Yurak mulkidagi kashfiyotlar

0
222
marta koʻrilgan.

Erkin Vohidovning saylanma asarlari uchinchi bor nashr etilmoqda. Uning bir jildlik (“Muhabbat”, 1976) va ikki jildlik saylanma asarlari (“Muhabbatnoma”, “Sadoqatnoma”, 1986) oʻz vaqtida adabiyot olamida katta voqea boʻlgan edi. Oradan ancha vaqt oʻtdi. Birinchi saylanmaga – yigirma besh yil, ikkinchisiga – oʻn besh yil boʻldi. Ular noyob nashrlarga aylandi. Hozir ularni tuya minib ham qidirib topish mushkul. Keyingi saylanmadan buyon oʻtgan oʻn besh yilda dunyo miqyosida odamning eng oʻtkir fantaziyasiga ham sigmaydigan oʻzgarishlar roʻy berdi. Dunyoning siyosiy tazodli qutblarga boʻlinishi barham yedi. Temir devorlar quladi. Sovuq urushlarning shum nafasi oʻchdi. Olam uzra yangi milliy mustaqil davlatlarning ozodlik va demokratiya quyoshi balqidi. Jahon har itasida OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI degan mustaqil, egamen davlat qad koʻtardi. Xalqlarning oʻz oʻzlari va bir birlarini yangidan tanishi boshlandi.

Mana shu jahondagi oʻzgarish va yangilanishlarning barchasi ulkan shoirning asarlarini ham oʻz shafqatsiz sinovidan oʻtkazdi. Shoirning yurak qoni bilan bitilgan asarlari bu sinovlarning hammasiga bardosh berdi. Ular kelajak asrga RAVSHAN SOʻZ, YURAK KASHFIYOTLARI singari kirib bormoqda. Inson yuragi borliq olamning tirik mujassami. Erkin Vohidov sertugʻyon, sermashaqqat, dardli dunyoning armonlari, shodliklariga qorishib yotgan voqeligini, oʻzi aytmoqchi, yurak aortasidan oʻtkazdi. Shoirning eng keyingi kitoblariga 1992 yil sanasi qoʻyilgan. Ularning biri “Iztirob”, ikkinchisi – “Yaxshidir achchiq haqiqat” deb nomlangani tasodifmikin? Iztirobsiz yurak bormikin?

Achchiq haqiqatlarni kashf etuvchi yurak hech bir vaqt iztirobsiz boʻlarmikin? Agar iztirob boʻlmasa, shoirning haqiqatlari xalqning haqiqatlariga aylanarmikin? Erkin Vohidovning har bir sheʼrida bu savollarga javob bor. Ular hamma hollarda haqiqat izlayotgan orif siymoning zamondoshlari osha kelajakka nidosi kabi eshitiladi…

Mana, Erkin Vohidov oʻzining uchinchi saylanma asarlarini boshdan oxir qayta koʻzdan kechirib, nashrga tayyorlab koʻpdan tanish va notanish oʻquvchilarga havola etmoqda. Bu uning asr va xalq oldidagi hisoboti ham. Sheʼrning egasi shoir. Lekin uni zamon saralaydi. Zamon esa xaloskor SOʻZni tanlaydi. Oʻziga xaloskor boʻlguvchi soʻzni saralab oladi. “Nido”ning maʼsum faryodlariga quloq tutsak, soʻz xaloskor kabi kelganligini koʻramiz. “Ruhlar isyoni”ning olov tilli satrlariga bagʻrimizni ochsak, soʻz xaloskor kabi kelganligini koʻramiz. “Donishqishloq latifalari”ning moʻjiziy quvnoq ohanglariga quloq tutsak, dunyoning yangi afandisi tuyeilganligi, va uning soʻzlari xaloskor soʻzlar kabi yangrayotganligini koʻramiz. Qasidalar, gʻazallar, nozik rubobiy sheʼrlar, oʻtkir siyosiy murojaatnomalarga quloq tutsak, soʻz xaloskor singari tinimsiz harakatda ekanligini koʻramiz. Erkin Vohidov xuddi oʻtgan asrda oʻtgan nemis shoiri Geyne kabi oʻta nozik rubobiy kechinmalardan tortib davrning behad ziddiyatli siyosiy mavzularigacha barobar mahorat va hassoslik bilan koʻtara oladi. Uning asarlarida dard, kinoya, hajv yoʻsini bilan aytilgan achchiq haqiqatlar, zamonamizning koʻz oʻngimizda oʻyilib yotgan ogʻir jarohatlariga qoʻyilgan shifobaxsh malhamlardek anglanadi.

Zamon daryosi qaydan oqib kelayotganligi va qayga oqib ketayotganligini bilish goyatda mushkul. Lekin biz Erkin Vohidov sheʼrlarida aks etgan zamon daryosiga shoʻngʻiymiz va undan… tozarib… yasharib… masarratga toʻlib chiqamiz.

Sheʼrning zamonga taʼsiri bormi? Buni kim oʻlchab koʻrgan? Kim buning hisobiga yetgan? Sheʼrning zamon va odamlarga taʼsiri nimalarda zuhurlanadi? “Oʻzbegim”ning milliy uygonishlarimizga koʻrsatgan barakali taʼsirlarini oʻlchaydigan sehrli asboblar, moʻjiziy kompyuterlar ixtiro qilinganmi? “Oʻzbegim” balki xalq ichida oʻsha totalitar zulm sharoitida millionlab targibotchilar qilishi kerak boʻlgan eng zarur ishni yolgʻiz oʻzi ado etgandir? Qani buni bexato oʻlchaydigan texnika!

Erkin Vohidov zamondoshimiz. U oʻzi bilan birga sheʼr xazinalarini olib yuradi. Uning bilan birga Navoiy yurgandek, Fuzuliy yurgandek, Gyote yurgandek, Geyne yurgandek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Choʻlpon yurgandek… Ularning sheʼrlarini oʻz sheʼrlaridek oʻqiydi. Ularni soʻzlatadi, tilga kiritadi – yetgan yeriga sheʼr xazinalarini yetkazadi, borgan yeriga sheʼr xazinalarini yetaklab boradi. Sheʼriyatning maʼrifati va madaniyati shu boʻlsa kerak-da!

Erkin Vohidov asarlari zamirida yotgan tiniq samimiyat, insoniylik, mehr-oqibatni eng yuksak darajada tushunish va shunday talqin etish, sheʼrdagina emas, hayotda ham, hayotning har qanday holatlarida oʻz olijanob prinsiplariga rioya etish, oyeishmay amal etish, Vatanga xuddi otaga suyanganday suyanish, xalqqa xuddi onaga talpinganday talpinish, yurt, el kamoli, ravnaqini oʻylash, orzu qilish va bundan oʻta manfaatdor ijodkor kabi doim zavqlarga toʻlib yurish, komillikka sajda qilish, komillikni koʻrgan, unga duch kelganda darhol buning ilhomiga joʻr, joʻra boʻlish – Erkin Vohidovning inson sifatida, shaxs sifatida, katta sanʼatkor shoir sifatida oʻz davri, oʻz avlodining juda yorqin vakili ekanligini koʻrsatib turadi.

Erkin Vohidov xalqning bayeri kengligi va saxovatpeshaligini bolalikdan juda chuqur tuydi. Shoir ilhomining tub manbalari xalqining shunday oʻktam fazilatlaridadir.

Bundan ellik yil muqaddam yangragan Erkin Vohidovning ilk jarangdor sheʼrlari bilan oʻzbek sheʼriyatida yangi bir samimiyat davri boshlandi. Va oʻsha-oʻsmirlik chogʻlaridan to hozirgacha shoir sheʼrdan sheʼrga, dostondan dostonga, dovondan dovonga, davrdan davrga oʻsib, oʻzgarib, har yangi davrda oʻzgacha kamolot pillapoyalarini zabt etib bordi. Faqat uning oʻzi bilan birga tugʻilgan samimiyati oʻzgarmadi, hamisha el yuragiga quloq tutish, elga tilmoch boʻlish ehtiyoji oʻzgarmadi. U yangi zamonlarning maʼrifatini xalq qalbiga olib kirdi. Soʻzining tub magʻzida milliy gʻurur tuygʻularini sezgir pardalarda ifodaladi. Oʻzbekistonda Erkin Vohidovning ohangdor, maʼnodor satrlaridan bahra va bar olmagan biror kimsa topilarmikin? Uning muhabbati, sadoqati, samimiyatida azal moʻjizasi bedor emasmikan?

 

Ibrohim GʻAFUROV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.