Zumrad diyor

0
155
marta koʻrilgan.

“Qadimiy va tabarruk Shahrisabz zamini gʻoyat qutlugʻ maskandir. Jahon madaniyati betimsol namoyandalarining zuvalasi mana shu tuproqdan olingan. Xisrav Dehlaviy, Mirzo Bedil, Mirzo Gʻolib kabi allomalarning ota-bobolari xuddi shu joyda kamol topganlar. Lekin bu el-yurtni butun jahonga mashhur etgan, shubhasiz Sohibqiron Amir Temur bobomizdir”.

Islom KARIMOV

 

Gullab yashnagan bu dilkash va goʻzal Shahrisabzga, har goʻshasida oqqan zilol suviga, ganju xazina tuprogʻiga, bir munosib farzand sifatida Sohibqiron Amir Temurning beqiyos mehru eʼtibori tushgani kabi Yurtboshimiz Islom Karimov ham bu yurtni alohida suyib-ardoqlaydilar. Shu maʼnoda 2014 yil 20 fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obʼyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Hisor – qoʻrgʻonli togʻ, hammayogʻi toshdan, rovogʻu peshtoq, kungirali minorsimon choʻqqilar bisyor, archalari samolarga sanchilgan tigʻdor, hamisha qorli, Mangu muzliklari abadiy yotar. Gʻilon chashmasinda yuzini chayar, pari-paykarlar, anhor, shodligidan sharshara boʻlar. Keshning qadim koʻchasida hurkak ohuday, bir dilbar qiz namoyon boʻlar. Keshni mashhur qilgan goʻzallar, bu haqda koʻp bitilgan baytu gʻazallar. Olis bolalikda qishloq toʻyida, yigitlar saf tortib, oʻzidan ortib, tunda gulxan yoqib, aytardi qoʻshiq. Joʻr boʻlardi faqat kaftu barmoq, nomi “Beshqarsak”:

 

Shahri Keshning qoʻrgʻoni

Mindim jiyron yoʻrgʻani.

Qushday uchib boramiz,

Omongulni koʻrgani.

 

Patila sochiga tol bargak taqqan, dirillab sakragan qoʻzi-uloqday, toshni yorib chiqqan buloqday, uch-toʻrt qizaloq, koʻnglini hushlab, bir-birin qoʻlini ushlab, aylanib, shaylanib, aytishar qoʻshiq:

 

Hajiya, hajiya namatdak,

Past qoʻrgʻoning balanddak.

Oqsaroyni oq toshi,

Yangamning qalam qoshi.

Oh, qaniydi ulgʻaysam,

Oqsaroyni bir koʻrsam.

 

Oyu kun oʻtib, bir kuni oʻsmir chogʻimda orzum ushaldi. Uch-toʻrt joʻram bilan poyu piyoda Oqsaroyni koʻrgani bordim. Oʻh-hoʻ, mahobatli qoʻrgʻon, boʻylashgani osmon va lekin tomini oldirib qoʻygan, qoʻsh devor. Kimdir soʻylab berdi goʻyo afsona. Qirq metrlik bino tomida zilol suv purkab, ishlab turgan zumrad favvora.

Yomondan ham iz qolar ekan. Intiq koʻnglimizga sanchildi tikan. Hech kimga koʻrsatmay toʻrt qator sheʼr yozdim oʻzimcha:

 

Bir-biriga yetolmagan

Ikki oshiq-maʼshuqday

Qoʻllarini choʻzib qolgan

Oqsaroy devorlari.

 

Oqsaroy, yashil devorda oyat-hadislar, Jahongir bobomizning dil soʻzlarini oʻzida jamlagan, butun olamni lolu hayron qoldirib hamon gul-gul yashnab turibdi. Oʻsha mashhur qaror tufayli oʻtgan yilning fevralida ulkan bunyodkorlik, qayta qurish ishlari boshlanib ketdi.

Eh-he, bundayin misli koʻrilmagan shiddat, bunyodkorlik, kerak boʻlsa dunyoning biror burjida hech kim koʻrib kuzatmagan. Aslini olganda bizning mamlakatda davlat va xalqning birdamligi oqibatida erishilgan yutuqlar, jahonga koʻz-koʻzlasa arziydigan Oʻzbekiston moʻjizalari sanaganing sari barakasi ortib boradi. Birgina Qashqadaryoning oʻzida bunyod etilgan “Shoʻrtangaz kimyo zavodi”, Hisor qoʻynidagi Novvot togʻ koni, Kaliy zavodi, osmonoʻpar togʻdan qichqirib oʻtayotgan, markazdan shamolday yelib kelayotgan poyezdlar, togʻlarni teshib oʻtayotgan yoʻllar haqida har qancha yozsa ham oz. Oʻsha tongda Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norov qabulida boʻlib, muddaoni aytgach, u kishi bizga tuman mahalla xayriya fondining raisi Bahodir Mamatovni hamroh qilib joʻnatdi. Bahodirjon bilan toʻppa-toʻgʻri shahar markazidagi Qurilish markaziga yoʻl oldik. U joyda qurilish boʻyicha mutaxassis Farhod Halimov bilan uchrashib kerakli maʼlumotlarni oldik.

Bundan bor yoʻgʻi ikki-uch yil burun shahar markazi, tarixiy obidalariga olib boradigan yoʻllar tor va qisqa, shaharliklarning turar joy binolari, hovlilari ham hamin qadar edi. Sobiq ittifoq davrida qadimiy binolar nochorligidan zoʻr-bazoʻr turardi. Shahar ichidagi tarixiy obidalar ohori oʻchgan, koʻpchiligi taʼmirtalab boʻlib qolgan edi.

Bugun-chi, qisqa vaqt ichida avvalo shahar markazini oʻrab turuvchi qadimiy qalʼa atrofida “Kichik xalqa yoʻli” yotqizildi. Qalʼa devorlari ramziy tarzda 1,5 km. gacha tiklandi. Oqsaroy binosidan Koʻkgumbaz machiti oxirigacha 82 gektar bogʻ barpo etildi. Shahardagi obodonchilik ishlarini “Kichik xalqa” yoʻli bilan qoʻshib hisoblasak, bogʻning umumiy maydoni 117 gektarni tashkil qiladi. Maydonning kun chiqish tarafidan kun botish tarafigacha hademay elektromobillar qatnay boshlaydi. Qanchadan qancha oilalar yangi uy-joylarga kirib olganidan boshi osmonda. Shaharning “Ipak yoʻli” koʻchasida kengaytirish evaziga buzilgan imoratlar oʻrniga ellikdan ziyod uch qavatli turar joy binolari qurib bitkazildi. Qalʼa ichidagi ikki-uch qavatli binolarning birinchi qavati shahar mehmonlari va sayyohlar uchun xizmat qiladigan hunarmandlik doʻkonlariga aylanadi. Imkon darajasida bu uylarga hunarmand ustalar, zardoʻz, kashtachilarni joylashtirish moʻljallanmoqda.

Qalʼa ichida bunyod etilgan tarixiy obidalar barchasi jiddiy taʼmirdan chiqarilgan. Markazdagi Chorsu dehqon bozori butunlay yangidan qurildi.

Abdushukur Ogʻaliq madrasasi taʼmirlanib Islom Madaniyati Markaziga, Chubin madrasasi tarix muzeyiga, Koba madrasasi milliy musiqa asboblari muzeyiga aylantirildi.

XV asrda bunyod etilgan hammom qaytadan barpo etildi. Kulollik choyxonasi chiroy ochdi. Dorut-tilovat, Dorus-saodat majmualariga kiruvchi Shayx Shamsiddin Kulol, Gumbazi Sayyidon Jahongir maqbarasi, Koʻkgumbaz, Hazrati Imom machitlari asl holiga keltirilib taʼmirlandi. “Hovuzi mardon”, “Sardoba” binolari qayta tiklandi. Shaharning oʻzida mavjud mehmonxonalardan tashqari toʻrtta xususiy mehmonxona, ikkita sanʼat va musiqa maktablari qurilmoqda. Sanʼat saroyi, Tarix muzeyi qad rostlamoqda.

Eng asosiy eʼtibor, shaharning oʻz nomiga munosib sabza – yashil shahar ekanligiga qaratildi. Qishin-yozin yam-yashil turishi uchun tashkil etilgan yangi boqqa Belgiyadan 32 ming tupdan ziyod daraxt koʻchatlari, ajoyib gullaydigan butasimon gullar tuvagi bilan olib kelinib, ekib koʻkartirildi. Ular orasida kashtan, dub, lipa, qayragʻoch, yapon behisi, lola daraxtlari, yer bagʻirlab oʻsadigan butasimon oʻsimliklar, togʻ archasi, magnoliya, jasmin, vegella, zirk, nastarin kabi noyob butasimon oʻsimliklar ham bor. Oʻtgan yil ularning koʻpchiligi gulga kirdi.

Tasbeh donasiday oʻtadi yillar, kunba-kun oboddir oshiq koʻngillar, Oqsaroy poyida gullar argʻuvon, uni hidlab tuysang begumon. Atir purkab yotar hammayoq, boshdan-oyoq chorbogʻ. Oshiq bulbullarga toʻlganin koʻring. Gilam doʻppi talash boʻlganin koʻring. Mehmon kelib ketsa yetti iqlimdan, harchandki, sanasa oʻzni bilimdon, hayratdan yoqasin ushlab, barcha armonlarni orqaga tashlab, soʻngra ziyorat qilsa Sohibqironni, koʻngli toʻlib qaytar har sayyoh. Biz esa toledan minnatdor avlod, Vatan madhiyasin har dam qilib yod. Temur bunyod etgan Turon saltanat, yana balqib tursa qanday baxt. Toshga yozgan kabi yam-yashil yozuv, Oqsaroy toqida yashnab turibdi: “Shubhang boʻlsa, kuch-qudratimizga, Biz qurdirgan imoratga boq”. Dunyo kelib koʻrsin, lol qolib tursin.

Dunyo turguncha tursin Vatanim – tomirimdan ulangan jonim.

 

Gʻozi RAHMON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.