Sayfiddin Rafiddinov (1958)

0
340
marta koʻrilgan.

1958 yili Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga qarashli Temirchi  qishlogʻida tavallud topgan. 1987 yilda  Samarqand davlat universitetining Oʻzbek va tojik filologiyasi fakultetini, 2001 yilda Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom mahadini tamomlagan. Mumtoz adabiyotni yaxshi biladigan, qoʻlyozma manbalarni puxta oʻqiy oladigan, arab xat turlari, fors va arab tillarini biladigan adabiyotshunos, manbashunos va islomshunos olimdir.

U 1987 yildan buyon Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot institutida ishlab kelmoqda. Institut aspiranturasi va doktoranturasida oʻqigan. 1994 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Atoyining poetik mahorati” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qildi hamda XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur shoir Mavlono Atoyining Sankt-Peterburgda saqlanayotgan yagona qoʻlyozma nusxasini kirill alifbosiga tabdil qilib, asl manbasi, soʻzboshi va izohlari bilan nashr etdi. Alisher Navoiyning 20 jildlik “Mukammal asarlar toʻplami”ning 17, 18, 19 va 20-jildlarini nashrga tayyorlashda tarjimon va masʼul muharrir sifatida faol ishtirok etdi.

Ilmiy faoliyati davomida Sayfiddin Rafiddinov oʻzining 4 kitobini eʼlon qildi. Mumtoz adabiyot, xalq ogʻ­zaki ijodi, islom dini, tasavvuf, xususan naqshbandiylik tariqati va boshqa sohalarga oid 16 kitobni arab, fors va turk tillaridan tarjima qilib, shuningdek, mazkur sohalarga oid yigirmadan ortiq kitobni soʻzboshi, izoh va lugʻatlari bilan nashrga tayyorlab chop ettirdi.

Uning kitob va maqolalari xorijda ham nashr boʻlgan. Olim Jazoir, Eron va Turkiyadagi koʻplab xalqaro ilmiy anjumanlarda maʼruza bilan ishtirok etgan. 1998 yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi. Oilali, 2 nafar farzandi bor.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.