz yasaymiz. Sopol tovoq, temir yoʻl, kumush qoshiq, yogʻoch oyoq, taxta koʻprik, tilla uzuk, deymiz-qoʻyamiz. Boshqa tillardagi kabi ikki soʻz oʻrtasiga vositachi tirkama qoʻyib oʻtirmaymiz. Inglizlarda ham soʻz yasash juda oddiy. Oyoqning yoniga toʻpni qoʻyib, futbol soʻzini qurganlar. Oʻzbekchada oyoq toʻp desa boʻladi. Lekin rus tilida noga bilan myach oʻzicha birikolmaydi. Ularni qoʻshish uchun dastlab noga soʻzini sifatga, yaʼni nojnoyga aylantirish kerak. Endi myach soʻzining muzakkar yo muannasligini, mujskoy yo jenskiy rodda ekanini aniqlash lozim. Oxirida yumshatish belgisi bor soʻzlarning yarmi muzakkar, yarmi muannas. Buni aniqlashning qoidasi yoʻq. Myach nojnoy boʻladimi yo nojnaya? Nega noga soʻzi sifat shakliga kirib noj boʻldi va pichoqqa aylandi? Bilmagan odam bilmaydi. Bunday murakkabliklar tilning bezagi emas.

Biz oʻz tilimizdagi soddalik va aniqlik qadriga yetishimiz kerak. Boshqa tillarga taqlid qilib soʻz yasash qoidasini ilmiy tahrirdan oʻtkazishga hojat yoʻq. Non doʻkoni, qoʻl soati, qor odami, koʻz yoshi – yasama soʻzlar. Oddiy xalq – qoʻl soat, non doʻkon, qor odam, koʻz yosh deydi va oʻzbek tili qoidasiga rioya qiladi. Qoida yaratuvchilardan koʻra toʻgʻriroq aytadi. Axir bilak uzugi, yer yongʻogʻi demaymiz-ku. Hamma birday bilaguzuk, yeryongʻoq deydi.

Oʻzbek tilida otlar va feʼllar jinsi farqlanmaydi. Soʻzlarning muzakkar-muannasi, erkakcha-ayolchasi yoʻq. Hammasi bir xil. Bu ham soʻzlashni osonlashtiradi. Men oʻzim shuncha yil rus tilida muomala qilib, hali hamon rodlarni adashtiraman. Nega den – mujskoy, noch – jenskiy rodda? Nega oktyabr – tyopliʼy, osen – tyoplaya? Ne sabab dich – boshqa, sobol – boshqa jinsda? Men uchun tushunarsiz. Oʻz tilimdan qoʻymasin, deyman.

Biz biror kalimaga oddiygina chi qoʻshsak kasb-hunar egasining nomi chiqadi. Ishchi, yozuvchi, oʻrmonchi, boʻyoqchi, asalchi kabi. Bunday sodda soʻz yasash ham barcha tillarga xos emas. Ruslar biz sanagan atamalarni rabochiy, pisatel, lesnik, malyar, pchelovod deydilar. Hunar egasi yasashning shakli koʻpu aniq qoidasi yoʻq. Har soʻzning birligi va koʻpligini yodlab olish kerak boʻladi.

Biz biror ishga yo voqeaga sabab boʻlgan odamni sababchi deymiz. Rus tilida prichina bor, lekin bu soʻzdan sababchi yasab boʻlmaydi. Shu bois toʻy-tantana sababchisini yarim hazil bilan vinovnik torjestva deydilar. Boshqa soʻz boʻlmasa nima qilsinlar?

Joʻnalish kelishi yasash ham oʻzimizda oson. Hamma soʻzga tirkasa boʻladigan ga qoʻshimchamiz bor. Ruslar Kiyevga borsalar v Kiyev, Ukrainaga borsalar na Ukrainu, ishga ketsalar – na rabotu, ishxonaga – v kabinet, uyga esa – domoy, deydilar. Kavkazga boshqa, Bokuga boshqa, dalaga, ovga bir xil, gulzorga, daryoga boshqa xil, davolanishga alohida, shifoxonaga alohida soʻqmoq orqali boradilar. Bu soʻqmoqlarda adashish hech gap emas.

Kiymoq va kiydirmoq koʻpgina tillarda bir xil aytiladi. Ruslar ham har ikki holatda odevat soʻzini ishlatadilar. Bizlar oʻzimiz kiyamiz, boshqaga kiydiramiz, ikkinchi odamga aytib uchinchi odamga kiydirtiramiz, hatto uch kishini oʻrtada vosita qilib toʻrtinchi odamga kiydirtirgʻizamiz. Qani bu ishni boshqa istalgan tilda bir soʻz bilan aytib koʻring-chi! Ovora boʻlasiz!..

Bu soʻzlarni siz oʻzbek tiliga teng keladigan til yoʻq ekan, deb tushunmang. Muhokamatul lugʻatayn ham bunday maqsadda yozilmagan. Bahsimiz ona tilimizning keng imkoniyatlari toʻgʻrisida, hech bir tildan kam emasligi ustida bormoqda. Ochigʻini aytish kerak, lugʻat boyligida bizdan ustun, sarfu nahvi biznikidan mukammal tillar bor. Abdulla Qodiriy mehrobdan chayon iborasini ruscha shakldan olgan. Oʻzbekchada mehrobdan chiqqan chayon boʻlishi kerak edi. Biz hech vaqt qishloqdan odam, yoki tandirdan patir demaymiz. Qishloqdan kelgan odam, tandirdan uzilgan patir deymiz. Lekin soʻzning eng yaxshisi eng qisqasi boʻladi. Rus tilidagi shakl qisqaroq va soddaroq boʻlgani uchun Qodiriy boboga maʼqul kelibdi. Ulugʻlar qoʻygan qadam albatta oʻzining izdoshlarini topar ekan. Mehrobdan chayonga taqlidan yon daftardan koʻchirma, qishloqdan xushxabar, yaxshidan ibrat kabi sarlavhalar qoʻyamiz. Moziydan sado nomli jurnalimiz bor. Pushkinning mashhur sheʼrini Qurʼondan iqtibos deb tarjima qilganmiz.

Oʻzbek tilining yana bir fazilati – maʼnodosh soʻzlarga boyligi. Boshqa bir muqobili yoʻq kalimani topish qiyin. Bu sifat ilmda taftalogiya deb ataluvchi meʼdaga tegadigan qaytariqlarning oldini oladi. Hozirgina soʻz degan soʻzni takror aytmaslik uchun kalima dedik. Suxan desak ham boʻladi. Boshqalar, masalan, til mavzusida risola yozsalar, til degan soʻzni jonga tekkuncha qaytaradilar. Chunki ularda bu tushunchani bildiruvchi boshqa istiloh boʻlmaydi. Biz til ham, lison ham, zabon ham deyishimiz mumkin.

Tilimizda shakldosh soʻzlar ham bisyor. Tur soʻzida yuz tur maʼno va maʼno ranglari bor. Oʻrningdan tur, joyingda tur, soʻzingda tur, hali shoshmay tur; mahsulot turi, turlicha holat, turlanadigan odam; musobaqaning birinchi, ikkinchi turi; Tur togʻi; sarfu nahv istilohi – turlanish va tuslanish… Yoki bor soʻzining ranginligiga qarang! Maktabga bor, vaqting bor, necha bor aytdim… Mumtoz adabiyotda bor soʻzining yuk maʼnosi ham bor. Bori dil deb dil yuki, qalb iztiroblari aytiladi. Saroy maʼmurlari bor ahli deyiladi. Bormevani ham, ijozatni ham, yogʻdiruvchini ham anglatadi. Zulfi anbarbor, deganda xushboʻy anbar taratuvchi sochni tushunamiz.

Bir soʻzda koʻp maʼno boʻlsa tilning shirasi ortadi. Chiroyli soʻz oʻyinlari qilish, askiya aytishga imkon beradi. Bunday nozik maʼno tovlanishlari zukko odamlarga zavq bagʻishlaydi, sheʼriyatda iyhom sanʼati, tuyuq sanʼatini hosil qiladi. Mirzo Bobur: Nechaki borib eshigiga bor topmadim, deganda bor soʻzining toʻrt maʼnosini koʻzda tutgan. Eshigiga borib deganda borbormoq feʼlining oʻzagi, bor topmadim, degandagi bor borlik, mavjudlik ifodasi. Bor topmadim iborasining yana bir yashirin maʼnosi – ijozat topmadim, ruxsat olabilmadim. Baytda oshkor aytilmagan, faqat koʻzda tutilgan yana bir maʼno – nechaki borib iborasining nechaki bor qismida yashirilgan. Bu oʻrinda nechaki bor – necha marta mazmunida keladi. Oshiq maʼshuqa eshigiga necha bor bordi. Yor har gal uyda yoʻq boʻladi, bor topib boʻlmaydi. Koʻrmoqqa ijozat, yaʼni bor olish ham imkonsiz. Chunki yorning oʻzi bor emas. Bunday sanʼat imkoni oʻzbek tilidek boy va rangin tildagina bor.

Oʻzbek tilining yana bir qulayligi – koʻplik yasashning osonligi. Rus tilida ded – dediʼ, otets – otsiʼ, mat – materi, brat – bratya, sestra – syostriʼ, rebyonok – deti shaklida koʻpaytiriladi. Mana sizga birgina yaqin qarindoshlar ichidagi koʻplik shakllari. Bu xil usullar koʻp, lekin umumiy qoida yoʻq. Har bir holatni yod olish kerak. Arab tilida ham shu murakkablik bor. Fanlar – funun, olimlar – ulamo, nabiylar – anbiyo, xayol – xayolot koʻrinishida jamʼ boʻladi. Ularning barini yod olish arab tilini oʻrganuvchilarga oson emas. Oʻzbeklardagi bitta lar shohu gadoga barobar.

Tilimizdagi yana bir yengillik shuki, sanogʻi aytilgan narsalarga koʻplik belgisi lar qoʻshilmaydi. Bu mantiqan toʻgʻri, chunki sanoqning oʻzi koʻplikni ifoda qiladi. Rus, ingliz tillarida sanogʻi maʼlum narsalarga ham koʻplik belgisi qoʻyiladi. Bu ikki til taʼsirida bizlarda ham oʻnta kitoblar, oʻn ikkita kursilar deguvchi chala mullalar paydo boʻldi. Bu hol oʻz ona tilining fazilatini bilmaslik, mensimaslikdir.

Dunyo tilshunoslari eʼtirof etgan, soddalikda buyuk, boylikda ummon tilimiz bor. Uning ijodkori donishmand xalqimiz, elning ming yillar davomida yetishtirgan ulugʻ olimlari, shoirlari, zakiy farzandlari. Bu ulkan boylik bizniki, qonuniy meros egasi biz boʻlamiz. Biz millionerlarmiz. Bu xazinani asrab koʻpaytirmoq ham, sovurmoq ham mumkin. Ochigʻini aytganda, soʻnggi yuz yil ichida til boyligimiz sovurildi.

Bir zamon safarda, turli millat adiblari jam boʻlgan davrada, do svidaniya soʻzining oʻzbekchasi nima boʻladi, degan savolga chao deya javob qaytarib doʻstlarimni kuldirgan edim. Oʻsha vaqtda, darhaqiqat, chao butun dunyoda udum boʻlgan, ingliz ham, xitoy ham, oʻzbegu qozoq ham chao deb xayrlashar edi. U javobim hazil edi xolos. Endi qardoshlar davrasida bu xil savoldan choʻchiyman. Koʻpgina rivojlangan tillarga tarjima boʻlgan xalqaro atamalar oʻzbekchada yoʻq. Juda uzoq vaqt hokim boʻlgan, hozirda ham oʻrnini boʻshatmagan koʻzqarash, yaʼni bunday istilohlarni tarjima qilib oʻtirish kerak emas, degan gʻoya tilimizning boy imkoniyatlarini yoʻqqa chiqarish demakdir. Nega arabchaga, nemischaga, ruschaga tarjima qilingan atama oʻzbekchada boʻlmasligi kerak? Ruslar oksigen, xidrogen, aeroplan kabi soʻzlarni allaqachon kislorod, vodorod, samolyot qilib olganlar. Biz dangasalar esa ruschadan koʻchirganmiz-qoʻyganmiz.

Istiqlol bilan birga oʻzlikni tiklash zamoni keldi. Til – oʻzlikning bosh belgisi. Oʻz qadrini bilmagan oʻzganing qadrini bilmas, degan hikmat bor. Biz oʻz ona tilimiz qadriga yetsak, arab tilining boyligi va mukammal qurilishini qadrlaymiz, fors tilining nafosati va goʻzalligidan bahra olamiz, ingliz, rus tillarining qudratini his qilamiz. Ularni chuqur oʻrgansak, raqobat toʻla bu olamda bamaylixotir qadam tashlaymiz.

 

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

 

“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.